Sogʻlom ota-onadan ham jismonan, ham ruhan sogʻlom avlod dunyoga keladi. Shuning uchun yurtimizda onalik va bolalikning huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy himoyasini taʼminlash, xotin-qizlarning hayot tarzi va moddiy ahvolini yaxshilash, jamiyat hayotining barcha jabhasida ishtirok etishi uchun mustahkam huquqiy asoslar yaratildi. Yoshlarni oila qurishdan oldin majburiy tibbiy-koʻrikdan oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgan.

Aholining reproduktiv salomatligini yaxshilash, ayollarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va doimiy nazoratga olish, bepul vitaminlar bilan taʼminlash, yurtimizning chekka hududlarida istiqomat qilayotganlarni sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish maqsadida joylarda oilaviy poliklinikalar barpo etish va ularni zamonaviy tibbiy uskunalar hamda malakali kadrlar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Ona va bola skrining markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Perinatal markazlar tashkil etildi. Tugʻuruq komplekslarida qayta qurish va taʼmirlash ishlari olib borilib, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlandi. Aholiga tibbiy yordam koʻrsatishning barcha darajasini uygʻun holda rivojlantirish, tizimni zamonaviy talablarga moslash boʻyicha keng koʻlamli ishlar bajarilmoqda. Jumladan, yurtimizda ayollar va bolalarga shoshilinch va ixtisoslashgan tibbiy yordamni rivojlantirish asosida zamonaviy skrining dasturlari joriy etilmoqda. “Ona va bola” hududiy koʻp tarmoqli tibbiyot majmualari va maʼlumotlar tizimlarini shakllantirish asosida onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimi takomillashtirildi.

Hayotimiz quvonchi, avlodimiz davomchisi

Yurtimizda aholining 60 foizga yaqinini yoshlar tashkil etadi. Shu maʼnoda, navqiron avlodning jismonan sogʻlom, maʼnan yetuk ulgʻayishiga alohida ahamiyat berilmoqda. Bu haqda gap ketganda, bolalar salomatligini taʼminlash borasida salmoqli ishlar qilinayotganini taʼkidlash oʻrinli. Jumladan, 2022-yil 1-maydan boshlab barcha koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarda bolalar boʻlimi tashkil etildi. 17 mingdan ziyod tibbiyot brigadalariga yana qoʻshimcha 8,5 mingta bolalar hamshirasi va doya (akusher) shtatlari berildi. Ular onalarga bolalarning sogʻlom boʻlib dunyoga kelishidan tortib, voyaga yetguniga qadar toʻgʻri parvarish qilishni oʻrgatmoqda.

Donishmand xalqimizda bir naql bor: kasallikni davolagandan koʻra, uning oldini olgan afzal. Ana shu mantiq asosida bolalar uchun profilaktik koʻriklar dasturi qayta koʻrib chiqilib, 18 yoshgacha boʻlgan bolalarni pediatr, stomatolog, endokrinolog, ortoped kabi eng zarur mutaxassislar tomonidan manzilli koʻrikdan oʻtkazish tizimi joriy qilindi. Bu esa, kasalliklarni erta aniqlash va oʻz vaqtida ularni davolash choralarini koʻrish imkonini bermoqda.

2021-yildan boshlab bolalar uchun ovqatni boyitadigan qoʻshimchalar, vitamin A va gijjaga qarshi antigelmint preparatlarni bepul berish yoʻlga qoʻyilgandi. Ushbu ishlar davom ettirilib, 2022-yil 1-iyuldan boshlab 3–15 yoshli bolalarga yod preparatlari davlat tomonidan bepul tarqatilishi joriy qilindi. Bu orqali kelgusi besh yilda bolalarda buqoq, kamqonlik kasalliklarini 30 foiz kamaytirish, ularning aqliy va jismoniy sogʻlom rivojlanishi uchun asos yaratiladi.

Bugun zamon shiddat bilan oʻzgarmoqda. Har bir sohaga yuqori texnologiyalar, innovatsion uslublar kirib kelmoqda. Jumladan, tibbiyot sohasiga ham. Ana shu talabdan kelib chiqib, bolalarga birlamchi boʻgʻinda koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlarni yuqori texnologik amaliyotlar bilan bogʻlashga eʼtibor qaratilyapti. Bu borada Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya markazida genetik laboratoriya hamda uning 13 ta hududiy boʻlimlari tashkil etilishi belgilangan. Ushbu laboratoriya bolalar orasida nogironlikka olib keluvchi, jumladan, kam uchraydigan (orfan) kasalliklarni erta aniqlash boʻyicha genetik tekshiruvlar oʻtkazadigan zamonaviy asbob-uskunalar bilan taʼminlanadi.

Sogʻliq — oʻzimizga bogʻliq

Mamlakatimizda yoshlar oʻrtasida sport va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga katta kuch, mablagʻ safarbar etilgan. Oʻtgan yillarda bolalar sportini rivojlantirish, ularni ommaviy sportga jalb qilish borasida ulkan ishlar bajarildi. Jumladan, Besh tashabbus olimpiadasining tashkil etilishi va muntazam oʻtkazilayotgani, eng chekka hududlarda ham muhtasham sport majmualarining bunyod etilgani va ushbu maskanlarda sport mashgʻulotlarini oʻtagan yoshlarning dunyo arenalarida yurtimiz bayrogʻini baland koʻtarayotgani sogʻlom avlodni tarbiyalashdek ulugʻvor maqsadimizni ifoda etadi.

Bir paytlar qishloq joylarida qizlarning badiiy gimnastika bilan shugʻullanishini tasavvur qilib boʻlmas edi. Bugun sportning bu turi boʻyicha federatsiya tashkil etilgan. Barcha hududlarda sharoitlar yaratilayotgani sabab badiiy gimnastika bilan muntazam shugʻullanadigan qizlar soni muntazam oshmoqda.

Besh muhim tashabbus hamda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida olis hududlarda ham yangidan-yangi sport obyektlari ishga tushirilib, yoshlar sportga faol jalb etilmoqda. Bugun yurtimizda 2 million nafardan ziyod bola 30 dan ziyod sport turi bilan muntazam shugʻullanmoqda. Jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish yoshlarning jismoniy rivojlanishi, salomatligining mustahkamlanishiga zamin yaratmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan davrda bolalar oʻrtasida oʻtkir respirator virusli infeksiyalar, pnevmoniya (zotiljam), bronxit, skolioz umurtqa pogʻonasi qiyshayishi kabi xastaliklarga chalinish holatlari kamayganini kuzatish mumkin.

Sport, avvalo, salomatlik degani

Jismoniy faoliyat barcha yoshdagi bolalar uchun muhim ahamiyatga ega. Sportga oshno bolalarda immun tizimi, yurak hajmi, oʻpkaning tiriklik sigʻimi va boshqa bir qator koʻrsatkichlar yuqori darajada boʻladi. Salomatlik uchun jismoniy holatni muntazam saqlash muhimligi isbotlangan. Bu ortiqcha vaznni kamaytirish, yurak-qon tomir va metabolik kasalliklarning rivojlanish xavfiga qarshi qulay tuzilmani yaratish, shuningdek, suyak toʻqimasini mustahkamlash hamda depressiya belgilarini kamaytirishga yordam beradi.

Sport bilan shugʻullanadigan bolalar va oʻsmirlarda chiniqish, chaqqonlik, epchillik xislatlari oshish bilan birga, ular organizmining biologik xususiyatlari ham jiddiy ravishda oʻzgarib boradi. Bu holat ularda nafaqat organizmning, balki ruhiy-psixologik holatning ham rivojlanishiga olib keladi. Ayniqsa, suzish va badiiy gimnastika kabi keng ommalashgan sport turlari shugʻullanuvchilar salomatligiga nihoyatda ijobiy taʼsir qiladi.

Oʻrtacha koʻrsatkichlarga koʻra, sport bilan shugʻullanadigan qizlar (ayniqsa, gimnastikachilar) va oʻgʻil bolalar uchun oʻrtacha vazn-boʻy indeksi Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti standartlariga toʻla mosdir. Suzish va badiiy gimnastika bilan shugʻullanish jinsidan qatʼi nazar, barcha yoshdagi bolalarning sogʻlom ulgʻayishiga yordam beradi. Ikkala sport turi ham, ayniqsa, qizlarning rivojlanishiga foydali taʼsir koʻrsatadi, ammo eng uygʻun rivojlanish badiiy gimnastika bilan shugʻullanadigan qizlarda namoyon boʻladi. Bu holat suzish bilan shugʻullanadigan oʻgʻil bolalarda ham kuzatiladi. Shu bois, bugun farzandlarimizni erta yoshdanoq sport va jismoniy faol turmush tarziga jalb etishimiz maqsadga muvofiq.

Bolalar va oʻsmirlarni sport turlariga jalb etishning boshlangʻich bosqichida jismoniy tarbiya—sogʻlomlashtirish va tarbiyaviy ishlar olib boriladi. Bunda asosiy eʼtibor jismoniy tayyorgarlikka va tanlangan sport turining texnikasi asoslarini oʻzlashtirish, jismoniy xususiyatlarga qaratiladi. Shu bilan birga, bolalar va oʻsmirlar organizmining asab tizimi, individual qobiliyati, moyilligi, sport turini tanlash, tayyorgarlik bosqichiga oʻtish kabi nazorat standartlarining bajarilishi hisobga olinadi.

Ushbu bosqichda oʻquvchilar umumiy jismoniy va maxsus tayyorgarlik boʻyicha nazorat va koʻchirish standartlarini bajaradi. 12-14 yoshli oʻquvchilar kamida 1 yil davomida zaruriy tayyorgarlikdan oʻtadi va umumiy jismoniy hamda maxsus tayyorgarlik boʻyicha qabul meʼyorlarini bajargan sogʻlom oʻquvchilardan tanlov asosida guruhlar shakllantiriladi. 15-16 yoshli sportchilardan tashkil topgan guruhda oʻquv bosqichidan oʻtgan hamda sport mahorati darajasiga qoʻyiladigan talablarni bajargan oʻsmirlar shugʻullanadi.

Suzish va badiiy gimnastika bolalarning oʻsishi va rivojlanishini uygʻunlashtirishga yordam beradi. Bunda barcha yosh guruhlaridagi qizlar va oʻgʻil bolalarda qoʻllarning mushaklar kuchi va chidamliligi koʻrsatkichlari sezilarli darajada yuqori boʻladi. Koʻproq darajada bu koʻrsatkichlar intensiv sport mashgʻulotlarida ifodalanadi. Jismoniy va ruhiy-hissiy rivojlanishning qoniqarli koʻrsatkichlari bevosita bola yoki oʻsmirning sport bilan shugʻullanishiga bogʻliq. Oʻgʻil bolalar uchun suzish, qizlar uchun esa badiiy gimnastika bu yoshda zarur jismoniy faoliyatni taʼminlaydi. Shu bilan salomatlikni, faollikni, kayfiyatni yaxshilaydi. Demak, sport xalqimizning azaliy orzusi — barkamol avlodni kamolga yetkazish, ular timsolida Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishda muhim oʻrin tutadi.

Fotima RAHMATOVA,

Toshkent tibbiyot akademiyasi oʻqituvchisi,

tibbiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori