Ona tabiatda nega shunday holatlar yuz berayotgani, bunda qaysidir maʼnoda bizning ham aybimiz borligini oʻylab koʻrmaymiz.
Bundan bir necha yil avval yurtimizga xitoylik bir guruh hamkasblar tashrif buyurdi. Ular bilan dildan suhbat qurdik. Birinchi soʻraganimiz, “Toshkent sizda qanday taassurot uygʻotdi,” degan savol boʻldi.
— Samolyot aeroportga qoʻnib, eshigi ochilishi bilan birinchi qilgan ishim shaharning musaffo havosidan toʻyib nafas olish boʻldi, — dedi suhbatdoshim. — Tanim yayradi, maza qildim. Toshkent kutganimdan ham afzal, yam-yashil shahar ekan...
Ha, yurtimiz ob-havosi yaqin-yaqingacha ham shunday, atrof-muhitni obodonlashtirish ishi shaharsozlikning asosiy faoliyati edi. Xorijlikni lol qoldirgan hozirgi “musaffolik” bilan bundan keyin faxrlana olmasak kerak. Dunyoda kechayotgan ekohalokatlar yurtimizni ham chetlab oʻtayotgan yoʻq. Iqlim oʻzgarishlari oqibatida goh Sharqdan, goh Gʻarbdan kirib kelayotgan issiq havo oqimi, chang-toʻzonlar qatlamining “semirib” borayotganiga oʻzimiz ham yaxshigina “hissa” qoʻshyapmiz. Sanoat korxonalari, avtotransport vositalaridan chiqayotgan texnik gazning ortib borayotgani nafaqat atrof-muhitga, balki, inson salomatligiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazyapti.
Soha mutaxassislarining hisobotlari bilan tanishsangiz yuragingiz orqaga tortib ketadi. Dunyo boʻylab har yili 7 milliondan ziyod kishi havoning ifloslanishi oqibatida vafot etar ekan. Ularning koʻpchiligi saraton, nafas olish yoʻllari yoki yurak kasalliklariga chalingan. Bolalarda koʻp hollarda nafas qisish (astma), surunkali oʻpka kasalliklari, oʻsishning sekinlashishi, semirish va aqliy zaiflik paydo boʻlishi ehtimoli koʻproq. Bu maʼlumotlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti manbaalaridan olingan.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, havo sifatiga transport vositalaridan tashqari koʻplab boshqa omillar ham taʼsir qiladi. Masalan, turar-joy va boshqa binolarni isitishda yoki dalalarga ekin ekishda qoʻllaniladigan turli kimyoviy moddalar ham havoni maʼlum darajada ifloslantiradi.
“Bu shuni koʻrsatadiki, atrof-muhit zararlanishining oldini olish uchun, transport sohasidan tashqari, boshqa tarmoqlararo kompleks chora-tadbirlarni koʻrish juda muhimdir”, — deyiladi Yevropaning BMT iqtisodiy komissiyasi bayonotida.
Inson ovqatsiz, suvsiz bir necha kun yashashi mumkindir, ammo havosiz 5 minut ham yashay olmaydi. Maʼlumotlarga koʻra bir kishi kuniga 1 kilogram ovqat, 2 litr suv istyemol qiladi, 25 kilogram havoni esa nafas olish uchun sarflaydi. Biz har kuni isteʼmol qilayotgan havoning atigi ikki foizigina kislorod ekanini hamma ham bilmasa kerak?!
Kislorod yetishmasligi tirik organizmning hamma aʼzolarining meʼyorda ishlashiga shikast yetkazadi. Siz bilan bizning hayotligimiz ana shu bir yutum kislorodga bogʻliq, uni esa, bizga beozor daraxtlar inʼom etadi. Mana nega biz tabiatni onamizga mengzaymiz. “Ona tabiat”, deb alqaymiz.
Baʼzan matbuotda, ijtimoiy tarmoqlarda goh shundaygina yonimizda bizga hayot ulashayotgan daraxtlar soʻrab-soʻramay kesib tashlanayotganiga, yam-yashil xiyobonlarni qurilish maydoniga aylantirish maqsadida payhon etilayotganiga guvoh, yoʻq, tomoshabin boʻlib turibmiz. Toʻgʻri, ayrim ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoq vakillari joylarda sodir etilayotgan ekojinoyatlar haqida bong urmoqda. Ammo yuz yillar davomida barq urib yashnab kelayotgan, yozda soyasi bilan, oʻzidan chiqarayotgan kislorodi bilan jonimizga oro kirayotgan daraxtlar ayovsiz kesilgandan soʻng koʻrilgan choradan qanchalik foyda bor? Demak, bugungi kunda omma orasida ekomadaniyatni shakllantirmay turib, maqsadga erishish mushkulday koʻrinadi. Toʻgʻri, bu haqda koʻp yozilmoqda, fikrlar bildirilmoqda. Ammo, turmush tarzimizga tabiatga nisbatan mehr uygʻonmas ekan, vaziyatning oʻnglanishi qiyin. Oʻtmishda ota-bobolarimiz oilada oʻgʻil farzand tugʻilsa, katta boʻlgach, uy-joyini qurib olishi uchun turli xil daraxtlar ekishgan, bu daraxtlar oʻn sakkiz, yigirma yil davomida oʻzidan qancha kislorod chiqazadi, qancha odam uning neʼmatidan bahramand boʻladi? Podshohlar moʻl-koʻlchilik boʻlsin, deb shaharlar tashqarisida bogʻ-rogʻlar yaratgan. Ha, bogʻ barpo etish, atrof-muhitni toza-ozoda saqlash xalqimizning asriy qadriyatidir.
“Havoning ifloslanishi iqtisodiyotdagi vaziyat va odamlarning yashash sifatiga tahdid qiluvchi kuch bilan oʻsishda davom etmoqda. Bu sogʻliqni saqlash uchun favqulodda holatdir”, — deyiladi JSST hisobotida.
Atrof-muhitni toza tutish, ekologik muammolarning oldini olish mamlakatimizda dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Tegishli tashkilotlar, jamoalar, partiya va birlashmalar bu borada izchil saʼy-harakatlar olib borayotganiga qaramay, vaziyat jiddiyligicha turibdi.
Baʼzan davlat rahbarlari mamlakatimizga tashrif buyurganida esdalik uchun daraxt koʻchatlari ekishadi. Jamoatchilikka ibrat boʻladigan juda yaxshi anʼana. Kuz yoki bahorda oʻtkaziladigan katta-kichik koʻngilochar tadbirlar, ekosayohatlar paytida minglab daraxtlarni ekilsa, doʻstlik, yoshlik kabi nomlarda bogʻ-rogʻlar hashar yoʻli bilan barpo etilsa, nur ustiga nur boʻlardi. Albatta, bunday tadbirlarda ona tabiatni alqaydigan sheʼr va qoʻshiqlar yangrasa, tabiatga mehr uygʻotuvchi maʼruzalar tinglansa, zamonaviy videoroliklar namoyish etilsa, oʻsib kelayotgan yosh avlod ongida tabiatni asrash hissi yuksalgan, atrof-muhitni asrash umum ishimizga aylangan boʻlardi. Axir ekomusaffolik, salomatligimiz garovi-ku!
Oʻktam MIRZAYOROV,
jurnalist