Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Sh.Gʻaniyev, institut rektori Oʻ.Umurzakov va boshqalar soʻzga chiqib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini raqamli texnologiyalar asosida rivojlantirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganligi, bu borada, avvalo, taʼlim muassasalarida zamonaviy axborot texnologiyalarining oʻqitilishini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish zarurligini qayd etdilar.

Institutda tashkil etilgan klasterda qishloq, suv va oʻrmon xoʻjaligida yerdan foydalanish, geodeziya va kartografiya, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim oʻzgarishini baholash boʻyicha situatsion (vaziyatli) jarayonlarni kuzatish, nazorat qilish boʻyicha tadqiqotlar masofadan zondlashning zamonaviy usullari va geografik axborot tizimlardan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Taʼkidlandiki, keyingi yillarda institutda Yevropaning nufuzli universitetlari bilan hamkorlikda qishloq va suv xoʻjaligida masofadan zondlash, geografik axborot tizimlardan foydalanish boʻyicha eʼtiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2003-yildan buyon Niderlandiyaning Vaginengin universiteti bilan hamkorlikda Atrof-muhitni muhofaza qilish (Geoaxborot tizimlari) va Atrof-muhitni muhofaza qilish (xalqaro yer va suv resurslarini boshqarish) magistratura mutaxassisliklari boʻyicha ikki tomonlama diplom berish dasturi yoʻlga qoʻyilgan.