Barchamizga maʼlumki, 2020-yilda butun dunyo xalqlari koronavirus pandemiyasi oqibatlaridan birmuncha aziyat chekdi. Oʻz navbatida, mazkur pandemiya Oʻzbekistonimizni ham chetlab oʻtmadi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar, belgilangan maxsus dasturlar tufayligina ushbu virus oqibatlarini yumshatishga, aholi salomatligini muhofaza qilishga erishildi. Murojaatnomada dastavval shu xususida fikr yuritildi.

Pandemiya sharoitida xalqimiz oʻzining milliy qadriyat, mehr-oqibat, saxovat va muruvvat kabi azaliy anʼanalariga sodiq qoldi. Shu tufayli ham kam taʼminlangan oilalar, yakka yolgʻiz keksalar, nogironligi bor fuqarolar xalqimizning eʼtiborida boʻldi. Ularga har tomonlama moddiy va maʼnaviy koʻmak koʻrsatildi. Pandemiya davrida Xorijdan 600 mingdan ortiq vatandoshimiz yurtimizga olib kelindi. Chet elda qiyin ahvolga tushib qolgan 100 mingga yaqin fuqarolarimizga zarur yordamlar koʻrsatilgani Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida qayd etildi. Bundan tashqari, pandemiya oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish uchun davlat tomonidan jami 82 trillion soʻmlik kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, Inqirozga qarshi jamgʻarma tashkil etilib, koronavirusga qarshi kurashish, aholi va korxonalarni qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq tadbirlarga byudjetdan 16 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirildi.

Shuningdek, davlat korxonalariga va 500 mingdan ziyod tadbirkorlik subyekti hamda qariyb 8 million fuqaroga jami 66 trillion soʻmlik soliq imtiyozlari, kredit muddatlarini uzaytirish va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amaliy yordamlar berildi.

Ha, pandemiya davrida barcha sohalar davlatimiz tomonidan keng qoʻllab-quvvatlandi. Xususan, tadbirkorlikni keng qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻplab imtiyoz va yengilliklar berildi. Tadbirkorlik subyektlariga 100 trillion soʻm yoki 2016-yilga nisbatan qariyb 4 barobar koʻp kreditlar ajratildi. 2020-yil aholini ijtimoiy himoya qilish borasida tub burilish yili boʻldi. Davlatimiz rahbari tadbirkorlar yana-da qoʻllab-quvvatlanishini taʼkidlab, “Tadbirkorlik kodeksi” ishlab chiqilishini taʼkidladilar.

Yangi 2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligiga 30 yil toʻladi. Albatta, bu tarixiy sanani «Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu gʻoya asosida keng bayram qilamiz.

Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyatidan kelib OʼzLiDeP ham oʻz oldiga dolzarb vazifalarni belgilab oldi.

Yurtboshimiz yurtimizda taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustunlari ekanligini eʼtirof etib, kirib kelayotgan 2021-yilga mamlakatimizda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berishni taklif etdilar. Mazkur taklif barcha yurtdoshlarimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Ha, bugungi kunda davlatimiz Uchinchi renessans boʻsagʻasidadir. Bunda yoshlarni ilm-fanga boʻlgan qiziqishlarini oshirish, qoʻllab-quvvatlash borasida aniq tizimli ishlar olib borilayotir. Bu yoʻlda, albatta, sogʻlik muhim oʻrin tutadi. Zero, sogʻ tanda sogʻlom aql, deganlaridek, barchamiz sogʻlom holatda, shijoatli yoshlarimiz bilan barcha koʻzlagan maqsadlarimizga erishamiz.

Xulosa qilib aytganda, Murojaatnoma kelgusi yillarda fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularning bugunidan rozi boʻlib, ertangi kunga yuksak ishonch bilan yashashlari uchun barcha sharoitlarni yaratishga moʻljallagan muhim hujjatdir.

Nafisaxon ELCHIYEVA,

OʻzLiDeP Fargʻona viloyati Kengashi apparat rahbari,

Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi deputati.