Suvdan foydalanishdagi qonunbuzarliklar oqibatida 1 mlrd soʻmdan ortiq jarima qoʻllanilgan

    Mamlakatimizda 2 Iyun 2021 964

    2021-yilning yozgi sugʻorish mavsumi uchun suv olish limitlarini har bir foydalanuvchi va isteʼmolchiga taqsimlanib, yetkazilishi hamda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli yuzasidan shartnomalar toʻliq rasmiylashtirilishi nazoratga olindi.

    Oʻz navbatida, joriy yilning sugʻorish mavsumi uchun tuzilgan 71 561 ta shartnomalar reyestrida belgilangan tartibda nazoratni taʼminlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, shuningdek, tumanlar qishloq xoʻjaligi boʻlimlaridan olinishi taʼminlandi.

    Suvning hisobi toʻliq yuritilishini nazoratga olish maqsadida esa, suv yetkazib beruvchi tashkilotlar, suv isteʼmolchilari uyushmalari, fermer, dehqon xoʻjaliklari, klaster tashkilotlari va boshqalarning suv olish joylarida yuritilayotgan 99 056 ta suvni oldi-berdi jurnallari Inspeksiyaning hududiy organlarida roʻyxatdan oʻtkazildi.

    Inspeksiyani aralashuvi bilan suv yetkazib beruvchi tashkilotlar hisobidagi 484 ta suvni boshqarish vositalari, 373 ta suv oʻlchash vositalari taʼmirlanishi, suv isteʼmolchilari uyushmalari, fermer xoʻjaliklari va klasterlar tomonidan ishlatilayotgan sugʻorish tarmoqlaridagi 1346 ta suv olish joylari suvni boshqarish, 1006 ta suv olish joylari suv oʻlchash vositalari bilan jihozlanishi taʼminlandi.

    Joylardagi suv omborlaridan suv chiqarishni qatʼiy belgilangan rejim asosida amalga oshirilishi nazoratga olindi hamda 14 ta suv omboridan ruxsatsiz suv chiqarish holatlari bartaraf ettirildi.

    Suvdan oqilona foydalanishning eng muhim omili bu suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga qatʼiy amal qilish hisoblanadi.

    Shundan kelib chiqib, Suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibiga qatʼiy rioya etilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatildi.

    Xususan, “Oʻzagroinspeksiya” organlari tomonidan oʻtgan hisobot davrida belgilangan tartibda oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida 5708 ta holatda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalarini buzish;

    1985 ta holatda suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi gidrotexnika ishlarini va boshqa ishlarni oʻzboshimchalik bilan bajarish;

    513 ta holatda suv obyektlaridan belgilangan suv olish limitlarini buzish;

    430 ta holatda suvdan foydalanish va suv isteʼmoli rejalarini buzish;

    632 ta holatda suv obyektlaridan olinadigan va ularga quyiladigan suv miqdorini dastlabki hisobini yuritish qoidalarini buzish;

    356 ta holatda davlat suv kadastri yuritishning belgilangan tartibini buzish;

    1205 ta holatda suv xoʻjaligi inshootlari va qurilmalaridan foydalanish qoidalari buzilganligi aniqlangan.

    Shuningdek, 1151 ta holatda suv isteʼmolchilari tomonidan limitdan ortiqcha suv olinganligi, 1200 ta holatda suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilari tomonidan suv olishga ruxsat etilmagan joylardan, shuningdek, shartnoma tuzmasdan suv olganligi, 750 ta holatda suvdan maxsus foydalanish ruxsatnomasisiz suv olish yoki suvdan foydalanish, 774 ta holatda suvni oʻzboshimchalik bilan egallab olish kabi tartib buzilish hamda 1006 ta boshqa holatdagi qonunbuzilishlar aniqlangan.

    Oʻz navbatida, 2191 ta holatda qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarini koʻllatib sugʻorish, 2757 ta holatda suvni kollektor-drenaj tarmoqlariga foydalanmasdan tashlab qoʻyilishini joyida bartaraf ettirilishi natijasida oʻrtacha 276,1 mln.m3 suv resurslarini isrof boʻlishi oldi olingan.

    Inspeksiya organlari tomonidan mazkur qonunbuzilishi holatlarini kelib chiqish sabablari oʻrganilib, kelgusida shu kabi qonunbuzilishlarni oldini olish boʻyicha tegishli tashkilot va korxonalarning masʼul mansabdor shaxslariga 9239 ta ogohlantirish, 1297 ta yozma koʻrsatma va 371 ta taqdimnomalar kiritildi.

    Shuningdek, aniqlangan qoʻpol qonun buzilishi holatlariga nisbatan 3789 ta mamuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 1 073 mln. soʻmlik maʼmuriy va 2274 ta 1 167 mln. soʻmlik moliyaviy jarima sanksiyalari qoʻllanildi.

    Bundan tashqari, 1206 ta qonun buzilishi holatlari yuzasidan toʻplangan hujjatlar tegishliligi boʻyicha koʻrib chiqishlik uchun Sudlarga kiritilishi taʼminlandi.

    Aniqlangan holatlar va koʻrilgan taʼsir choralari toʻgʻrisida muntazam ravishda Respublika ishchi guruhi va shtabiga axborot kiritilishi taʼminlanib kelinmoqda, deya xabar bermoqda “Oʻzagroinspeksiya” Axborot xizmati.