Tadbirda Oliy sud masʼul mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari va blogerlar ishtirok etdi. Matbuot anjumanida sud tizimining ijtimoiy ahamiyati, inson huquqlari va qonuniy manfaatlarni himoya qilishdagi natijalar hamda raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekistonda “Inson qadri” gʻoyasi asosida olib borilayotgan siyosiy va huquqiy islohotlar sud sohasida ham sezilarli natijalar bermoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilinishi bilan fuqarolarning huquq va erkinliklari, shuningdek, qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlari yanada kuchaytirildi. Bu jarayonda aholi va tadbirkorlar uchun odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlari kengaytirildi va sudga murojaat qilish jarayonlari toʻliq raqamlashtirildi.
Oliy sudning interaktiv xizmatlar portali orqali ariza yuborish, ishda ishtirok etish, sud hujjatlarini olish va ishlarni koʻrish jarayoni haqida maʼlumot olish imkoniyatlari joriy qilindi. Shu bilan birga, sudlar faoliyatining ochiqligi oshirildi, ommaviy axborot vositalari orqali brifinglar va uchrashuvlar tashkil etildi. Bu aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga xizmat qilmoqda, dedi masʼul mutaxassis.
2025-yildan boshlab jinoyat ishlarida insonparvarlik tamoyillari asosida “Xabeas korpus” instituti keng tatbiq etilmoqda, tergov sudyalari instituti esa milliy amaliyotga joriy qilindi. Hozirda 263 nafar tergov sudyalari 205 ta jinoyat ishlari boʻyicha fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilmoqda. Shuningdek, maʼmuriy sud ishlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish va fuqarolarning huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan konsepsiya tasdiqlandi.
Sud sohasini raqamlashtirish boʻyicha bir qator farmonlar qabul qilindi. “Raqamli sud” va “Aqlli sud” zallari tashkil etildi, sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy qilindi. Sudlarning barcha instansiyalarida ishlarni avtomatik taqsimlash jarayoni yoʻlga qoʻyildi, bu orqali ishlarni koʻrish samaradorligi 90%gacha oshirildi. Sud amaliyotida aniqlangan kamchiliklar tahlil qilinadi va qonunchilikdagi ziddiyatlarni bartaraf etish boʻyicha doimiy ishlar olib borilmoqda.
2025-yilda sudlar tomonidan qariyb 4 milliondan ortiq ish koʻrildi: 2 million fuqarolik, 63 ming jinoyat, 691 ming maʼmuriy huquqbuzarlik va 690 ming iqtisodiy ishlar. Sudyalar orasida oʻrtacha oylik ish hajmi fuqarolik ishlari boʻyicha 556 ta, iqtisodiy ishlar boʻyicha 388 ta va tergov sudyalari boʻyicha 380 tani tashkil etdi. Shu bilan birga, yuqori instansiya sudlariga shikoyat berilgan ishlar 3,3%ni tashkil etdi, qolgan 96,7% ishlar tomonlar kelishimi bilan hal qilindi, dedi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sud raisining birinchi oʻrinbosari Alisher Usmonov.
2025-yilda sudlar tomonidan qariyb 422 nafar shaxs oqlangan. Shuningdek, 15 992 nafar shaxsga nisbatan asossiz qoʻyilgan qoʻshimcha ayblovlar olib tashlandi yoki oʻzgartirildi, 8 085 nafar shaxs sud zalidan ozod qilindi, 35 572 nafar shaxs muddatdan ilgari shartli ozod qilindi. Oila va mehnat nizolarini hal etishda ham sudlar faol ishtirok etdi: 134 mingdan ortiq oilaviy nizolar koʻrildi, 5 235 oila yarashtirildi, 14 mingdan ortiq mehnat daʼvolari hal qilindi va ularning 59% qanoatlantirildi.
Iqtisodiy sudlar tomonidan 691 ming ish koʻrildi, 73 mingdan ortiq ish tadbirkorlar foydasiga hal qilindi va 10,8 trln soʻm miqdorida mablagʻlar tiklandi. Investitsiyaviy nizolar boʻyicha 144 ta ish koʻrildi, ularning 61% qanoatlantirildi. Shuningdek, 3 755 ish mediativ kelishuv orqali hal qilindi, bu tadbirkorlar oʻrtasida hamkorlikni saqlab qolishga xizmat qildi.
Maʼmuriy sudlar tomonidan 17 714 ta ishdan 39,5% ish fuqarolar va yuridik shaxslar foydasiga hal qilindi. Sudlar tomonidan 72 mingdan ortiq xususiy ajrimlar chiqarildi, ular asosan korrupsiya, bezorilik va yoshlar jinoyatchiligi bilan bogʻliq ishlar boʻyicha qabul qilindi. Shuningdek, sudlar orqali huquqiy ongni oshirish maqsadida 69 mingdan ortiq targʻibot tadbirlari amalga oshirildi, 100 dan ortiq seminar va mashgʻulotlar tashkil etildi.
Sud binolari qurish va rekonstruksiya qilish, zamonaviy jihozlash ishlari boʻyicha 2025–2030-yillar davomida manzilli dastur tasdiqlandi. Zamonaviy binolarda fuqarolarni qabul qilish xonalari, videokonferensaloqa tizimi, advokat va prokuror xonalari, ona va bola xonalari, tibbiyot xonasi, sudya va xodimlar uchun maxsus xonalar hamda “Raqamli sud” zallari tashkil etildi. Har bir binoda isitish va sovutish tizimi, qoʻriqlash va yongʻinga qarshi xavfsizlik tizimlari oʻrnatildi.
Sud interaktiv xizmatlari orqali fuqarolar sud jarayonini onlayn kuzatishi, elektron ariza yuborishi va ish natijalari haqida maʼlumot olishi mumkin. Sudlanuvchilar qamoqxona va jazoni ijro etish muassasalarida videokonferensaloqa orqali ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlib, bu orqali 205 mlrd soʻmdan ortiq byudjet mablagʻi tejaldi. Shuningdek, sudlar 35 davlat tashkiloti va 54 axborot tizimi bilan integratsiya qilindi, bu jarayonda elektron ish yuritish samaradorligi yanada oshirildi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston sud tizimida intizom va javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda. 2022–2025-yillar davomida 50 dan ortiq sudya turli qonunbuzarliklar sabab lavozimidan ozod etilgan, ayrimlari esa korrupsiyaviy holatlar yoki adolatli qaror chiqarmaganlik uchun javobgarlikka tortilingan. Mutaxassislar bu holatni sud tizimida murosasiz muhit shakllanishi sifatida baholamoqda.
Matbuot anjumanida OAV xodimlari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil mutaxassislar tomonidan javoblar olishdi. Muloqotda eng koʻp muhokama qilingan masalalardan biri — soxta jabrlanuvchilar va guvohlar muammosi boʻldi. Ayrim hududlarda bir shaxsning bir nechta jinoyat ishida jabrlanuvchi sifatida ishtirok etishi jiddiy savollarni keltirib chiqarmoqda. Masʼullar esa Jinoyat-protsessual kodeksida bunday holatlarni tartibga soluvchi moddalar mavjudligini va soxta guvohlik aniqlanganda shaxslar javobgarlikka tortilishini taʼkidladi. Shu bilan birga, jinoyatchilikka qarshi kurashda fuqarolarning faol ishtiroki ham muhimligi qayd etildi.
Raqamli sud tizimining xavfsizligi masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Sud axborot tizimlari ichki maʼlumotlarni saqlash markazlarida joylashtirilgan, zaxira nusxalar bilan himoyalangan va maxsus boʻlimlar tomonidan 24 soatlik monitoring amalga oshirilmoqda. Hozirgacha jiddiy kiberhujumlar oqibatida tizim faoliyatiga putur yetkazilgan holatlar qayd etilmagan.
Shu bilan birga, sudlar va OAV oʻrtasidagi ishonch va hamkorlikni mustahkamlash, jurnalistlar uchun maxsus seminar va treninglar oʻtkazish rejalashtirilgani bildirildi.
Muloqot yakunida sud tizimida infratuzilma, raqamlashtirish, ochiqlik va javobgarlik boʻyicha muhim ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Sud mustaqilligi va holisligini taʼminlashda har qanday tashqi bosim va shoshma-shosharlik bilan berilgan baholar xavfli ekanligi qayd etildi. Sud hokimiyati va ommaviy axborot vositalarining oʻzaro hamkorligi qonun ustuvorligini taʼminlashdagi eng muhim omillardan biri boʻlib qolmoqda.
Zulxumor Akbarova