Oʻzbek tilining davlat tili haqidagi maqomini oshirish toʻgʻrisida bot-bot gapirib yotibmizu, haligacha tushungan odamning gʻashiga tegadigan gʻaliz soʻzlaru jumlalar qoʻllanilishi davom etyapti. Ayniqsa, koʻzga tashlanadigan joylardagi reklama bannerlarida yoʻl qoʻyilayotgan xatolarga yo kulishing, yo yigʻlashingni bilmay qolasan kishi.

Oliygohlarga qabul qilish masalasi avj pallaga kirgan ayni vaqtda metro bekatlariga joylashtirilgan Sentral Asian Universitu (SAU) xususiy oliygohiga chorlov tariqasidagi “Mukammal tabassum uning ishidir” degan jumlani qayta-qayta tahlil qildim. Toʻgʻrisi, shu paytgacha tabassumning mukammal boʻlishini eshitmagan ekanman. Xoʻp, tabassum mukammal ham boʻlsin deylik. Shunda ham oliygohga nisbatan uning qoʻllanishi qay darajada toʻgʻri? Shuning oʻrniga “Mukammal bilim yoki taʼlim uning ishidir” degan jumla qoʻllanilsa haqiqatga yaqinroq boʻlmasmidi?

Oynai jahonda ham kir yuvish kukuni targʻibotida “Mukammal tabassum boʻlsa, murakkab dogʻlar bilinmaydi”, degan jumla juda uzoq aylandi. Lekin biron bir mutasaddi bu notoʻgʻri ekanini aytmadi, reklamada oʻzgarish boʻlmadi. Pul boʻlsa changalda shoʻrva deganlaridek, mana shunday savodsizlarcha tayyorlangan reklamalar isteʼmolga kirib ketaveradimi? Nega shunday masalalarga masʼullar bunga jiddiy qaramaydi?

Munojat Moʻminova, 

"Yangi Oʻzbekiston" muxbiri