Maʼlumki, har yili kuz-qish mavsumida fuqarolarning oʻz xonadonlaridagi isitish moslamalaridan notoʻgʻri foydalanishi, xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasligi oqibatida yurtimizda aholi oʻrtasida is gazidan zaharlanish holatlari sodir boʻladi. Eng yomoni, buning oqibatida oʻnlab insonlar vafot etadi.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi: xoʻsh, is gazi oʻzi nima? U qanday hosil boʻladi? Is gazidan zaharlanganda insonda qanday belgilar kuzatiladi?

SSV Matbuot xizmati shu savollar bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor ALIMOVga murojaat qildi.

— Is gazi juda “ayyor” – u asosan tabiiy gaz, koʻmir, oʻtin choʻgʻlarining toʻliq yonmasligi natijasida hosil boʻladi, — deydi D. ALIMOV. — Uning eng xavfli jihati hech qanday hid va rangga ega emasligidadir. Shu bois ham, mutaxassislar is gaziga “sezdirmasdan oʻldiruvchi” deya taʼrif berishadi.

Ushbu gaz organizmga nafas aʼzolari orqali taʼsir etib, gemoglobin bilan kislorodga nisbatan 300 marotaba kuchli birikma – karboksigemoglobin hosil qiladi. Buning oqibatida gemoglobinning toʻqimalarga kislorod tashish xususiyati keskin pasayib, gipoksiya, ogʻir xolatlarda esa anoksiyaga olib keladi. Hatto, zaharlanish oqibatida oʻlim holatlari kuzatilishi mumkin.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, dunyoda is gazidan zaharlanish tufayli sodir boʻladigan oʻlim holatlari alkogoldan zaharlanish sababli kuzatiladigan oʻlimlardan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Birgina AQSHda har yili oʻrtacha 400 nafarga yaqin inson ushbu gazdan zaharlanish oqibatida vafot etadi.

Afsuski, yurtimizda ham bu boradagi koʻrsatkichlar havas qilarli darajada emas. Raqamlarga murojaat qilsak, oʻtgan 2020-yilda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallari orqali 633 nafar bemor gospitalizatsiya qilinib, afsuski, shundan 14 nafar bemorda oʻlim holati kuzatilgan. Bu koʻrsatkichga uyida, yaʼni voqea joyida vafot etganlar soni qiritilmagan. Birgina RSHTYOIMning oʻzida oʻtgan yilning noyabr va dekabr oylarida is gazidan 21 nafar bemor davolanib chiqdi.

— Qanday omillar is gazidan zaharlanishga sabab boʻladi?

— Maʼlumki, kuz-qish mavsumida yurtimizda koʻpchilik aholi oʻz xonadonlarida qoʻlbola va standart talablariga javob bermaydigan isitish jihozlaridan foydalanadi. Aytish mumkinki, bu holat is gazidan zaharlanishga sabab boʻluvchi eng asosiy omillardan biri sanaladi. Shuningdek, gaz tarmoqlariga rezina shlang orqali ulanish, dudburonlarni oʻz vaqtida tozalamaslik, uy ichini isitish maqsadida ochiq olovdan foydalanish, havo almashtiruvchi shaxtalar yoki tuynuklarni berkitib (toʻsib) qoʻyish ham zaharlanishga olib keladi.

Is gazidan zaharlanish qisqa muddatlarda yoki asta-sekinlik bilan yuzaga chiqishi mumkin. Bu esa oʻsha muhitdagi havo tarkibida mavjud boʻlgan gazning konsentratsiyasiga bogʻliq. Yaʼni juda yuqori konsentratsiyalarda zaharlanish tezda yuzaga chiqsa, gaz miqdori kam boʻlganda bu holat asta-sekin sodir boʻladi.

— Is gazidan zaharlanganda insonda qanday belgilar namoyon boʻladi?

— Agar odam ushbu gazdan kuchli zaharlangan boʻlsa, unda hushning yoʻqolishi, turli xil tutqanoqlar va nafas toʻxtashi kabi belgilar kuzatiladi. Is gazi konsentratsiyasi kam miqdorda boʻlganda mushaklar boʻshashishi, bosh aylanishi, quloqlarda shovqin, koʻngil aynish, qusish, uyquchanlik, harakatlarning qisqa muddatga faollashishi, keyinchalik harakat muvozanatlarining izdan chiqishi roʻy berishi mumkin. Ayrim hollarda esa alahsirash, gallyutsinatsiyalar, hushning yoʻqolishi, tutqanoqlar, koma, nafas markazining falajlanishi, hatto, oʻlim holati sodir boʻladi.

Nafas toʻxtaganidan keyin ham yurak faoliyati biroz davom etishi mumkin. Baʼzida zaharlanishdan 2-3 hafta oʻtib ham bemorlarning vafot etish holatlari qayd etilgan.

Shunday ekan, har bir yurtdoshimiz is gazi xavfidan ogoh boʻlishi va bunga jiddiy eʼtibor qaratishi, isitish moslamalaridan toʻgʻri foydalanishi, eng muhimi, yuqoridagi sabablarning kelib chiqishiga yoʻl qoʻymasligi lozim.