Soxta treyder oʻzganing 7 mln soʻmini oʻzlashtirib oldi

    Samarqand viloyatida yashovchi ayol P.Sh. ariza bilan murojaat qilib, bank kartasidagi 7 mln soʻmni nomaʼlum shaxs firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirib olganini maʼlum qildi.

    Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

    Maʼlum qilinishicha, oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Toshkent shahrida yashovchi A.S. sodir etganligi aniqlangan.

    Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan A.S., jabrlanuvchi P.Sh. bilan Telegram orqali tanishib, unga oʻzini treyderlik faoliyati bilan shugʻullanishini va pullarini birja orqali oz fursatlarda koʻpaytirib berishini vaʼda qilgan. Soʻng aldov yoʻli bilan 7 mln soʻm miqdoridagi pul mablagʻlarini oʻtkazib olishga erishib, bergan vaʼdasini bajarmasdan pullarni oʻz ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

    Mazkur holat yuzasidan A.S.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.