Gidrometeorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda kunduzi havo harorati 42–44°C gacha, ayrim hududlarda esa undan ham yuqori darajaga ko‘tarilmoqda. Bunday sharoitda asfaltbeton qoplamasi harorati 70–80°C gacha yetib, qoplamaning yuk ko‘tarish qobiliyati pasayadi. Natijada og‘ir yuk avtomobillari harakati ta’sirida yo‘l qoplamasida g‘ildirak izlari, deformatsiya va boshqa texnik nuqsonlar yuzaga kelishi mumkin.
Shu munosabat bilan, davlat budjeti hamda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan qurilgan va ta’mirlangan avtomobil yo‘llarini asrash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasining "Yo‘l harakati to‘g‘risida"gi Qonuni (O‘RQ–900)ning 15 va 23-moddalari hamda "Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida"gi Qonunining 16-moddasi talablariga muvofiq, Termiz shahri, tuman markazlari hamda ularni bog‘lovchi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida og‘ir yuk avtomobillarining harakati har kuni soat 10:00 dan 19:00 gacha vaqtincha cheklanadi.
Haydovchilar, yuk tashuvchi korxona va tashkilotlardan mazkur cheklovlarga qat’iy rioya qilishlari, yuk tashish vaqtlarini belgilangan tartib asosida rejalashtirishlari so‘raladi.
Ushbu choralar yo‘l infratuzilmasini asrash, harakat xavfsizligini ta’minlash hamda avtomobil yo‘llarining xizmat muddatini uzaytirishga xizmat qiladi.