Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, Rossiyaning eng qadimiy yarmarkalaridan biri boʻlmish Irbit yarmarkasi Ural va Sibirda asosiy savdo markazi boʻlib xizmat qilgan hamda uning faoliyatida oʻzbek savdogarlari ham doimiy ravishda qatnashib kelgan.

Bugungi kunda yarmarka Irbit shahri va Sverdlovsk oblasting oʻziga xos brendiga aylangani barobarida ushbu hududda uyushtiriladigan asosiy tadbirlardan biri hisoblanadi.

Shu bois, Oʻzbekistonning milliy va madaniy anʼanalarini munosib namoyish etish maqsadida Irbit yarmarkasining joriy yilgi faoliyatida Bosh konsulxona tomonidan alohida stend tashkil etilib, Oʻzbekiston koʻrgazmasi taqdim etildi.

Yurtimizning boy madaniy va maʼnaviy merosi toʻgʻrisida yorqin tasavvur beruvchi milliy liboslar va hunarmandchilik buyumlaridan tashkil topgan Oʻzbekiston stendi mehmonlar va koʻrgazma ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Ular oʻzbek milliy pazandachiligi namunalaridan ham bahramand boʻldi. Yarmarka ishtirokchilariga shohona oʻzbek milliy taomlaridan biri boʻlmish palov tayyorlash jarayoni “mahorat maktabi” tarzida namoyish etildi.

Oʻzbekiston stendiga Sverdlovsk oblasti gubernatori Yevgeniy Kuyvashev ham tashrif buyurib, Irbit yarmarkasida faol ishtirok etgani uchun Bosh konsulxonaga minnatdorlik bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.