Surxondaryoda isteʼmolga yaroqsiz jami 1 tonna 15 kg goʻsht savdosining oldi olindi

    Inson sogʻligi uchun xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan goʻsht mahsulotlari tegishli tartibda yoʻq qilingan.

    Surxondaryo viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi Karantin tadbirlarini taʼminlash boʻlinmasi hamda viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi xodimlari tomonidan «Darband» YPX maskanida oʻtkazilgan reyd tadbirlari davomida, joriy yilning 7-may kuni soat 07:10 larda Denov -Toshkent yoʻnalishi boʻylab harakatlanib kelayotgan Denov tumanida yashovchi 2000-yilda tugʻilgan fuqaro М.Ш. boshqaruvidagi Kobalt rusumli avtomashina ham toʻxtatilib yukxonasi tekshirilganida biror bir tegishli veterinariya hujjatlarisiz 140 (bir yuz qirq) kg yirik shoxli mol goʻshti olib ketayotganligi aniqlangan.

    Shuningdek, 7-may kunidan 8-may kuniga oʻtar kechasi soat 02:30 larda shu yoʻnalish boʻylab harakatlanib kelayotgan Denov tumanida yashovchi 2000-yilda tugʻilgan fuqaro А.А. boshqaruvidagi Kobalt rusumli avtomashina toʻxtatilib yukxonasi tekshirilganda hech qanday veterinariya hujjatlarisiz 475 (toʻrt yuz yetmish besh) kg yirik shoxli mol goʻshti olib ketayotganligi aniqlangan.

    Aynan shu maskanda reyd tadbiri davom ettirilib, soat 02:50 larda Shoʻrchi -Toshkent yoʻnalishi boʻylab harakatlanib kelayotgan Shoʻrchi tumanida yashovchi 1997-yilda tugʻilgan fuqaro Н.Ж. boshqaruvidagi Kobalt rusumli avtomashina yukxonasi tekshirilganda tegishli veterinariya hujjatlarisiz 400 (toʻrt yuz ) kg yirik shoxli mol goʻshti olib ketayotganligi maʼlum boʻlgan.

    Yuqorida aniqlangan holatlar boʻyicha goʻsht mahsulotlarining isteʼmolga yaroqli yoki yaroqsiz ekanligini tekshirish maqsadida, viloyat hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi laboratoriyasiga taqdim etilganida, isteʼmolga yaroqsiz ekanligi aniqlanib goʻsht egalariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining tegishli moddasiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, goʻsht mahsulotlari belgilangan tartibda yoʻq qilingan.

    Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, inson sogʻligi uchun xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan goʻsht mahsulotlarining bir sutkalik reyd tadbiri davomida aniqlangan holati 1.015 (bir tonna oʻn besh) kilogrammni tashkil etib tegishli tartibda yoʻq qilingan. Bu boradagi reyd tadbirlar davom ettirilmoqda.