Sportni rivojlantirish vazirligi xabariga koʻra, musobaqaning soʻnggi kuni qizlar jamoalari oʻrtasida boʻlib oʻtgan bahslardaikki peshqadam – Toshkent shahri va Namangan viloyati vakillari oʻzaro kuch sinashdi. Uchrashuvda sezilarli ustunlikka ega boʻlgan poytaxtlik vaterpolchi qizlar yakunda 9:4 hisobida gʻalaba qozondi.

Oʻsmirlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan musobaqada Toshkentning “Germes” sport klubi Qozogʻiston jamoasiga bir toʻp farqi bilan 8:9 hisobida magʻlub boʻlgan boʻlsa, Toshkent shahri jamoasi sirdaryolik suv polosi ustalarini 26:7 hisobida yengdi.

Toshkent shahridagi birinchi va ikkinchi son Bolalar va oʻsmirlar sport maktabi jamoalarining oʻzaro bahsi 6:4 hisobida 2-son BOʻSM jamoasi foydasiga hal boʻldi. Namangan viloyati hamda Respublika oliy sport mahorati maktabi jamoalari oʻrtasidagi uchrashuv soʻnggi daqiqalarga qadar murosasiz ruxda kechib, 9:8 hisobida namanganlik vaterpolchilarning gʻalabasi bilan yakun topdi.

Shunday qilib, qariyb bir hafta davom etgan mamlakat chempionati bahslarining yakunlariga koʻra, qizlar orasida Toshkent shahri jamoasi faxrli birinchi oʻrinni egalladi. Namangan viloyati vakillari ikkinchi, suv sporti turlariga qarashli Respublika oliy sport mahorati maktabi jamoasi uchinchi oʻrinni band etdi.

Oʻsmirlar oʻrtasidagi musobaqada esa Namangan viloyati jamoasi oltin medalni qoʻlga kiritdi. Respublika oliy sport mahorati maktabi jamoasi kumush, Toshkent shahri vaterpolchilari esa bronza medaliga sazovor boʻldi.

Barcha gʻolib va sovrindorlarga medal va esdalik sovgʻalari topshirildi.