Hech qanday haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan va rasmiy manbalar orqali tasdiqlanmagan bu kabi uydirma xabarlarni tarqatuvchilar endilikda internetda Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi nomidan maxsus sahifa ochib, odamlarni oʻz tuzogʻiga ilintirishga intilmoqda.

Xususan, mana bu sahifa vazirlikning rasmiy veb-sayti bilan bir xil dizaynda tayyorlangan va uning asosiy fonida vaksina olganlarga 750 ming soʻm miqdorida pul mablagʻi berilishi aytilgan. Buning uchun shaxsiy maʼlumotlarni kiritish soʻralgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi mazkur holat boʻyicha quyidagilarni maʼlum qiladi:

Yuqorida keltirilgan axborot firibgarlik maqsadida tarqatilgan boʻlib, u hech qanday rasmiy asosga ega emas.

Shu bois vazirlik aholidan bu kabi feyk xabarlarga ishonmasliklarini, vaksinatsiya jarayonlari bilan bogʻliq eng toʻgʻri maʼlumotlarni Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy ssv.uz sayti hamda telegramdagi sahifalari orqali olishlari mumkinligini eslatib oʻtadi.

Unutmang, bu kabi yolgʻon xabarlarni tarqatish tegishli tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.