Sud tizimida raqamlashtirish keng joriy qilinadi

    Fikr 22 Sentabr 2020 8361

    Mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida boʻlgani kabi, inson huquqlari va erkinliklarining kafolati sifatida adolatli sud-huquq tizimini shakllantirish borasidagi islohotlar izchil davom etmoqda.

    Oʻtgan davr mobaynida sudlar faoliyatini isloh qilish borasida bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi. 2017-yildan “Harakatlar strategiyasi” doirasida Oliy sud va Oliy xoʻjalik sudi birlashtirilib sud hokimiyati yagona maʼmuriy, jinoiy fuqarolik va iqtisodiy ishlar boʻyicha kollegiyalardan iborat Oliy sud tizimi tashkil etildi. Maʼmuriy va iqtisodiy sudlar tashkil qilindi.

    Sud — huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar davom etib, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali taʼminlash borasida izchil ishlar olib borilmoqda va tegishli qarorlar qabul qilinmoqda.

    Zamonaviy xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirishning mutlaqo yangi ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi PQ-3723-son Qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Ushbu konsepsiyaning asosiy yoʻnalishlari va vazifalaridan biri etib jinoyat protsessining yangi shakl va tartib-taomillarini joriy etish yaʼni sud-tergov faoliyatida, xususan “Elektron jinoyat ishi” va “masofadan soʻroq qilish” tizimlarini joriy etishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishni taʼminlash etib belgilandi.

    Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan 2020-yil 24-iyulda “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha
    chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmon qabul qilinib, ilgʻor tajribalar va xalqaro standartlar asosida sud tizimini “bir sud – bir instansiya” tamoyili asosida shakllantirish vazifalari belgilab berildi.

    Shu bilan birga, bugungi kunda sudlarda ishlarni koʻrishda koʻpgina vazirlik va idoralar bilan maʼlumot almashinuvi ularning axborot tizimlari oʻzaro integratsiya qilinmaganligi sababli asosan qogʻoz shaklida amalga oshirilayotganligi. Bundan tashqari, sudlar tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarga koʻrsatiladigan interaktiv xizmatlar yetarli darajada emasligi, ushbu xizmatlarning turini kengaytirish boʻyicha ishlarni jadallashtirish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Shuni taʼkidlash kerakki, qaror asosida 30ga yaqin davlat organlari va idoralar, hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari axborot tizimlarini Oliy sudning axborot tizimiga bosqichma-bosqich ulash sudlar faoliyatini axborot texnologiyalari foydalangan holda tashkil qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

    Qarorga asosan fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini kengaytirish, har bir murojaatni koʻrib chiqish jarayonining onlayn kuzatib borilishini taʼminlash, sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyatini yaratish, sud majlislarida masofadan turib, mobil qurilmalar va elektron hamkorlikning boshqa shakllari orqali ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish, eng asosiysi muayyan sudda koʻrilgan ish boʻyicha taraflar uchun sud qarorlarini onlayn tarzda olish imkoniyatlari yaratiladi.

    Bundan tashqari joriy yilning yakuniga qadar sud majlislarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi mobil dasturni ishlab chiqish va uni amaliyotga joriy etish, jazoni ijro etish muassasalarida maxsus xonalarni mahbuslarning sud majlislarida va sud rahbariyati qabullarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etishlari imkonini beruvchi uskunalar bilan jihozlash choralarini koʻrish belgilangan.

    2021-yilning 1-oktyabrdan boshlab barcha ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida “SMS” xabar orqali bepul asosda xabardor qilish va 2022-yil
    1-yanvardan esa sud qarorlarini ish boʻyicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi boʻyicha esa qogʻoz shaklida taqdim etish amaliyoti joriy qilinadi.

    2022-yil 1-yanvardan boshlab:

    davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga daʼvo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etish;

    manfaatdor shaxslar tomonidan daʼvo, ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish;

    sud majlisi ishtirokchilari tomonidan maʼlumotlar va hujjatlarni elektron shaklda yuborish imkonini beruvchi “Adolat” axborot tizimlari kompleksi joriy qilinadi.

    Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, sud tizimida raqamlashtirishni keng joriy qilish, sudlarga jismoniy va yuridik shaxslarni murojaat qilishni yana-da yengillashtirish hamda odil sudlov samaradorligini oshirish bilan bir qatorda, sudlar faoliyatini shaffofligini, ochiqligini taʼminlashga va sudlar mustaqilligini yana-da kuchaytirishga xizmat qiladi.

    Poʻlat Qobilov,

    Toshkent davlat yuridik universiteti

    Ixtisoslashtirilgan filiali oʻqituvchisi