Allergik xastaliklar koʻpincha mavsumiy xususiyatga ega. Masalan, bahorda daraxtlar gullashi, yozda oʻsimliklar chang zarralari va quyoshning ultrabinafsha nuri, kuzda yomgʻirdan keyin havoga koʻtariladigan zamburugʻ sporalari baʼzilarda allergik reaksiyalarni yuzaga keltirishi mumkin.

Bundan tashqari, hayvonlar yungi, uy changi, qator oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar, kosmetik hamda kimyoviy vositalar aks taʼsir qiladigan insonlar ham bor.

Xoʻsh, qish faslida allergiyaga moyil kishilarda qanday patologiyalar koʻp kuzatiladi?

Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova shu haqda maʼlumot berdi.

— Havo harorati pasayishi bilan ayrim insonlarda tez-tez aksa urish, lablar qurishi, koʻkarishi, koʻz yoshlanishi, toshmalar toshishi, qichishish kabi hollar kuzatiladi, — deydi mutaxassis. — Issiq joyga kirgach esa gʻayritabiiy alomatlar kamayadi.

Bu — sovuq oqibatida paydo boʻladigan allergiyaga xos simptomlar. Yaʼni tananing past harorat taʼsiriga haddan tashqari sezgirligi belgisi. U koʻproq ayollar va bolalarda kuzatiladi.

Mazkur kasallik, avvalo, immunitet tizimi zaifligini ifodalaydi. Bunday insonlar sovuq bilan yuzlashganda, organizm noyob patologik oqsil — krioglobulin ishlab chiqara boshlaydi. U immunitet hujayralari tomonidan begona unsur sifatida qabul qilinib, hujumga uchraydi. Bu jarayonda faol ishlab chiqariladigan gistamin moddasi allergik reaksiyaga sabab boʻladi.

Xastalik turli koʻrinish va shakllarda namoyon boʻladi: eshakemi, rinit, konyunktivit, dermatit, astma... Hatto ogʻir holatlarda baʼzi bemorlarda Kvinke shishi ham hosil boʻlishi mumkin. Ular orasida eng keng tarqalgani eshakemi boʻlib, tanada pufakchalar paydo boʻlishi bilan tavsiflanadi.

Sovuqdan allergiya belgilari izgʻirin harorat taʼsiridan 3-5 daqiqa oʻtgach paydo boʻladi va alomatlar 1-2 soatdan bir necha kungacha davom etishi mumkin. Kasallikning oʻtkir va surunkali shaklida qoʻl, yuz, yonoq va oyoqlarlarda kuchli qichishish yuzaga kelib, soʻngra terida qizil dogʻ va pufakchalar hosil boʻladi.

Baʼzan titroq, umumiy holsizlik, yurak urishi tezlashishi va boʻgʻimlarda ogʻriq kuzatiladi. Nafas qisishi, taxikardiya, qon bosimi pasayishi, koʻngil aynishi, qusish, qorin ogʻrigʻi bezovta qilishi mumkin.

Oʻtkir respirator virusli kasallikka chalingan, allergiyaga nasliy moyilligi bor, oshqozon-ichak yoʻllari va jigar xastaliklaridan aziyat chekayotgan bemorlarda sovuqqa sezgirlik koʻproq kuzatiladi. Baʼzan allergiyaning mazkur turini tumov va rinit bilan adashtirib yuborish holatlari ham uchraydi. Shu bois bunday vaziyatda, albatta, allergolog mutaxassisga murojaat qilish lozim.

— Havo harorati keskin pasayganda baʼzi bemorlarda sovuqdan allergiya kuzatilishi mumkin. Bu terida qizarish, shish, pufakchalar, qichishish, koʻz yoshlanishi kabi alomatlar bilan namoyon boʻladi.

Xastalikning aynan past harorat taʼsirida yuzaga kelayotganini uy sharoitida ham sinab koʻrish mumkin. Buning uchun qoʻlingizning bilak qismiga muz boʻlakchasini qoʻyib, 5-10 daqiqa ushlab turasiz.

Agar shu vaqt davomida bilagingizda qavarchiq paydo boʻlsa, qichishish, qizarish yoki achishishni sezsangiz, demak, sizda sovuqdan allergiyaga moyillik boʻlishi mumkin. Ammo aniq va yakuniy tashxisni allergolog-immunolog qoʻyadi.

Shifokor koʻrsatmasiga koʻra, maxsus sinamalar topshiriladi. Qon tahlili orqali bemorda eozinofillar va immunoglobulin Ye miqdori qisman oshishi tasdiqlansa, tegishli davo muolajalari belgilanadi.

Shunga qarmay, bu turdagi allergiyaga moyilligi bor kishilar sovuqdan himoyalanishlari kerak.

Avvalo, sovuq kunlarda qalin kiyining! Qoʻlqop, bosh kiyimi, sharf va issiq paypoqlardan foydalaning!

Izgʻirin haroratda koʻchaga chiqishdan avval shifokor tavsiya etgan himoya kremlari va maxsus malhamlarni qoʻllang!

Sovuq ichimlik va yeguliklar isteʼmol qilmang!

Sovuq suvda choʻmilmang! Yuvinish chogʻida qattiq mochalkalardan foydalanmang!

Immunitetni mustahkamlovchi mahsulotlar, darmondorilar, temir, kalsiy, sink, kaliy, selenga boy taomlar tanovul qiling!

Asal, murabbo, spirtli ichimliklar, achchiq, shoʻr yeguliklar, qizil rangli mevalar, boʻyoq qoʻshilgan mahsulotlar, baliq va ot goʻshtidan tayyorlangan taomlar, yongʻoq, yeryongʻoq, pista kabi quruq mevalar, turli oʻtlardan damlamalar isteʼmol qilmay turganingiz maʼqul. Chunki ularda allergik xastalik qoʻzgʻatuvchi xususiyatlar mavjud.

Shuningdek, allergiyaga moyil kishilar shifokor tavsiyasisiz sulfanilamidlar, antibiotiklar, talvasa (sudorogi), yalligʻlanish va silga qarshi preparatlar hamda turli vitaminlar qabul qilishi mumkin emas.

Hozirgi kunda Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazimizda ushbu kasallikka aniq tashxis qoʻyish barobarida, uni samarali davolash yoʻlga qoʻyilgan.