Sud-huquq sohasida yangi davr

    Fikr 18 Yanvar 2021 5554

    Bugungi kunda qator sohalarda olib borilayotgan islohotlarning samarasi fuqarolarning qonun oldida tengligi, insonparvarlik, adolatlilik, qonun ustuvorligini taʼminlanishiga bogʻliq.

    Shu bois, Prezidentimiz 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomasida yurtimizda qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq sohasini takomillashtirish masalalarga alohida toʻxtalib, erishilgan natijalar va kelgusidagi vazifalar haqida toʻxtalib oʻtdilar.

    Jumladan, jazo tizimini liberallashtirilishi munosabati bilan 2020-yilda jinoyat sodir qilgan 74 foiz shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolar tayinlanganligi, xalqimizning insonparvarlik, bagʻrikenglik, kechirimlilik kabi oʻziga xos qadriyatlarining chin maʼnodagi yuksak namunasi sifatida jinoyat sodir qilgan 616 nafar afv etilganligi, 719 shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilganligi eʼtirof qilindi. Bu oʻz navbatida odamlarning sud-huquq tizimiga boʻlgan ishonchini ortib borishiga ham sabab boʻlmoqda.

    Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, oxirgi 4 yil davomida sud-huquq sohasini isloh qilish borasida 40 dan ortiq Qonun, Farmon va qarorlar qabul qilinganligini, adolat va qonun ustuvorligini taʼminlashda sud hokimiyati hal qiluvchi oʻrinni egallashini, bu borada qilinishi lozim boʻlgan ishlar talaygina ekanligi davr taqozosidir.

    Shunga koʻra, 2021-yilda viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvi saqlanib, sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlari tashkil etiladigan boʻldi. Bundan tashqari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etilishi hududlarda yagona sud amaliyotini shakllantirishi fuqarolar va tadbirkorlarning ortiqcha ovoragarchiligini oldini olishga xizmat qiladi.

    Oʻzgarishlardan yana biri shuki, endilikda ortiqcha sud instansiyalarini bekor qilish yoʻli bilan “bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy qilinishi esa tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat darajasidagi sudlar tomonidan apellyatsiya tartibida, apellyatsiya tartibida koʻrilgan sud qarorlarini esa Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish, kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan ishlar boʻyicha sud qarorlarini esa Oliy sud raisi, Bosh prokuror va ularning oʻrinbosarlari protestiga koʻra kassatsiya tartibida takroran koʻrib chiqish yoʻlga qoʻyilishi, sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish instituti tugatilishi sudda har bir ish boʻyicha yakuniy xulosa qilishga erishiladi.

    Dastlabki eshituv institutining joriy qilinayotganligi endilikda sudlarda ishlarni koʻrishda inson huquqlari va kafolatlarini yana-da kuchaytirish va taraflarning bahslasha olish tamoyilini amalda roʻyobga chiqarishga, jinoyat ishini umumiy asoslarda koʻrishga monelik qilayotgan sabablarni oʻz vaqtida bartaraf etish imkoniyatini beruvchi qarorlar qabul qilish jarayonida taraflarning tortishuvi prinsipga soʻzsiz rioya qilinishiga, sud muhokamasi davomida maqbul dalillardan foydalanish uchun imkon yaratishga xizmat qiladi.

    Shuningdek, jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyilini keng qoʻllashni davom ettirib, manzil koloniyalarni qisqartirish va ozodlikdan mahrum qilish jazolari yengilroq jazoga almashtirilsa toʻgʻridan-toʻgʻri probatsiya xizmatiga oʻtkazilishi, jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish va shartli ozod qilish haqida taqdimnoma kiritish vakolatini jazoni ijro etish rahbarlaridan yangi tashkil qilinayotgan “Insonparvarlik komissiyasi”ga oʻtkazish haqidagi takliflari oʻta muhim ahamiyatga egadir. Chunki ayni jarayon shaxslarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, buning oqibatida jabr tortadigan har bir oila va oila aʼzolari, ayniqsa, oʻsib kelayotgan oʻgʻil-qizlarning kelgusi taqdirini hamda ularning kelajagini turli salbiy taʼsir va jiddiy sinovlardan himoya qilishga, oʻz oilasi bagʻrida boʻlib, oilasi taqdiri bilan shaxsan shugʻullanishiga mustahkam sharoit yaratadi.

    Soʻngi vaqtlarda qiynoqlar masalasiga butunlay barham berish borasida talaygina ishlar amalga oshirilgan boʻlsada, ayrim holatlarda bunday noxush holatlar soha xodimlari tomonidan sodir etilgani haqida goh-gohida xabarlar tarqalib turayotgandi. Murojaatnomada ayni muammo xususida alohida eʼtibor qaratildi.

    Davlatimiz rahbari qiynoqlarni oldini olish, bu borada Inson huquqlari markazi va Ombudsman vakolatini kengaytirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, har chorakda Ombudsman tomonidan tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida monitoring oʻtkazishi va aniqlangan holatlar boʻyicha Oliy Majlisi palatalariga hisobot taqdim qilish amaliyotini joriy qilish haqida takliflarni ham ilgari surdi. Bu taklifning amaliyotga tatbiq etilishi nihoyat muhimdir. Chunki, ayni jihat sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini yana-da ishonchli himoya qilinishi, ularning shaʼni hamda qadr-qimmati kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik, muhimi, sud va tergov organlarining masʼuliyatini yana-da kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu esa pirovardida odamlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va sudga boʻlgan ishonchini oshirib borishga imkon beradi.

    Murojaatnomada sud-huquq tizimida amalga oshirish zarur boʻlgan vazifalar sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash, nufuzini oshirib borish barobarida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishda yangi davrni boshlab berishi shubhasiz.

    Sanjar IBADOV,

    Toshkent shahar Jinoyat ishlari

    boʻyicha Yakkasaroy tuman sudi sudyasi