Ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi supermarketda pishgan goʻsht rastasida suvarak yurgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Sanepidqoʻmita Toshkent shahar boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, holatga oydinlik kiritish maqsadida Boshqarmaning Mirobod tuman boʻlimi xodimlari tomonidan joyiga chiqib oʻrganish ishlari oʻtkazilgan. Oʻrganishlar davomida supermarketda zararsizlantirish ishlarini oʻtkazib turish uchun MCHJ bilan shartnoma tuzilgani va soʻnggi marta joriy yilning 30-iyun kuni dezinseksiya ishlari olib borilgani aniqlangan.
Shuningdek, doʻkonning pastki qavatida Xitoy restorani joylashgan boʻlib, unda oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlanishi va undan doʻkonga suvaraklar kelib qolish ehtimoli mavjudligi aytilgan. Shu sababli bir necha marotaba birgalikda zararsizlantirish ishlarini oʻtkazish boʻyicha murojaat qilinganda restoran tomonidan doimiy rad javobi berib kelingan.
“Restoran rahbariyati bilan olib borilgan suhbatda ovqatlanish korxonasida zararsizlantirish ishlarini olib borish uchun hech qanday shartnoma mavjud emasligi maʼlum boʻldi. Shuningdek, bugun supermarketda profilaktik chora koʻrish maqsadida qaytadan zararkunandalarga qarshi dezinseksiya ishlari amalga oshiriladi.
Aytish joizki, ushbu supermarket hamda Xitoy restoranida Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakildan ruxsat olinib, kuchaytirilgan tekshiruv ishlari amalga oshirilishini maʼlum qilamiz”, deyiladi rasmiy munosabatda.