Sunʼiy intellekt inson tafakkuri oʻrnini bosa oladimi?

    Bugungi kunda sunʼiy intellekt barcha sohalarda dadil qoʻllanilyapti va uning taʼsiri kundan kunga ortib bormoqda. Dastlab sunʼiy intellekt texnologiyalari, asosan, ilmiy-tadqiqot muassasalarida qoʻllanilgan boʻlsa, bugungi kunda ular kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylangan.

    Buning ajablanarli joyi yoʻq. Bugun biz ishlatayotgan “aqlli” qurilmalarning 80 foizi sunʼiy intellektning qaysidir jihatini oʻzida mujassam etgan. Bundan tashqari, moliyaviy hisobotlarda aytilishicha, biz sunʼiy intellekt inqilobi markazida turibmiz. 2026-yilga borib, uning global bozori 39,7 foizgacha oʻsishi prognoz qilinayotir.

    Shunday bir paytda sunʼiy intellekt zamonaviy ilm-fanni qanday oʻzgartirmoqda? U ilm-fandagi ixtirolar, kashfiyotlar oʻrnini bosa olyaptimi? Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi — UNICON.UZ

    Yangi raqamli texnologiyalarini oʻqitish markazi boshligʻi Saydiahrol ­SAYDIAKBAROV bilan suhbatimiz shu haqda boʻldi.

    — Sunʼiy intellekt zamonaviy ilm-fanga sezilarli oʻzgarishlar kiritib, tadqiqot usullari, maʼlumotlarni tahlil etish va qaror qabul qilish jarayonini oʻzgartirmoqda, — deydi Saydiahrol Saydiakbarov. — Inson biologiya, kimyo, fizika, astronomiya kabi zamonaviy fanlar har kuni ishlab chiqaradigan terabayt maʼlumotlarni qayta ishlashga qodir emas. Shu bois, sunʼiy intellektga yordam soʻrab murojaat qilayotgan olimlar soni ortib borayotir.

    Kundalik hayotimizda hamma bilgan ChatGPT yoki Alisa kabi sunʼiy intellektga asoslangan virtual assistentlardan foydalanayotganlarni koʻp koʻramiz. Ular inson uchun eng qadrli boʻlgan resurs, yaʼni vaqtni tejashga yordam beradi. Masalan, mashhur inson haqida maʼlumot kerakmi, marhamat, uch soniyada sizga tahlil qilingan maʼlumot elektron koʻrinishda taqdim etiladi. Agar siz ushbu maʼlumotni oʻzingiz qidirsangiz, bir necha adabiyotni tahlil qilishingizga, hattoki Googledan qidirsangiz ham oʻzingizga maʼqul keladigan havolani topishingizga 3 soniyadan koʻp vaqtingiz ketadi.

    Changyutkich kashf qilinganiga bir asrdan oshdi. Bugungi kunga kelib, changyutkichlar sunʼiy intellekt yordamida inson yordamisiz ishlay oladi. Yana bir misol, qoʻlimizdagi telefonlarda olingan tasvirlarga ­sunʼiy intellekt yordamida ishlov berish orqali tasvirlardan keraksiz obyektlarni olib tashlash imkoniyatiga ega boʻldik.

    Sunʼiy intellekt tadqiqotlarni jadallashtirishga qanchalik taʼsir qila oladi, degan haqli savol tugʻilishi mumkin. U maʼlumotlarni toʻplash va qayta ishlash kabi kundalik vazifalarni avtomatlashtirish imkonini beradi. Tadqiqotchilar vaqtini yanada ijodiy va murakkab vazifalar uchun boʻshatadi. Murakkab modellar va simulyatsiya­larni yaratish uchun ishlatilishi mumkin, bu esa farazlarni tezroq sinab koʻrish va ­tajriba oʻtkazish imkonini beradi.

    Ulkan hajmdagi maʼlumotlarni qayta ishlashda uning oʻrni beqiyos. Zamonaviy ilmiy tadqiqotlar koʻpincha katta hajmdagi maʼlumotlarni yaratadi (masalan, genomika yoki astronomiyada). Sunʼiy intellekt bu maʼlumotlarni tezda tahlil qilib, inson uchun noaniq boʻlgan qonuniyatlar va aloqalarni aniqlashga qodir. Mashinaviy oʻqitish algoritmlari maʼlumotlarni tasniflash, natijalarni prognozlash va anomaliyalarni aniqlashda yordam berishi mumkin.

    — Fanlararo tadqiqotlarda sunʼiy intellekt qanday vazifani bajaradi?

    — U ilmiy fanlarni birlashtirishga yordam beradi. Masalan, biotibbiyot tadqiqotlari sohasida sunʼiy intellekt yangi davolash usullarini ishlab chiqish uchun genetika, kimyo va klinik tibbiyot maʼlumotlarini birlashtirishi mumkin. Shuningdek, sunʼiy intellektdan ekologiya, sotsiologiya va iqtisodiyot kabi sohalarda foydalanish murakkab tizimlarni va turli omillar oʻrtasidagi oʻzaro taʼsirlarni oʻrganish imkonini beradi.

    Aniqlik va ishonchlilikni yaxshilaydi. Prognozli tahlillarda qoʻl keladi. Klinik tibbiyotdan iqlimshunoslikkacha boʻlgan turli sohalarda prognozlar aniqligini oshirishi mumkin, bu esa yanada asosli qarorlar qabul qilishga yoʻl ochadi.

    Inson omilini kamaytiradi. Sunʼiy intellektdan foydalanish maʼlumotlarni tahlil etish va natijalarni talqin qilishda inson xatosining taʼsirini kamaytiradi.

    — Yangi kashfiyot va innovatsiyalarda qanday oʻringa ega?

    — Sunʼiy intellekt muayyan xususiyatlarga ega yangi materiallarni topishga yordam beradi, bu elektronika va energetika kabi texnologiyalar uchun muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, farmatsevtikada sunʼiy intellekt yangi dori ishlab chiqish jarayonini tezlashtirish, molekulalar oʻrtasidagi oʻzaro taʼsirlarni tahlil qilish va samaradorligini bashoratlash uchun qoʻllaniladi.

    Ilmiy adabiyotlar tahlilida uning oʻrni alohida. Tadqiqotchilarga oʻzlarini qiziqtirgan mavzular boʻyicha dolzarb maqolalar va tadqiqotlarni tezda topishga yordam beradi, bu esa bilim olishni osonlashtiradi va yanada samarali taʼlim olishga koʻmak­lashadi.

    Aqlli qidiruv tizimlari orqali olimning oldingi ishlari asosida tegishli tadqiqotlarni tavsiya qilishi mumkin.

    Sunʼiy intellekt ilmiy tadqiqotlarga yondashuvlarni tubdan oʻzgartirib, ularni yanada samarali, tezkor va aniq qiladi. Biroq ilm-fanda sunʼiy intellektdan foydalanishning axloqiy jihatlarini, jumladan, algoritmlar shaffofligi, maʼlumotlarni himoya qilish va qabul qilingan qarorlar uchun javobgarlik masalalariga ham eʼtibor qaratish muhimdir. Ushbu omillarni hisobga olgan holda, sunʼiy intellekt kelajakdagi ilmiy taraqqiyotda muhim rol oʻynashda davom etadi.

    Shveysariyalik astrofizik Kevin Shavinski 2007-yilda Galaxy Zoo nomli startapini ishga tushirdi. Mazkur startap loyihaning asosiy maqsadi koinotdagi galaktikalarni morfologik tasniflashdan iborat. Loyiha nomidan kelib chiqib qaraydigan boʻlsak, Galaxy Zoo, yaʼni galaktikalar zooparki koinotdagi galaktikalarning koʻrinishi, yoshi va ranglariga qarab ularni saralash imkonini taqdim etdi. Misol uchun, Somon yoʻli (Milky way) spiralsimon galaktika sifatida tasniflanadi. Internet foydalanuvchilari oʻz taxminlari orqali olimga galaktikalar uchun toifalarni tasniflashda uzoq yillar davomida yordam berdi. Kevin Shavinski internet foydalanuvchilari taxminlari asosida ishlab chiqqan sunʼiy intellekt modeli esa bu ishni bir kechada uddalay oldi.

    Bugungi kunda eng mashhur generativ modellashtirish tizimlari generativ-raqobatli tarmoqlar hisoblanadi. Bu tarmoqlar shikastlangan tasvirlarni tiklash, xiralashtirilgan tasvirlarni aniqroq qilish imkoniyatiga ega. Tarmoq ikki qismdan iborat: birinchisi — yolgʻon maʼlumotlar generatori, ikkinchisi — yolgʻon maʼlumotlarni haqiqiy maʼlumotlardan farqlashi kerak boʻlgan detektor. Shu tarzda musobaqalashib, tarmoq yetishmayotgan axborotni aniqlashni oʻrganadi va asta-sekin rivojlanib boradi.

    Glazgo universiteti kimyogari Li ­Kronin yangi birikmalar olish uchun kimyo­viy moddalarni tasodifiy ravishda aralashtirish imkonini beruvchi sunʼiy intellektdan foydalangan. Real vaqt rejimida kimyoviy reaksiyalarni mass-spektrometr, yadro ­magnit rezonansi va infraqizil spektrometr yordamida kuzatish orqali tizim eng reak­sion qobiliyatli birikmalarni oldindan aniqlashni oʻrgandi.

    Kroninning fikricha, bunday robotlashtirilgan tizimlar kimyogar olimlar ishini 90 foiz tezlashtirishi mumkin.

    Syurixda olimlar jamoasi maʼlumotlar asosida fizikaning mashhur qonunlarini qayta ishlab chiqqan neyron tarmogʻidan foydalangan. U Quyosh va Marsning osmonda Yerga nisbatan joylashuvi haqidagi ­maʼlumotlarni oʻrganib, Quyosh tizimining geliotsentrik modelini qayta kashf etdi. Shuningdek, u bir-biriga urilayotgan sharlarni kuzatish orqali impulsning saqlanish qonunini yana bir bor tasdiqladi.

    “The Book of Why” (2018) kitobida informatik olim Jud Perl va fan targʻibotchisi Dana Makkenzi sabab-oqibat savollariga javob berish uchun maʼlumotlardan foydalanish befoyda ekanini taʼkidlaydi. Ularning fikricha, modellashtirilmagan maʼlumotlar tahliliga asoslangan har qanday tadqiqot faqat umumlashtirish va oʻzgartirishga qodir, ammo maʼlumotlarni hech qanday talqin qilmaydi.

    Bunday tadqiqotlarda sunʼiy intellektni qoʻllashning muvaffaqiyati ilm-fanda odamlar endi kerak emasligini anglatmaydi. Biroq bunday tizimlarga maʼlumotlarni qayta ishlashning oddiy vositasi sifatida qaramaslik kerak, sunʼiy intellekt ilmiy fikri toʻliq boʻlmasa-da, avtomatlashtirishga xizmat qiladi.

    — Sunʼiy intellekt sohasidagi global tendensiyalar va ilgʻor texnologiyalar nimalardan iborat? Uning mamlakat iqtisodiyotiga taʼsiri qay darajada?

    — Bugungi kunda sunʼiy intellekt biznes jarayonlarini avtomatlashtirishda qoʻl kelmoqda. Ishlab chiqarish, logistika va xizmat koʻrsatish kabi turli sohalarda kundalik vazifalarni avtomatlashtirish uchun sunʼiy intellektdan foydalanish ortib bormoqda. Bu samaradorlikni oshirish va xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi. Sunʼiy intellekt katta hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilishda faol qoʻllaniladi, bu esa kompaniyalarga yanada asosli qarorlar olish va bozor siyosatini bashorat qilishga yordam beradi.

    Buyumlar internetini rivojlantirishda ham uning roli katta. Sunʼiy intellekt integratsiyasi tufayli aqlli qurilmalar yanada aqlli boʻlib bormoqda, bu esa resurslarni boshqarishni yaxshilash va xizmat koʻrsatish darajasini oshirish imkonini beradi.

    Sunʼiy intellekt etikasini ishlab chiqish zarurati mavjud. Sunʼiy intellektning qoʻllanilishi ortib borishi bilan axloq, maxfiylik va masʼuliyat masalalari paydo boʻlmoqda. Standartlar va qoidalarni ishlab chiqish muhim mavzuga aylanmoqda.

    Ilmiy tadqiqot ishlarida UNICON.UZ tomonidan ham sunʼiy intellekt yoʻnalishida turli tadqiqotlar qilinib, ijobiy natijalarga erishilmoqda. Masalan, sunʼiy intellektga asoslangan moslashuvchan interpolyatsiya usuli yordamida sifatsiz shovqinga uchragan tasvirlar sifatini yaxshilash imkoniyati paydo boʻldi. Ishlab chiqilgan mazkur usul AdobePhotoshop dasturining “bicubic” usulidan samaraliroq ekani olingan natijalarda tasdiqlandi.

    Shu bilan birga, uchuvchisiz uchar qurilmalar yordamida qush parvozi balandligidan olingan tasvirlardagi obyektlarni, jumladan, daraxtlarni sunʼiy intellekt yordamida sanash uchun mutaxassislarimiz tomonidan ishlab chiqilgan dasturiy taʼminot katta-katta hududlarni nazorat qilish imkonini beradi.

    Sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan har qanday dasturiy taʼminot 100 foiz aniqlikni bashorat qila olmaydi. Misol uchun, tasvirda olingan rasmda qoʻl bilan sanab chiqilsa, 100 ta daraxt boʻlishi mumkin. Lekin sunʼiy intellekt bir soniyada tasvirdagi daraxtlarni 98 ta deb bashorat qiladi. Bu mashinaviy oʻqitish uslubiga bogʻliq.

    Samaradorlikni oshirish, ish oʻrinlari yaratish, yangi xizmat turlarini taqdim etish orqali sunʼiy intellekt iqtisodiyotga taʼsir oʻtkazadi. Chunki jarayonlarni avtomatlashtirish va sunʼiy intellektni joriy qilish mehnat samaradorligini sezilarli darajada oshirishi mumkin, bu esa yalpi ichki mahsulot oʻsishiga olib keladi. Ish ­oʻrinlarini yoʻqotish xavotirlariga qaramay, sunʼiy intellekt tizimlarini ishlab chiqish, ularga xizmat koʻrsatish va boshqarish bilan bogʻliq yangi kasblarni ham yaratadi.

    Kelajakda sunʼiy intellekt raqobatga bevosita taʼsir qilishi mumkinligini, bu esa kompaniyalar, mehnat bozorlari va iqtisodiyot uchun ijobiy oʻzgarishlarga olib kelishini hisobga olgan holda, Xalqaro telekommunikatsiya ittifoqi asosiy xulosalarini tavsiyanoma sifatida berib oʻtgan. Sunʼiy intellekt beshta texnologiya guruhini birlashtiradi —

    mashina koʻzi, tabiiy til, virtual yordamchilar, robotlashtirilgan jarayonlarni avtomatlashtirish va kengaytirilgan mashinaviy oʻqitish va, umuman olganda, global iqtisodiy faoliyatga hissa qoʻshish uchun ulkan salohiyatga ega. Baʼzi kompaniyalar alohida funksiyalarni bajarish uchun sunʼiy intellekt texnologiyalaridan birini qoʻllashga harakat qiladi, boshqalari esa sanab oʻtilganlarning barchasini qoʻllashi mumkin. Sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish jadal surʼatlar bilan amalga oshiriladi va 2030-yilga kelib, global yalpi ichki mahsulotning 1,2 foiz oʻsishini taʼminlaydi, bu ilgari joriy etilgan barcha texnologiyalardan koʻproqdir. Shu bilan birga, sunʼiy intellektning iqtisodiy samarasi asta-sekin, tezlashgan surʼatda namoyon boʻlishi va faqat vaqt oʻtishi bilan sezilarli boʻlishi mumkin. Chunki boshida joriy etish uchun sezilarli xarajatlar, keyinchalik raqobat va bir-birini toʻldirishning kuchaytiruvchi taʼsiri zarur.

    Sunʼiy intellekt global iqtisodiyot samaradorligini oshirishi mumkin, ammo olingan foyda taqsimoti notekis boʻlishi ehtimoli yuqori. Uni joriy etish rivojlanayotgan mamlakatlarning rivojlanganlaridan ortda qolishini va shu bilan davlatlar oʻrtasidagi hozirgi raqamli tafovutni kuchaytiradi. Kompaniyalar darajasida sunʼiy intellektdan foydalanish ushbu texnologiyalarni joriy etish boʻyicha yetakchilar va joriy etishni kechiktirgan yoki oʻz faoliyatida texnologiyalardan umuman foydalanmaganlar oʻrtasidagi samaradorlik farqi oshishiga olib kelishi mumkin. Nihoyat, sunʼiy intellekt jahon mehnat bozoridagi talabni odatiy vazifalarni bajarishni talab qiladigan kasblardan ijtimoiy va kognitiv yoʻnaltirilgan mutaxassisliklarga, shuningdek, avtomatlashtirish qiyin boʻlgan faoliyat bilan bogʻliq kasblarga oʻtkazishi mumkin.

    Boshqacha aytganda, agar sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish samarasiz boʻlsa, milliy iqtisodiyotlar, alohida kompaniyalar va mehnat bozoridagi ishchilar oʻrtasidagi tengsizlik kucha­yishi mumkin, bu esa ehtimoliy ijtimoiy ziddiyatlarni keltirib chiqaradi. Bunga yoʻl qoʻymaslik uchun mamlakatlar hukumatlari biznes bilan birgalikda ishchilarni qoʻllab-quvvatlashi va talab yuqori boʻlgan yangi ish oʻrinlariga muammosiz oʻtishini taʼminlashi, odamlarning oʻzlari esa dinamik oʻzgaruvchan mehnat bozori ehtiyojlariga muvofiq yangi koʻnikmalarni oʻzlashtirishi kerak boʻladi.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Risolat MADIYEVA suhbatlashdi.