Sport — ruh va dil tantanasi

    Yangi Oʻzbekistonda boshlangan evrilishlarning ilk maqsadi xalqimizni joʻshqin muhit sari etaklash boʻldi.

    Yil boshidan buyon Prezidentimiz jismoniy tarbiya va sport sohasi, sogʻlom turmush tarzini rivojlantirishga doir 2 ta farmon, 5 ta qaror imzoladi, yoshlar oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, Olimpiya shaharchasi qurilishi loyihasi bilan tanishdi. Joylarga tashriflar chogʻida ham xalqimizni ommaviy sportga jalb qilish masalasi doimiy eʼtiborda turdi. 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi 67-maqsadida jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanadigan fuqarolar sonini oshirish koʻzda tutilgan. Shu raqamlarning oʻziyoq mamlakatda sogʻlom taraqqiyotga katta siyosat darajasida eʼtibor qaratilayotgani dalilidir.

    Endi esa, yurtdoshlarimizni, ayniqsa yoshlarimizni ommaviy sportga jalb qilishning yangi bosqichida turibmiz. Gap shundaki, Prezidentimiz 11-aprel kuni “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi. Taʼbir joiz boʻlsa, bu qaror oʻzining hayotiy falsafasi, sogʻlom taraqqiyotga yoʻl ochishi, yoshlarning jismoniy va maʼnaviy qudratini oshirish, mamlakatda hamjihatlik, doʻstlik ruhini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan tarixiy ahamiyat kasb etadi.

    Bugungi maqsadimiz yurtdoshlarimiz, yoshlarimiz bilan mana shu qaror mazmun-mohiyati haqida gaplashish asnosida, oʻtgan besh yillikda sport sohasida erishilgan yutuqlar va sogʻlom ruhiyat tarbiyasi samaralariga bir qur nazar tashlashdir.

    BIRINCHI SAMARA: dunyoqarashimiz oʻzgardi

    Aslida 2017-yildan qoʻr olgan xalqimizni, millat genofondini sogʻlomlashtirish gʻoyasi yangi Oʻzbekistonni barpo etish maqsadlari bilan uygʻun va uzviy bogʻliq masʼuliyatli vazifa sifatida belgilangan.

    Hozirdan aytib qoʻya qolaylik: shu katta maqsad va vazifalar ijrosi, avvalo, odamlar dunyoqarashini, soʻng, tabiiyki, jamiyatni oʻzgartirib yubordi.

    Qanday qilib, deysizmi? Harakatsizlik mudroqlikni keltirib chiqaradi. Mudroq kayfiyat hafsalasizlikka yetaklaydi. Hafsala yoʻq ekan, boʻladigan ishlar ham orqaga ketaveradi. Bularning bari odamlarda umidsizlik uygʻonishiga olib keladi, hayotga, mamlakat rivojiga ishonchsiz ruhni tarbiyalaydi. Yangi Oʻzbekistonda boshlangan evrilishlarning ilk maqsadi xalqimizni joʻshqin muhit sari yetaklash boʻldi.

    Buning uchun fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari tiklandi, kuchli ijtimoiy himoya tizimiga oʻtildi, soʻz erkinligi berildi va albatta, sogʻlom turmush tarzi targʻib qilindi. Chunki, katta yoʻlga chiqqan xalqning vujudi sogʻlom, ruhi uygʻoq boʻlishi kerak. Shu tariqa, mamlakatda katta harakat boshlandi.

    Endi bu islohotlar Prezidentimizning kechagi qarori asosida oilaviy sportni ragʻbatlantirish bilan davom etadi.

    Qarorga sharh: ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanuvchi oilalarga mahallalar va istirohat bogʻlarida sharoit yaratish, oilaviy sportni ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy etish vazifasi qoʻyildi.

    Bu mexanizm hayotiy ehtiyoj edi. Gap shundaki, mamlakatimiz tarixida hech qachon yakdil oila boʻlib sport bilan shugʻullanish uchun sharoit va imkoniyat boʻlmagan. Toʻgʻri, harakatlar bor edi, lekin nomiga. Ha, televideniye orqali oilaviy sportni targʻib qilish boʻyicha loyihalar koʻrinib turardi. Ammo bu ham sharoit emas-da axir. Ommaviy qurshab olishning iloji yoʻq edi.

    Endi mahallalarda, soya-salqin bogʻlarda shunday sharoit boʻladi. Bu bilan biz necha yillardan buyon intilayotgan maqsadga erishish taʼminlanadi: oilada sogʻlom muhit shakllanadi, sogʻlom muhit jipslikka olib keladi, ajrashishlar soni, harakatsizlikdan kelib chiqadigan kasalliklar keskin kamayadi, hur fikrli, faqat Uchinchi Renessansga intiluvchi yosh avlod kamol topadi. Yana eng muhimi, har bir oilaga baraka kirib boradi, “iqtisod hosilasi” paydo boʻladi — kasallikni davolashga ketadigan kattagina mablagʻ tejab qolinadi.

    IKKINCHI SAMARA: yurtdoshlarimiz qalbida hayotga ishtiyoq kuchaydi, zoʻr gʻayrat joʻsh ura boshladi

    Prezidentimiz olti yildan buyon, har gal mahallalarga borganida, albatta sogʻlom turmush tarzi haqida gapiradi. Yoshu qarini toʻgʻri ovqatlanish, ertalab va kechqurun piyoda yurishga chorlaydi. Sekin-asta manzara oʻzgarib bordi — odamlar ongli ravishda harakatga kela boshladi, jismoniy tarbiya va sport kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Bizni xursand qiladigani yurtdoshlarimiz qalbida hayotga ishtiyoq kuchaydi, zoʻr gʻayrat joʻsh ura boshladi, yashash tarzimiz oʻzgardi.

    Avval shunday boʻlishini istamas edikmi? Albatta, istardik. Lekin sharoit bormidi, degan savol tugʻiladi. Sharoit, imkoniyat yoʻq edi-da!

    Birgina mahallalarda “salomatlik yoʻlaklari” qurilishining oʻzi “Sogʻlom ayol — buyuk kelajak” gʻoyasi amalga oshishiga keng yoʻl ochdi.

    Oʻzbekiston ayollarida sharqona ibo bor. Sir emas, bu, ayniqsa, qishloq ayollarida juda kuchli. Shu sabab, ular istasa ham baʼzan koʻchada jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishga iymanardi (biz bu oʻrinda asosan piyoda yoki sportcha yurishni nazarda tutmoqdamiz). “Salomatlik yoʻlaklari” ana shu manazarani ham oʻzgartirdi. Chunki bu yoʻlaklar albatta piyoda yurish uchun-da. Mana masalan, avvallari koʻchada piyoda yurish uchun imkon yoʻq edi. Notekis yoʻllar, serqatnov koʻcha chetidagi xavf-xatar bunga yoʻl qoʻymasdi.

    Bugun “salomatlik yoʻlaklari”da sayr qilib yurgan xotin-qizlarni har qadamda uchratasiz. Demak, qutlugʻ yoʻlaklarda xotin-qizlar, ayniqsa, homilador ayollar salomatligini mustahkamlab, oʻz bagʻrida buyuk kelajakni tarbiyalamoqda.

    Shu borada Prezident qarori yangi oʻzgarishlar davrini boshlab bermoqda.

    Qarorga sharh: aholining keng qatlami orasida ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish tadbirlarining huquqiy asoslari belgilandi.

    Albatta, bunda asosiy eʼtibor mahallalarda yoshlar oʻrtasida ommaviy sportni yanada rivojlantirishga qaratilgan. Bu haqda biz hali batafsil toʻxtalamiz. Hozir aytmoqchi boʻlganimiz esa, aynan onalar bilan bogʻliq.

    Mahallada sport musobaqasi boʻlsa, bolani kim olib chiqadi? Onalar. Kim oʻz farzandining yutugʻidan olam-olam zavq tuyadi, shodlikka burkanadi? Yana onalar. Kim jigarbandining gʻalabasi uchun stadionni aylanib yugurishi mumkin? Faqat onalar! Mana sezyapsizmi, qarordagi birgina ommaviy sportni rivojlantirish siyosatining xalq ruhiyatiga taʼsirini.

    UCHINCHI SAMARA: yoshimizga yosh qoʻshilyapti

    Bosh omon boʻlsa, doʻppi topilar, deymiz. Bu maqolni yoshimiz 40 dan oshgach tez-tez eslab turadigan boʻldik. Asli hayotning oʻzi katta murabbiy — oʻzi oʻrgatguvchi, saboq berguvchi. Har gal jismoniy tarbiya bilan shugʻullanish, sogʻlom turmush tarzini maromiga yetkazish, salomatligimizni asrash haqida gap ketganida shu kabi oʻy-mulohazalar xayolimdan oʻtadi. Ochiq gap, inson hayoti, qancha umr koʻrishi oʻziga, turmush tarziga bogʻliq ekan.

    Shu maʼnoda, endigi gapni kayvonilarimizning hayot tarzidagi oʻzgarishlar haqida boshlasak.

    Boya Oʻzbekistonda kuchli ijtimoiy himoyaga oʻtildi, dedik. Bunda, albatta, katta siyosat ogʻushidagi pensiya taʼminoti ham zohir. Besh yilki otaxonu onalar katta muammodan qutuldi: pensiya oʻz vaqtida ola boshladi, plastik kartadagi mablagʻni naqdlashtirish gʻalvasi endi yoʻq. Darvoqe, Prezidentimizning joriy yil 7-apreldagi “Davlat pensiyalari, nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa ijtimoiy toʻlovlarni toʻlash tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan bu tizimda yana qator qulaylik va imtiyozlar joriy qilinmoqda.

    Xullas, biz aytmoqchi boʻlganimiz turli maishiy muammolardan xolos boʻlgan keksa avlod vakillari endi hayotga rozilik hissi, chanqoq ruh bilan qaray boshladi. Bugun qaysi mahallaga bormang, boboyu momolarning nevaralarini yetaklab sayr qilib yurganini koʻrasiz. Bugun uchun mahallada infratuzilma ham yaratilgan. Sayr qilish uchun alohida yoʻlak, jismoniy tarbiya bilan shugʻullanish uchun ochiq joyda kerakli inventarlar bilan jihozlangan sport, mini-futbol maydonchalari, hamma-hammasi mukammal hayot tarziga undaydi. Shu tariqa jamiyatimizning yangi qiyofasi shakllandi.

    Bu yurtdoshlarimiz yoshiga yosh qoʻshib, islohotlar samaradorligiga xizmat qilmoqda. Ha, aytgancha, xoh qish boʻlsin, xoh yoz, soat tungi oʻn ikki, baʼzan bir-ikkida ham zamonaviy stadionlarda futbol oʻynayotgan yoshlarni uchratish mumkin. Bu ham ommaviy sportga boʻlgan ishtiyoq.

    Shunday ekan, Prezidentimizning 11-apreldagi qarori bilan yoshlar oʻrtasida sportning futbol, mini-futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat, shashka, stol tennisi, stritbol, vorkaut turlari boʻyicha besh bosqichli, olimpiya, noolimpiya va milliy sport turlari boʻyicha uch bosqichli musobaqalari oʻtkazilishi ham katta xursandlik bilan kutib olindi.

    Qarorga sharh: besh bosqichli musobaqalar oʻz nomi bilan ahamiyatli. Koʻchalararo mahalla, mahallalaro sektor musobaqalari, unda gʻolib boʻlgan mahalla jamoalari oʻrtasida tuman (shahar), keyin viloyat, nihoyat, mahalla jamoalarining respublika bellashuvlari qanday yaxshi. Uch bosqichli musobaqalar ham xuddi shu ruhda davom etadi.

    Besh bosqichli musobaqalar qachon va qay tartibda oʻtkaziladi, degan savol ham koʻpchilikni qiziqtirish tabiiy.

    Birinchi bosqich 10 – 25-aprel kunlari koʻchalararo oʻtkaziladi. Unda 7 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlar saralash bosqichi gʻolibligi uchun kurashadi. Musobaqalar yakunida sport turlari boʻyicha har bir mahallaning terma jamoasi shakllantirilib, ular keyingi bosqichda ishtirokini davom ettiradi.

    Ikkinchi bosqich 1–10-may kunlari boʻlib oʻtadi. Unda hududlardagi mahallalar oʻrtasida sektor musobaqalari tashkil etiladi.

    Uchinchi bosqich 15–25-may kunlari tashkil etiladi. Yaʼni, sektorlar bosqichida gʻolib boʻlgan mahalla jamoalari oʻrtasida tuman (shahar) bosqichi boʻlib oʻtadi.

    Toʻrtinchi bosqich 1—10-iyun kunlari tuman miqyosida gʻolib chiqqan mahalla jamoalari oʻrtasida hudud chempionligi hamda respublika bosqichi yoʻllanmasi uchun oʻtkaziladi.

    Beshinchi bosqich 15—25-iyun kunlari boʻlib oʻtadi. Unda hududlarda gʻolib va sovrindor boʻlgan mahalla jamoalari oʻzaro musobaqalashadi.

    “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida 7–10 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlar oʻrtasida “Quvnoq startlar” musobaqasi hamda shaxmat-shashka boʻyicha ham bahslar tashkil etiladi. Ushbu yosh toifasidagi musobaqalar mahalla bosqichi bilan yakunlanadi.

    Endi buning ahamiyati haqida oʻylab koʻraylik. Bitta koʻchada yashayotgan yoshlar (bu gap asosan shahar muhitiga tegishli) bir-birini tanimaslik holatlari ham uchrab turadi. Ularni birlashtirish, doʻst qilish uchun sportdan kuchliroq vosita yoʻq. Yangi tizim bilan koʻchadan boshlangan doʻstlik muhiti mahalla, tuman, viloyat va mamlakat boʻylab mustahkamlanib boraveradi. Bu — shu yillarda Oʻzbekiston yaxlit doʻst oilaga, ezgu maqsadlar, Vatan kelajagi yoʻlida birlashgan yoshlar makoniga aylanadi, degani. Hamjihatlik va mehr-oqibat bor joyda baraka boʻlishini hammamiz yaxshi bilamiz.

    Yana aytish kerakki, bu musobaqalar shu yildan boshlab yoshlar oʻrtasida oʻziga xos katta sport bayramiga aylanib ketishi, ularni oʻtkazishni intiq kutishi, hali bu tizimga dunyo havas bilan boqishiga ishonchimiz komil. Bunday deyishimizga asos shuki, qarorda har ikki musobaqaning ham moliyaviy manbasi aniq koʻrsatilgan. Shunday ekan, mexanizm soʻzsiz ishlaydi.

    TOʻRTINCHI SAMARA: “Yangi Oʻzbekiston ruhi” paydo boʻldi

    Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida aholini ommaviy sportga jalb qilish orqali yillik qamrovni hozirgi 19 foizdan 25 foizga yetkazilishi koʻzda tutilgan. Keyingi yillarda 70 dan ziyod jismoniy tarbiya va sport muassasasini qurish, barcha bogʻcha va maktablarni sport jihozlari bilan taʼminlash, tuman markazlari va shaharlarda maxsus piyodalar va velosiped yoʻlaklari barpo etish rejalashtirilgan. Shu kunlarda bu chora-tadbirlar boshlab yuborilgan va jadal davom etmoqda.

    Yana bir statistika bor: keyingi ikki yilda mamlakatimizda sport bilan shugʻullanadiganlar soni ikki barobar koʻpaydi. Yurtimiz sportchilari turli xalqaro musobaqalarda mingdan ziyod medallarga egalik qildi. Ularning 400 dan ortigʻi oltin medal.

    Bu raqamlarni keltirishimizga sabab “Yangi Oʻzbekiston ruhi”ga toʻxtalishdir.

    Bugun Oʻzbekistonda shunday bir kuch paydo boʻldiki, shunday ilgʻor va shiddatli taraqqiyot ogʻushidamizki, uning asosini istaymizmi, yoʻqmi, baribir sogʻlom turmush tarzi ommalashgani bilan izohlaymiz. Bugun Prezidentimizning doimiy eʼtiborida turgan ana shu katta siyosat mohiyatini hammamiz chuqur va teran anglab yetish yoʻlidamiz.

    Qarorga sharh: Prezidentimizning tarixiy ahamiyatli qarori bilan bolalar-oʻsmirlar sport maktabi direktorining ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy etilmoqda. Besh va uch bosqichli musobaqalari davomida gʻolib va sovrindor yoshlarni tarbiyalagan maktablarning jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari, sport taʼlim muassasalari murabbiylari malaka attestatsiyasiga jalb etilmaydi, shuningdek, ularga belgilangan tartibda malaka toifasi beriladi.

    Har ikki yangilik, avvalo, ragʻbat bilan bogʻliq ekaniga urgʻu qaratgan holda, Oʻzbekistonda koʻtarinki ruhda tarbiyalangan yoshlar oqimi paydo boʻlishiga kuchli zamin yaratadi.

    Bundan tashqari, endi hokimlar ham bevosita mahallalarga tushib, sport islohoti bilan shugʻullanadi. Chunki qarorda hududlarda tashkil etiladigan boshqa sport musobaqalari tuman (shahar) va viloyat bosqichi gʻoliblari uchun hokim sovrinini taʼsis etish belgilangan.

    Albatta, bu sport musobaqalariga madaniy-maʼrifiy tadbirlarning uygʻun olib borilishi ham yangi Oʻzbekiston islohotlariga gʻoyat hamohangdir. Boisi, mamlakatimizda mustahkam, xalq tafakkuri bilan yaralgan kuchli maʼnaviy makon paydo boʻlmoqda. Bu makon muhiti bizni faqat yuksalishga, tashabbuskorlikka, daxldorlik yoʻliga chorlab qoladi.

    Ulugʻbek ASROROV,

    sharhlovchi