Davlatimiz rahbari oldimizda turgan davr Oʻzbekiston uchun siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda tub burilish va ulkan oʻzgarishlar davri boʻlishi, kelgusi yetti yilga moʻljallab ishlab chiqilgan strategik maqsadlarga erishish uchun barcha kuch va imkoniyatlar mavjudligiga alohida toʻxtalar ekan, ustuvor maqsadlar qatorida suvdan samarali va tejamkorlik bilan foydalanish borasidagi ishlar izchil davom ettirilishini taʼkidladi.

Jumladan, “Ekologiya va atrof-muhitni asrash, suv taqchilligining oldini olish bundan buyon ham biz uchun dolzarb vazifa boʻlib qoladi”, dedi.

Darhaqiqat, global iqlim oʻzgarishlari tufayli tobora kuchayib borayotgan suv taqchilligi muammosi bugungi kunga kelib aksariyat davlatlar kun tartibidagi asosiy masalalardan biriga aylandi. Zero, muammo koʻlami shu darajadaki, ekspertlar hatto yaqin kelajakda kuzatilishi prognoz qilinayotgan kuchli tanqislik ortidan suvning bahosi neft va gaz, oltin kabi qimmatli qazilma boyliklari qatoriga chiqishini taxmin qilmoqda.

Bu bashoratlar qanchalik xavotirli boʻlmasin, bir tomondan, mantiqiydek. Chunki dunyo boʻyicha suvga talab muttasil ortishi barobarida zaxiralari kamayib boryapti. Buning salbiy taʼsiri esa allaqachon koʻpgina mintaqalar, jumladan, Markaziy Osiyoda ham sezilyapti.

Demak, tanqislik muqarrar ekan, suv qiymatining oshishi ham kunday ravshandir. Binobarin, butun olam tirikligi, har bir ekin taqdiri, oziq-ovqatimiz moʻlligi, umuman, turmushimiz suv bilan bogʻliq, usiz hayotni tasavvur etib boʻlmaydi.

Aytaylik, hozir ayni yoz — pishiqchilik fasli. Bozorlarimiz zaminimiz saxovati, dehqonlarimiz mehnati evaziga pishib yetilayotgan turfa mahsulotlar bilan yanada fayzli boʻlib boryapti. Lekin ana shu neʼmatlar dasturxonimizga yetib kelgunga qadar qanday bosqichlardan oʻtadi, qanday parvarishlanib, oʻgʻit va minerallar qancha beriladi, sugʻorish uchun qancha suv sarflanadi? Zarurat boʻlsa, buni soha mutaxassislari batafsil izohlab, tushuntirib, hisoblab berishi mumkin. Zero, hozir hisob-kitobli zamon. Bunday pallada hech bir narsa behuda, ortiqcha sarflanmaydi. Masalan, bugun quyosh tigʻida yelkasida ketmon bilan dala sugʻorayotgan suvchi suvning qadri naqadar ortib borayotganini allaqachon anglab yetgan. Fermerga qoʻyib bersangiz, gʻoʻzasini kaftida sugʻorishga tayyor. Chunki suv — hisob-kitobli. Vaqt oʻlchovli. Unga muayyan miqdor va vaqt ajratilgan. Shu vaqt ichida dalasini sugʻorishga ulgurib qolishi hamda navbatni boshqa fermerga berishi kerak.

Zar qadrini zargar biladi, deyishadi. Bugun suv qadrini dunyo bilyapti. Undan bugun oqilona foydalanmasak, asrab-avaylamasak, ertaga oʻzimiz aziyat chekishimiz mumkinligini barcha anglab yetyapti. Hozirgi kunda nufuzli xalqaro tashkilotlar minbarlarida ushbu mavzuda bot-bot gapirilayotgani, amaliy ishlarga tezroq oʻtish zarurligi yuzasidan bong urilayotganining boisi ham shunda. Biz ham bu borada qayta-qayta maqola yozishdan, suvni tejashga undovchi fikrlar aytishdan erinmaymiz. Bu — vaziyat taqozosi.

Poytaxtimizda “Yangi Oʻzbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va maʼrifat” mavzusidagi xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida “Barqaror rivojlanish maqsadlari: oziq-ovqat xavfsizligi va suv taʼminoti” mavzusida oʻtkazilgan xalqaro konferensiyasida ham ayni shu masalalar muhokama qilindi. Unda Oʻzbekiston suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamroyevning taʼkidlashicha, respublikamizda jami sugʻoriladigan yer maydonlari 4,3 million gektarni tashkil etib, bugungi kunga qadar suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan maydonlar 1,2 million gektarga yoki sugʻoriladigan yerlarning 28 foiziga yetkazildi. Jumladan, 473,5 ming gektarda tomchilatib, 44,7 ming gektarda yomgʻirlatib, 18 ming gektarda diskret, 133,9 ming gektarda boshqa suv tejovchi sugʻorish tizimlari joriy qilindi hamda 569 ming gektar ekin maydoni lazer uskunasi yordamida tekislandi.

Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish koʻlami boʻyicha Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda birinchi, MDH davlatlari orasida ikkinchi, Osiyo davlatlari orasida toʻrtinchi, dunyoda esa oʻn uchinchi oʻrinda turibdi.

Darhaqiqat, yurtimizda suv tanqisligining salbiy oqibatlari taʼsirini yumshatish maqsadida keng koʻlamli chora-tadbirlar koʻrilyapti. Sugʻorish tarmoqlarini betonlashtirish va foydali ish koeffitsiyentini oshirish, yerni lazerli tekislash, suvdan samarali foydalanishga erishish, sohani toʻliq raqamlashtirish, suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni kengaytirish, sugʻorish madaniyatini yuksaltirish kabilarni bunga misol sifatida keltirish mumkin.

Suv tejovchi texnologiyalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda va bu eng toʻgʻri yoʻl. Sababi, bu usul, avvalo, davlat byudjetiga koʻp yuk boʻlib tushmaydi. Asosan, suv isteʼmolchilarining oʻz mablagʻlari hisobiga barpo etiladi. Bu orqali nafaqat suv, balki mineral oʻgʻitlar, yonilgʻi-moylash mahsulotlari, ishchi kuchi kabilarga xarajatlar tejaladi. Hosildorlikni oshirish nuqtayi nazaridan esa uning jozibadorligi yanada ortadi.

2019-yildan boshlab Oʻzbekistonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etganlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmi yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, subsidiya ajratilayotgani klaster va fermerlarni ragʻbatlantirmoqda. Misol uchun, 2019-2022-yillarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan qishloq xoʻjaligi korxonalariga jami 1 trillion 465 milliard soʻm subsidiya ajratilgan. Subsidiya ajratish mexanizmi yildan yilga takomillashtirib borilyapti.

2023-yilda suv tejaydigan texnologiyalarni 500 ming gektar maydonda joriy etish va 1,5 million gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Ushbu texnologiyalarni ishlatish orqali 1,9 milliard metr kub suv, 100 ming tonna mineral oʻgʻit, 13 ming tonna yonilgʻi-moylash materiallari iqtisod qilinadi hamda hosildorlikni oʻrtacha 15-20 sentner oshirish imkoniyati yaratiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi doirasida 2030-yilgacha bajariladigan ustuvor vazifalar belgilangan.

Jumladan, Suv xoʻjaligi vazirligida yer osti, yer usti va qaytar suv resurslarini hisobini yuritish boʻyicha yagona integratsiyalashgan boshqaruv tizimi yaratiladi.

18,7 ming kilometr yoki 66 foizi tuproq oʻzanli hisoblangan magistral va xoʻjaliklararo kanallarning beton qoplamali ulushi 13,1 ming kilometr yoki 46 foizga yetkaziladi.

Sugʻorish tizimlarining foydali ish koeffitsiyenti (FIK) 0,63 dan 0,73 gacha oshiriladi. Qishloq xoʻjaligida sugʻoriladigan maydonning har bir gektariga beriladigan suv hajmini 20 foiz kamaytirish orqali suv mahsuldorligi yaxshilanadi.

Qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda tejamkor texnologiyalar bilan qamrab olingan yerning umumiy maydoni 2 million gektargacha, shu jumladan, tomchilab sugʻorish texnologiyasi 600 ming gektargacha yetkaziladi.

Xizmat muddatini oʻtab boʻlgan nasos stansiyalaridagi 1 ming 750 dona nasos agregati energiya tejamkorlariga hamda 2 ming 100 dona elektrodvigatel yangisiga almashtiriladi.

Nasos stansiyalarining yillik elektr energiyasi isteʼmoli 8 milliard kilovatt-soatdan 2025-yilda 7 milliard kilovatt-soat va 2030-yilda 6 milliard kilovatt-soatga kamaytiriladi.

Barcha suv olish nuqtalari (18,5 mingta)ga “Aqlli suv” (“Smart Water”) qurilmalari oʻrnatiladi va suv resurslari raqamli texnologiyalar asosida boshqariladi.

2030-yilgacha 1 ming 687 ta nasos stansiyasida elektr energiyasi isteʼmolini onlayn monitoring qilish tizimi joriy etiladi. Foydalanishdan chiqqan 298,5 ming gektar sugʻoriladigan yer foydalanishga kiritiladi.

— Biz Oʻzbekiston Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda “Oʻzbekistonda suv resurslarini boshqarishni raqamlashtirish” loyihasini amalga oshiryapmiz, — deydi Vengriyaning “Art Work Design Kft” kompaniyasi direktori Andras Fedoseyev. — Ushbu loyiha doirasida Oʻzbekistondagi jami suv resurslari monitoringini yurituvchi “Raqamli suv xoʻjaligi” yagona platformasi yaratiladi. Shuningdek, Suv xoʻjaligi vazirligida “Vaziyatlar markazi” tashkil etiladi. Natijada suv resurslari manbadan tortib to isteʼmolchiga yetib borguniga qadar barcha jarayonlarda suvning hisobi va hisobotini onlayn yuritish, ular toʻgʻrisida maʼlumotlarni shakllantirish hamda yigʻilgan maʼlumotlar asosida suvni boshqarish jarayonini tahlil qilish imkoniyati yuzaga keladi.

Ha, suv eng qimmat resursga aylanishi haqida ekspertlar oʻtgan asrda aytgan prognozlar bugun oʻz isboti topa boshladi. Negaki, 2030-yilga borib Oʻzbekistonda 7 milliard metr kub suv tanqisligi kuzatilishi va oqibatda mamlakat dunyodagi suv tanqis boʻlgan 33 davlat qatoriga tushib qolishi ehtimoldan yiroq emas. Bu esa qishloq xoʻjaligida suvdan oqilona foydalanish, sugʻorishning tejamkor usullarini qoʻllashni jadallashtirishni taqozo etadi.

Bugungi kunda koʻplab davlatlar qishloq xoʻjaligida suv taqchilligi muammosiga suv tejovchi texnologiyalar orqali yechim topmoqda. Masalan, Isroilda deyarli barcha ekin maydonlari tomchilatib sugʻorish tizimiga oʻtkazilgan.

Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi sohasining rivoji, yanayam aniqrogʻi, dehqonchilik taqdiri — tomchilatib sugʻorishda. Suv taqchilligi tez-tez takrorlanayotgan, qurgʻoqchilik taʼsiri ortib borayotgan hozirgi sharoitda sugʻorishning ushbu usuliga oʻtmasdan turib hosil yetishtirish qiyin masala.

Buxoro viloyatidagi “BCT Cluster” paxta-toʻqimachilik klasteri gʻoʻza maydonlarida tomchilatib sugʻorish tizimini yil sayin kengaytirmoqda. Joriy yilda u 507 gektarda tatbiq qilinyapti. Buning uchun 15 ta suv tindirish hovuzi qurish, ularga obihayot yetkazib berish uchun tik quduqlar qazish, shuningdek, nasos va boshqa agregatlar oʻrnatish, quvur yotqizish ishlari jadal olib borilyapti. Ushbu texnologiya ishga tushgach, ekinlarni sugʻorish va oziqlantirish uchun suv va mineral oʻgʻitlar sarfi 50 foizgacha tejalishi kutilmoqda.

Yaqinda Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanidagi “TST Sluster” koʻp tarmoqli klasterining yana 50 gektar gʻoʻza maydonida sugʻorishning tejamkor usuliga start berildi.

Klasterning tomchilatib sugʻorish boʻlimi boshligʻi Abror Farmonovning aytishicha, anʼanaviy sugʻorish usulidan bosqichma-bosqich voz kechilib, tomchilatib sugʻorishga oʻtilyapti. Shu maqsadda oʻtgan yillarda 1 ming 200 gektardan ortiq maydonga ushbu texnologiya tatbiq qilindi. Chunki bu usulda suv bilan birgalikda zarur oʻgʻitlar ekinning ildiz qismiga uzatib beriladi. Natijada suv va oʻgʻit sarfi keskin kamayib, paxta hosildorligi oʻrtacha 30 foizgacha koʻtariladi.

Shu kabi afzalliklar tufayli joriy yilda yana 450 gektar maydon tomchilatib sugʻorish usuliga oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Ana shunda ushbu klasterda tejamkor sogʻorish tizimlari joriy etilgan maydonlar umumiy hajmi 1 ming 700 gektarga yetadi.

Umuman olganda, qishloq xoʻjaligida yangi mexanizm — klaster va kooperatsiyalar faoliyati qoʻllab-quvvatlanib, ularda “amaliyot – ilm - innovatsiya” tizimi uygʻunlashtirilgani mutaxassislar eʼtiboriga tushmoqda. Bugungi kunda yurtimizda 833 ta agroklaster va 200 dan ortiq kooperativ samarali faoliyat yuritmoqda.

Innovatsiyalar va zamonaviy texnika hisobiga hosildorlik 29 sentnerdan 2022-yilda 34 sentnerga oshdi. Paxta yetishtirishda majburiy va bolalar mehnatiga barham berildi. BCI — “Yaxshilangan paxta” standart tizimi joriy qilinmoqda. Paxta xomashyosi 100 foiz chuqur qayta ishlanmoqda.

— Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020–2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi tasdiqlangan, — deydi Jahon bankining suv resurslarini boshqarish loyihalari rahbari Abdulxamid Azad. — Bundan koʻzlangan maqsad suv xoʻjaligi sohasidagi muammolarga yechim topish, shu bilan birga, mamlakatni kelajakda kutilayotgan suv tanqisligiga tayyorlashdir. Konsepsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirishda Jahon banki hamkorlikka tayyor. Oʻzbekistonda suv resurslarining qariyb 90 foizi qishloq xoʻjaligi sohasida sarflanadi. Suvdan samarali foydalanish deganda faqatgina suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etilishini tushunmaslik kerak. Sohani raqamlashtirish, xodimlarni oʻqitish, malakasini oshirishga ham eʼtibor qaratish zarur. Yaqinda Qoraqalpogʻistonda boʻlib, Jahon banki ishtirokidagi “Janubiy Qoraqalpogʻistonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi doirasidagi ishlar bilan tanishdik. Shuningdek, Jahon banki ishtirokida “Fargʻona vodiysida suv resurslarini boshqarish. 2-bosqich” loyihasi ham amalga oshirilyapti. Ushbu loyihalar Oʻzbekiston bilan suv xoʻjaligi sohasida hamkorligimiz rivojlanayotganidan dalolat beradi.

Mamlakat barqaror rivojlanishida oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligining oʻrni katta.

— Ayni shu maqsadda 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi qabul qilingan, — deydi Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov. — Strategiya toʻqqizta banddan iborat boʻlib, birinchi band aholining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan. Bu global ahamiyatga ega vazifa. Ushbu vazifani bajarish uchun keyingi yillarda yerdan samarali foydalanish va ekin turlarini diversifikatsiya qilish maqsadlaridan kelib chiqib, koʻplab oʻzgarishlarga erishildi. Aytib oʻtish kerakki, gʻalla va paxta maydonini qisqartirish evaziga meva-sabzavot ekish koʻpaydi. Keyingi masala — kooperatsiyalar tizimi. Kichik dehqon xoʻjaliklarini kooperatsiya orqali yirik tadbirkorlik subyektlariga aylantirish, xarajatlarini kamaytirish va daromadini koʻpaytirish hamda moliyalashtirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratish ustida ishlar olib borilmoqda. Oldimizda turgan eng asosiy vazifa esa, albatta, suv va yerdan oqilona foydalanish choralarini kengaytirishdir. Shu maqsadda irrigatsiya va melioratsiya holati yomonlashuvi natijasida foydalanishdan chiqqan 1,1 million gektar yerni oborotga kiritish konsepsiyasi qabul qilindi. Oʻtgan davrda oborotdan chiqqan, lalmi, yaylov yerlardan qariyb 580 ming gektari foydalanishga kiritildi. Oʻzlashgan yerlarda 280 ming aholi bandligi taʼminlanib, qoʻshimcha 3,7 million tonna mahsulot yetishtirildi. Kelgusi 5 yilda yana 500 ming gektar yerlar foydalanishga kiritiladi. Qishloq xoʻjaligi yerlarining chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalarga 25 yilga ijaraga berilishi belgilandi.

Oʻzbekiston — qurgʻoqchil mintaqada, okean va yirik dengizlardan olisda joylashgan mamlakat. Shu bois, biz uchun suvning ahamiyati, qadri ortib boraveradi. Bugungi koʻrilayotgan choralar, ertangi turmushimiz ham hozirgidan kam boʻlmasligini taʼminlovchi kafolatdir. Shu jihatdan, mamlakatimiz qishloq va suv xoʻjaligida boshlangan hamda hozirgi kunga kelib oʻz samarasini bergan tizim — suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha saʼy-harakatlar izchil davom ettirilayotgani tahsinga loyiq. Zotan, suv taqchilligi sezilayotgan hozirgi sharoitda qishloq xoʻjaligining kelajagi va rivoji shunga bogʻliq.

Dilshod ULUGʻMURODOV

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri