Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida sud tizimini xalqga yaqinlashtirish, odil sudlovni taʻminlash va inson huquqlarini ishonchli himoya qilish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Ushbu maqsadlarga erishishda “raqamli sud” konsepsiyasi joriy etildi hamda sud va tergov faoliyatini raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish, shaffoflikni oshirish koʻzda tutildi. Endilikda jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan boshlab ishni sudga oshirishgacha boʻlgan jarayonlar bosqichma-bosqich avtomatlashtirilmoqda.

Shu bilan birga, sud-huquq tizimida institutsional yangilanishlar ham amalga oshirilmoqda. Xususan, tergov sudyalari instituti mustahkamlanib, 2026-yildan boshlab ularga sanksiya va majburlov choralarini oʻzgartirish hamda bekor qilish vakolatlari berilishi belgilandi. Bundan tashqari, xalqaro tajribaga tayangan holda “xalq vakillari hayʻati” instituti bosqichma-bosqich joriy etildi. Sud qarorlarining ijrosini taʻminlash sohasida ham raqamli texnologiyalar qoʻllanilmoqda: majburiy ijro jarayoniga sunʻiy intellekt elementlari kiritilib, yaqin yillarda ijro harakatlarining sezilarli qismi inson aralashuvisiz amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Bunday sharoitda sudlar faoliyatida raqamli texnologiyalar va elektron axborot alohida ahamiyat kasb etmoqda. Jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy ishlar boʻyicha hodisalarni aniq va ishonchli tahlil qilishda raqamli dalillar asosiy axborot manbaiga aylanmoqda. Shu bois sud xodimlari, tergovchilar va tergov sudyalari uchun raqamli dalillar bilan ishlash koʻnikmalarini shakllantirish dolzarb masalaga aylandi. Mazkur koʻnikmalar nafaqat texnik, balki huquqiy va axloqiy talablarni ham oʻz ichiga oladi.

Huquqiy talablar deganda raqamli dalillar bilan ishlashda qonun va qonunosti normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan qoidalarga rioya etilishi tushuniladi. Sudlar raqamli dalillarni baholash jarayonida ularning protsessual tartibda toʻplangani, saqlangani va taqdim etilganini tekshirishi shart. Shu bilan birga, raqamli dalillar sud amaliyotida bir qator muhim mezonlar — maqbulligi, ishga aloqadorligi, yetarliligi va ishonchliligi asosida kompleks baholanadi. Ushbu mezonlarning har biri raqamli dalillarning sud qaroriga taʻsir koʻrsatish darajasini belgilaydi.

Raqamli dalillarning maqbulligi ularning qonuniy asosda olinganligi va sudda dalil sifatida foydalanish mumkinligi bilan belgilanadi. Agar raqamli axborot protsessual tartib buzilgan holda olingan boʻlsa, u sud tomonidan rad etilishi mumkin. Ishga aloqadorlik mezoni esa dalilning muayyan ish boʻyicha isbotlanishi lozim boʻlgan holatlarga bevosita bogʻliqligini anglatadi. Sud raqamli dalil ishdagi voqealarni tasdiqlash yoki inkor etishga real hissa qoʻshadimi-yoʻqmi, degan savolga javob topadi.

Raqamli dalillarning yetarliligi va ishonchliligi sud xulosasini shakllantirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Yetarlilik dalillar majmuasi ish boʻyicha muhim holatlarni toʻliq yoritishga imkon berishini bildirsa, ishonchlilik raqamli axborotning haqiqiyligi va oʻzgartirilmaganligini anglatadi. Amaliyotda bu mezonlar xesh-qiymatlar, vaqt tamgʻalari hamda dalillarni saqlash va nazorat qilishning uzluksiz zanjiri (chain of custody) orqali taʻminlanadi.

Raqamli dalillar bilan ishlashning texnik jihati maxsus bilim va amaliy koʻnikmalarni talab etadi. Kompyuterlar, mobil qurilmalar va axborot tizimlaridan maʻlumotlarni oʻzgartirmagan holda olish, ularning aniq nusxalarini yaratish va keyingi tahlilni aynan shu nusxalar asosida olib borish muhim hisoblanadi. Masalan, sud ishida kompyuter yoki telefonda saqlangan maʼlumotlar dalil sifatida taqdim etilganda, mutaxassislar qurilmaning oʻzida emas, balki maxsus usullar orqali olingan nusxa ustida ish olib boradilar. Bu raqamli dalillarga nisbatan shubhalarning oldini oladi va sudning ularga boʻlgan ishonchini mustahkamlaydi.

Aytaylik, sudda bir ish koʻrilmoqda va unda kompyuter yoki telefonda saqlangan maʼlumotlar dalil sifatida taqdim etilgan. Bu holatda eng muhim texnik talablardan biri — ushbu maʼlumotlar olingan paytdan boshlab oʻzgartirilmagan boʻlishi shart. Shu sababli, mutaxassislar qurilmani oddiy ochib koʻrish yoki fayllarni qoʻlbola koʻchirish bilan cheklanmaydi. Aksincha, maxsus texnika yordamida maʼlumotlarning aniq nusxasi olinadi va keyin barcha tahlil ishlari aynan shu nusxa ustida olib boriladi.

Bu usulning ahamiyati shundaki, sudga taqdim etilayotgan raqamli dalillar “keyin qoʻshimcha kiritilmaganmi?” yoki “oʻchirib tashlanmaganmi?” degan shubhalardan xoli boʻladi. Natijada sud raqamli maʼlumotlarga ishona oladi, fuqarolar esa sud jarayoni adolatli oʻtayotganiga ishonch hosil qiladi. Mana shu oddiy misol texnik talablar raqamli dalillarning ishonchli boʻlishida naqadar muhim ekanini koʻrsatadi.

Raqamli dalillar bilan ishlashda axloqiy mezonlar ham muhim oʻrin tutadi. Sud va tergov organlari xodimlari hamda ekspertlar xolislik, betaraflik va masʻuliyat prinsiplariga amal qilishi lozim. Xususan, tekshiruv jarayonida ishga aloqasi boʻlmagan shaxsiy yozishmalar, oilaviy suratlar yoki maxfiy maʻlumotlar aniqlangan taqdirda, ulardan foydalanmaslik va tarqatmaslik talab etiladi. Bunday yondashuv fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini taʻminlab, sud tizimiga boʻlgan jamoatchilik ishonchini oshiradi.

Masalan, sudda koʻrilayotgan ishda ayblanuvchining mobil telefonidagi xabarlar va suratlar raqamli dalil sifatida oʻrganilmoqda. Tekshiruv jarayonida mutaxassislar telefonda ishga bevosita aloqasi boʻlmagan shaxsiy yozishmalar, oilaviy suratlar yoki xususiy maʼlumotlarga ham duch kelishi mumkin. Aynan shu paytda ahloqiy mezonlar alohida ahamiyat kasb etadi. Mutaxassislar va sud xodimlari ishga daxli boʻlmagan maʼlumotlarni tarqatmasligi, ulardan foydalanmasligi va faqat sud ishi uchun zarur boʻlgan qismlar bilan cheklanishi shart.

Bunday yondashuv fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini himoya qiladi va sud jarayoniga nisbatan ishonchni mustahkamlaydi. Agar raqamli dalillar bilan ishlashda axloqiy chegaralar saqlanmasa, hatto texnik va huquqiy jihatdan toʻgʻri olingan maʼlumotlar ham jamoatchilik nazarida shubha uygʻotishi mumkin. Shu sababli, ahloqiy mezonlarga rioya qilish raqamli dalillar bilan ishlashda adolatli va masʼuliyatli yondashuvning ajralmas qismi hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, sud-huquq tizimini raqamlashtirish sharoitida raqamli dalillar bilan ishlash sudlar uchun nafaqat texnik zaruriyat, balki professional va huquqiy talabga aylanmoqda. Raqamli dalillarni toʻgʻri baholash huquqiy bilimlar, zamonaviy texnik koʻnikmalar va yuqori axloqiy masʻuliyat uygʻunligini talab etadi. Aynan shu kompleks yondashuv orqali odil sudlovni taʼminlash, inson huquqlarini himoya qilish va sud qarorlariga boʻlgan ishonchni mustahkamlash mumkin boʻladi.

Baxtiyorjon Xamidov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
“Kriminalistika va sud ekspertizasi”
kafedrasi mudiri oʻrinbosari,
yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD).