Soʻz erkinligimi yoki gʻirrom oʻyinlar – siz qaysi tomondasiz?

    “Falonchi Pistonchiyev, bugun kanalimda sening kuning, qoʻlimda hamma maʼlumot, kutib ol” deb qoʻyib, keyin u odam haqida umuman hech nima demaslik, shubhali tarzda jim boʻlib ketish – bu soʻz erkinligi emas, axborot vositasida shantaj aslida.

    Bugun oʻzbek jurnalistikasi, umuman, axborot makoni eng shovqinli, bahslarga toʻla, jarayonlari faol, yuqori darajada ijtimoiylashgan, biroq ayni paytda, eng xiralashgan davrini boshidan kechirmoqda. Ot izi bilan it izi aralashib ketdi, degan naql bunga juda mos keladi.

    Koʻpchilik jurnalist va blogerlar jamiyatdagi oʻtkir muammolarni olib chiqib, ularning qonuniy bartaraf etilishiga sabab boʻlayotganlari sir emas. Jamoatchilik nazoratining subyekti sifatida ushbu faol shaxslar oʻz vazifalari va ijtimoiy majburiyatlarini sharaf bilan ado etmoqdalar. Bu fuqarolar va Davlatimiz rahbari tomonidan koʻp bora eʼtirof etib kelinmoqda.

    Ammo afsuski, axborot maydonida bugun bir qancha qutbli, prinsipli tomonlar paydo boʻlgani, bu plyuralizmni shakllantirishga hissa qoʻshayotgani holda, shunday bir koʻrinmas va gʻirrom oʻyinchilar ham yuzaga keldiki, ularning ishini axborot diversiyasi deb baholash mumkin. Shunday manbalar paydo boʻldiki, ular tahdid, shantaj, biron tuhmat, shaxsiy sirlarni ochish yoki yolgʻon maʼlumotlar tarqatish bilan tahdid qilib, shaxsning qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini yerga urish maqsadida axborot tarqatishni oʻziga kasb qilib oldi.

    Masalan, biron rasmiy manbalarda tilga olinmaydigan, biroq tarmoq foydalanuvchlari orasida mashhur bir qancha manbalar shular jumlasidandir. Ularda hech qachon tahlil boʻlmaydi, faktlari tasdiqlanmaydi, buni na ular oʻzlariga maqsad qilib olishgan, na oʻquvchilari koʻpda buni talab qilishadi.

    “Falonchi Pistonchiyev, bugun kanalimda sening kuning, qoʻlimda hamma maʼlumot, kutib ol” deb qoʻyib, keyin u odam haqida umuman hech nima demaslik, shubhali tarzda jim boʻlib ketish – bu soʻz erkinligi emas, axborot vositasida shantaj aslida.

    Oʻzbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi”da jurnalist betaraf boʻlishi, voqea-hodisalarni xolisona va haqqoniy yoritishi, muomala madaniyati va ochiqlik tamoyillariga amal qilishi lozimligi belgilab qoʻyilgan.

    Lekin oʻzini “haqiqat himoyachisiman” deb daʼvo qiluvchi baʼzilar qonun normalari u yoqda tursin, umuminsoniyat qabul qilgan va tan olgan axloq meʼyorlarini ham mensimasligini koʻrsatib qoʻydi.

    Bu kabi muloqot nafaqat OAV obroʻsiga putur yetkazishi, balki ochiq muloqot uchun intilayotgan boshqa davlat organlariga ham yomon ishora yuborib, ularni ochiqlikdan bezdirishi va oxir-oqibat umuman jamoatchilik manfaatlariga ziyon yetishiga olib kelishi mumkin.

    Destruktiv muloqot uzoq davom etmaydi, katta zarar keltiradi, muloqotning samarasini yoʻqqa chiqaradi, tomonlar bir birini eshitmay qoʻyishiga olib keladi.

    Bu kabi harakatlar avvalo jamiyatda fuqarolik jamiyati institutlariga ishonchning soʻnishiga, jurnalistika va blogosferaning obroʻsizlanishiga, alalxusus, shaffoflik va ochiqlikni taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan siyosatga salbiy taʼsir koʻrsatdi.

    Zamonaviy dunyoda eng murosasiz muxolifatchilar ham bir stol atrofida madaniyatli soʻzlar va ishoralar orqali oʻz tanqid, eʼtiroz va hatto nafratini aytmoqda. Zero insonning hayvondan farqi ham uning madaniyatli muloqot qila olishidadir.

    Bugun Prezidentimiz ochiqlik siyosatini eng oldingi oʻringa qoʻygani hech kimga sir emas. Soʻnggi yillarda olib borilayotgan islohotlarning flagmani sifatida ham aynan soʻz erkinligi borasida amalga oshirilgan institutsional oʻzgarishlar tilga olinadi. Har qanday murosasiz tanqid, fikr, eʼtiroz ham bugungi axborot asrida aytilishga va eshitilishga haqli, aytilyapti va eshitilyapti ham. Biroq soʻz erkinligidek yuksak qadriyatni shaxsiy manfaat yoʻlida shantaj quroliga aylantirish bu qadriyatga xiyonatdir.

    Qolaversa, biz senzura diktaturasidan qutuldik deganimizda endi “soʻz shantaji” diktaturasi ostiga tushishimiz mumkin emas, bunga har qanday ochiq fikrli, savodli, progressiv insonlar rozi boʻlmasligi kerak.

    Biz tanqid va fikrlar uchun doim ochiq boʻlganimiz holda, haqorat va shaxs qadr-qimmatini pastga uruvchi harakatlarga jim qarab turmasligimiz lozim.

    Shu oʻrinda jurnalistlar hamjamiyati, jamoatchilik faollari, saviyali va yuqori standartlarga sodiq blogerlar hamda fikr yetakchilari bu sharoitda oʻz pozitsiyalarini aniqlab olishlari, oʻzaro hurmat hamda yuqori standartli jurnalistika, soʻz erkinligi himoyasida turishlari juda muhim.

    Axborot tarqatishda qonuniylik, xolislik, odob-axloq va insoniylik prinsiplarini yetakchi boʻlmogʻi kerak.

    Hamma sohada huquqbuzarlikka javobgarlik mavjud ekan, shubhasiz, axborot tarqatish sohasida ham yolgʻon, tuhmat va tovlamachilikdan iborat axborot tarqatganlik uchun tegishli javobgarlik mavjudligini eslatib oʻtamiz. Blogerlar va jurnalistlar shaxsni obroʻsizlantiruvchi maʼlumotlar tarqatishdan oldin uni tekshirib olishga masʼuliyat bilan yondashishlari lozim.

    Furqat Tojiyev, huquqshunos