Sunʼiy intellekt — Oʻzbekiston texnologik rivojlanishining asosi

    Sunʼiy intellekt va boshqa kognitiv texnologiyalarning joriy etilish jarayoni jahon boʻylab jadallashib bormoqda.

    Bugungi kunga qadar jahon mamlakatlari tomonidan sunʼiy intellektni rivojlantirish boʻyicha yettita xalqaro, ellikdan ortiq milliy strategiya qabul qilingan.

    Bu yoʻnalishda Oʻzbekistonda ham katta qadam tashlandi va sunʼiy intellekt sohasida qonunchilikdagi boʻshliq toʻldirildi. Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan Oʻzbekiston innovatsion rivojlanish strategiyasi va Ilm-fanni rivojlantirish konsepsiyasi doirasida mamlakatda sunʼiy intellektni rivojlantirishga qaratilgan meʼyoriy-huquqiy hujjat qabul qilindi.

    Ushbu hujjatda sunʼiy intellektni ilmiy-innovatsion rivojlantirishning asoslarini ishlab chiqish, mutaxassis kadrlar va olimlar yetishib chiqishi uchun shart-sharoit yaratishga alohida urgʻu berilgan. Innovatsion rivojlanish vazirligi sohadagi ilmiy-texnik tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni qoʻllab-quvvatlash uchun masʼul etib belgilangan.

    Sunʼiy intellekt sohasida ilm-fan va milliy innovatsion ishlanmalar ekotizimini yaratish maqsadida Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi hamda “Innoweek” innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida “Sunʼiy intellekt — texnologik rivojlanish asosi” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etiladi. Shuningdek, “Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt” doktorantura ixtisosligi tashkil etilib, stajyor-tadqiqotchilar hamda tayanch doktoranturada tahsil olish uchun har yili 5 kishilik kvota ajratiladi.

    Tabiiyki, ushbu chora-tadbirlarni hamda sunʼiy intellekt sohasida ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni amalga oshirish uchun mablagʻ zarur. Buning uchun Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasida hisob raqami ochiladi va startap loyihalarni jamoaviy moliyalashtirish, yaʼni “kraudfanding” mexanizmlari joriy etiladi.

    Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligi, transport, energetika, sogʻliqli saqlash kabi tarmoqlarga sunʼiy intellekt texnologiyalarini oʻz ichiga olgan innovatsion loyiha va yechimlar joriy etiladi. Bularning barchasi, oʻz navbatida, Sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish va ularni mamlakatimizda keng qoʻllash, raqamli maʼlumotlardan foydalanish imkoniyatini hamda ularning yuqori sifatini taʼminlash, ushbu sohada malakali kadrlar tayyorlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

    Anvarjon MIRZAALIYEV,

    Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassisi