Uzun tumanida fuqaro F.M. “Erkinlik” MFY hududidagi noturar binoda saqlab kelgan tegishli hujjatlari boʻlmagan har bir qopi 20 kg boʻlgan jami 5 000 qop koʻmirni fuqaro A.A.ga 100 mln soʻmga sotishga kelishadi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uzun tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda ushbu pullar hisobidan 5 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Koʻmir taʼminot” MCHJning Uzun tumani ombori mudiri E.R. kuz-qish mavsumida tuman aholisi va tumandagi ijtimoiy soha obyektlarini isitish uchun olib kelingan umumiy bahosi 447,2 mln soʻm boʻlgan jami 1 470 tonna koʻmirni qimmat narxlarda boshqa shaxslarga sotib yuborgan.
Shu orqali davlat va jamiyat manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazgani, xususan, 2023-yilning sentyabr oyida tadbir davomida ushlangan F.M.ga 180 tonna koʻmirni 120 mln soʻmga sotgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.