Oʻzbekiston mustaqilligiga 30 yildan sal oshgan boʻlsa ham ikki tomonlama munosabatlar tarixiy koʻp asrlik merosi asosida rivojlanib kelmoqda.

Fransiya Oʻzbekiston mustaqilligini birinchilar qatorida tan olgan davlatdir. Yangi tarixdagi diplomatik aloqalar esa 30 yil oldin oʻrnatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosati konsepsiyasida Fransiya Respublikasi bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish mamlakatimiz diplomatiyasining ustuvor yoʻnalishi sifatida eʼtirof etilgan.

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi oʻzaro manfaatdorlik va hurmatga asoslangan doʻstona munosabatlar jadal rivojlanmoqda. Soʻnggi 5 yil Oʻzbekiston-Fransiya munosabatlari tarixidagi eng yorqin davrlardan boʻldi. Ikki tomonlama munosabatlarning barcha jabhalarida samarali hamkorlikni rivojlantirishda, albatta, ikki davlat rahbarlari oʻrtasidagi yaqin munosabatlar, ularning muntazam muloqoti muhim oʻrin tutadi.

Fransiya Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqida muhim hamkorlaridan biridir. Shu bois, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil oktyabr oyida Yevropaga ilk bor tashrifi aynan Fransiya Respublikasidan boshlangani bejiz boʻlmagan.

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga boʻlgan navbatdagi tashrifi qizgʻin siyosiy va madaniy-gumanitar aloqalar, kengayayotgan savdo-iqtisodiy va investitsiya sohasidagi keng koʻlamli hamkorlik fonida tashkil etilmoqda.

Ikki davlat delegatsiyalari oʻrtasidagi muzokaralarda Oʻzbekiston-Fransiya har tomonlama hamkorlikka yuqori baho berildi. Tomonlar oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi oshgani, zamonaviy sanoat yaratish va infratuzilmani modernizatsiya qilish boʻyicha muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarni mamnuniyat bilan qayd etdilar.

“Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim”ga muvofiq, Oʻzbekistonning Fransiya bilan oʻzaro savdosida eng qulay imtiyozli rejimi oʻrnatilgan.

Bundan tashqari, 2021-yilning aprel oyida Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining “Preferensiyalar bosh tizimi” (GSP+) boʻyicha benefitsiar davlatiga aylandi. Bu esa Yevropa Ittifoqiga, xususan Fransiyaga, oʻzbek mahsulotlarini, jumladan, 6,2 mingta muhim eksport tovarlarini bojsiz olib kirish imkonini beradi va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdoni koʻpaytirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar taqdim etadi.

Bularning natijasida 2022-yilning yanvar-sentyabr oylari davomida Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi tovar ayirboshlash oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 5,6 foizga oʻsib, 219,8 mln dollardan 232,2 mln dollargacha yetdi, eksport hajmi 9 barobarga oshib 7,7 mln dollardan 69,6 mln dollarga oʻsdi. Import esa mos ravishda 212,1 mln dollardan 162,5 mln dollargacha, yaʼni 23,4 foizga kamaydi, salbiy saldo 204,4 mln dollardan 92,9 mln dollargacha qisqardi.

Fransiyadan oʻzlashtirilgan investitsiyalar

Oʻzbekistonning Fransiyaga eksporti koʻpaytirish imkoniyatlari yetarlicha. Fransiya bozoriga toʻqimachilik mahsulotlari, xususan, tayyor kiyim-kechak, meva va sabzavotlarning ayrim turlari (quritilgan mevalar, yongʻoqlar, dukkaklilar), polimerlar, ayrim turdagi mahsulotlar yetkazib berish hajmini oshirish, shuningdek, elektrotexnika mahsulotlari (mis sim, mis quvurlar) va boshqalarni yetkazib berishni ham koʻpaytirish mumkin.

2017-yildan boshlab hozirgi kunga qadar Oʻzbekistondagi fransuz kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 3,5 barobarga oʻsib 13 tadan 46 tagacha koʻpaydi (26 tasi qoʻshma va 20 tasi 100 foizlik fransuz korxonalari).

2021-yilning yakuniga koʻra, Fransiyadan oʻzlashtirilgan investitsiyalar va kreditlar hajmi 297,1 million dollarni, shu jumladan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar – 70,9 million dollar va kreditlar – 226,2 million dollarni tashkil etdi.

2022-yilning birinchi yarmida esa 92,8 million dollar Fransiya investitsiyalari oʻzlashtirildi.

Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik doirasida energetika, suv taʼminoti, chorvachilik, turizm infratuzilmasi va boshqa sohalarda qator yirik loyihalar mavjud. Bular Fransiyaning “Eyrbas” (aviasozlik), “Total” (neft), “Vinchi” va “Buig” (qurilish), “Orano” (atom sanoati), “Total Eren” (qayta tilanish energiyasi), “Veoliya” (suv tozalash, komunal xizmat, issiqlik jihozlari), “Ranjis” (savdo), “Geismar” (temir yoʻl transportini rivojlantirish), “Air Liquid” (sanoat gazlarini ishlab chiqarish obyektlarini qurish va ulardan foydalanish) kabi kompaniyalari bilan amalga oshirilmoqda.

Toʻqimachilik sanoatidagi hamkorlik oʻzaro manfaatlarning keng doirasini aks ettiradi. Bugungi kunda “Oʻzbektekstilsanoat” kompaniyasi fransuz tomoni bilan birgalikda ushbu yoʻnalishda ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilib, qoʻshma korxonalar tashkil etilmoqda.

Ikki tomonlama hamkorlik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, bogʻdorchilik hamda urugʻchilik, oʻsimliklar karantini, mahsulotlar xavfsizligi va saqlanishini taʼminlash sohalarida qoʻshma ilmiy izlanishlarni amalga oshirish kabi yoʻnalishlarda ham muvaffaqiyatli rivojlanmoqda.

Fransiya mashinasozlik, energetika, kimyo sanoati, (jumladan, parfyumeriya va farmatsevtika sanoati), qishloq xoʻjaligi, (xususan, vinochilik), qurilish materiallari ishlab chiqarish, shuningdek, turizm va ilm-fan kabi sohalarda jahonda yetakchi mavqega ega. Fransiya bilan hamkorlik esa Oʻzbekiston iqtisodiyotining koʻplab tarmoqlari uchun ijobiy taʼsir koʻsatadi.

Oʻzbekistonning ichki bozori va mamlakatimizdan uchinchi davlatlarga eksport qilish uchun yuqori qoʻshimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish uchun fransuz investitsiyalari va texnologiyalarini jalb qilish ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlaridandir.

Hozirgi kunda amalga oshirilayotgan “Fransiyani qayta tiklash” (“France Relance”) rejasini doirasida (100 mlrd yevro) Fransiyadan Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash va farmatsevtika (yangi dori vositalarini yaratish), avtomobilsozlik, elektorotexnika va robototexnika sohalariga, energetika sektorini (AYES) modernizatsiya qilish, ekologik toza mahsulotlar va qurilish materiallarini ishlab chiqarishni oshirish boʻyicha loyihalarga investitsiyalar va ilgʻor texnologiyalarni jalb qilish mumkin. Shu maqsadlarda Oʻzbekistondagi xususiylashtirish jarayonlariga Fransiya ishbilarmon doiralarini kengroq jalb etish ham maqsadga muvofiqdir.

Luvr muzeyida ochiladigan oʻzbek koʻrgazmalari

Fransiya va ushbu mamlakat aholisining Oʻzbekistonga va xalqimiz madaniyatiga boʻlgan qiziqishi hurmatga sazovor.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning boʻlajak tashrifi doirasida (2022-yil noyabr) Parijdagi Luvr muzeyida ochiladigan “Markaziy Osiyo ulugʻvorligi. Oʻzbekiston karvon yoʻllarida” va Arab dunyosi institutida tashkil etiladigan “Kaftanlar va choponlar” koʻrgazmalarining koʻlami fransuzlarning eʼtiboriga sazovor boʻldi.

Luvrdagi koʻrgazma bois koʻplab muzey mehmonlari Oʻzbekistonni tanib borishadi, ularning soni yiliga 10 millionni tashkil etadi va bu nafaqat Fransiya va qoʻshni davlatlar aholisi boʻlib, Luvrga tashrif buyuruvchilar butun dunyodan kelgan sanʼat ixlosmandlaridir.

Mazkur koʻrgazma mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar taraqqiyoti koʻrsatkichidir. Bu Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan madaniy aloqalarning ajoyib namunasidir.

Aytish joizki, fransuz arxeologlari Oʻzbekiston hududida juda jadal ishlamoqda. Ayniqsa, koʻrgazma kuratori boʻlgan mashhur arxeolog janob Rokko Rante ular qatoridan joy olgan. Bu esa yana bir bor mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik tobora kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Koʻrgazma orqali Fransiya jamoatchiligi Oʻzbekistonning boy madaniy merosi bilan tanishib, Oʻzbekistonimizning ulugʻ shaharlarini ziyorat qilishni, karvon yoʻllari oʻtgan joylarni oʻz koʻzlari bilan koʻrish istagini bildirmoqdalar. Ushbu davlatning Oʻzbekistondagi elchisi Oreliya Bushez, yiliga 20 ming nafar fransuz sayyohlari mamlakatimizga tashrif buyuradi deb prognoz bermoqda. Luvr muzeyidagi koʻrgazma sharofati bilan bu koʻrsatkich bundanda yuqori boʻladi. Oʻzbekistonga kelgan sayyohlar soni boʻyicha Yevropa davlatlari orasida Fransiya yetakchi oʻrinda turadi.

Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning tashrifi natijalari va erishilgan kelishuvlar Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi siyosiy va iqtisodiy munosabatlarini yangi bosqichda yanada yuqori darajaga koʻtarilishiga, faol madaniy-gumanitar hamkorlikni bundan ham rivojlanishiga katta hissasa qoʻshadi hamda Oʻzbekistonni barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Afzal Artikov,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi bosh ilmiy xodimi