Mazkur hujjat, maʼlum bir soha faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish, nazorat qilish va shu faoliyat yuzasidan fuqarolar, istemolchilar, foydalanuvchilar manfaatlarini koʻzlagan kafolatlarni berish deganidir.
Lekin bunda ham meʼyor va adolat mezonlari boʻlishi lozimki, aks holda ortiqcha byurokratiya va boshqa toʻsiqlar sabab tadbirkorlik faoliyati rivojlanmaydi, bu iqtisodiy oʻsish surʼatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, turli suiisteʼmolliklar yuzaga keladi.
Bugungi kunda tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan erkinlikni oshirish, iqtisodiyotga davlat aralashuvini kamaytirish va bu borada qonunchilikni liberallashtirish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, shu masala yuzasidan 2020-yil 24-avgustda “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6044-son Farmoni qabul qilindi.
Farmon nimasi bilan ahamiyatli?
Hujjatloyihasini ishlab chiqish jarayonida tadbirkorlik subyektlari ishtirokida 20 dan ortiq uchrashuvlar va muhokamalar oʻtkazilgan, 10 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari bilan anonim soʻrovlar olib borilgan va jamoatchilik orasida muhokama qilinganda
300 taga yaqin takliflar kelib tushgan.
Oʻtkazilgan soʻrovlarda litsenziya va ruxsatnomalarni berishni rad etish holatlarining 43,5 foiziga ogʻzaki,16,4 foiziga asoslantirilmasdan javob berilganligi va 10,6 foiziga umuman javob berilmaganligi maʼlum boʻldi.
Davlat xizmatlari agentligi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan 2020-yil va 2021-yilning I-choragi davomida litsenziyalash faoliyatiga doir davlat xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq 56 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlari boʻyicha tegishli tashkilotlarga 10 ta taqdimnoma hamda 13 ta ogohnomalar kiritildi. Shuningdek, vakolatli organlarning 12 nafar masʼul xodimlariga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrrisida bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Qoʻllanilgan taʼsir choralari natijasida, vakolatli organlarning 12 nafar xodimlariga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllanildi hamda 12 nafari Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 2155-moddasi bilan maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Jumladan, Chiroqchi tuman Davlat xizmatlari markazining 2020-yil 18-fevraldagi 16998601-sonli “JASMIN PHARM EXPORT” MCHJga dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish uchun litsenziya berish toʻgʻrisidagi soʻrovnomasiga Qashqadaryo viloyat DSENM sanitariya vrachi D.Toshniyozov tomonidan asossiz rad javobi berilganligi aniqlangan. Aniqlangan holat yuzasidan 2020-yil 9-noyabrdagi boshqarma boshligʻining qaroriga asosan D.Toshniyozov maʼmuriy javobgarlikka tortilishi taʼminlandi.
Litsenziya va ruxsatnomalarni bekor qilishda quyidagi omillarga eʼtibor qaratilgan:
1) faoliyat turining inson sogʻligʻi va jamiyatga ziyon yetkazmasligi;
2) faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar hisobini yuritish imkoniyati mavjudligi;
3) davlat idoralari tomonidan qoʻshimcha daromad manbai yaratish maqsadi koʻzlanganligi.
Litsenziya va ruxsatnomalarning bekor qilinishi natijasida boj toʻlovlarining oʻzidan 45 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻlar tadbirkorlik subyektlari ixtiyorida qolishi moʻljallangan.
Farmon bilan nimalar oʻzgardi?
Farmonga muvofiq, 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
37 ta litsenziya va 10 ta ruxsatnoma bekor qilinadi;
16 ta litsenziya va 11 ta ruxsatnoma birlashtirish yoʻli bilan bekor qilinadi;
17 ta litsenziya va 14 ta ruxsatnomalar xabardor qilish tartibi joriy etilishi yoʻli bilan bekor qilinadi;
14 ta turdagi litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish muddatlari qariyb 2 baravarga qisqartiriladi;
115 ta litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartib-taomillari yana-da soddalashtiriladi.
Farmonga koʻra, xabardor qilish tartibi joriy etilgan faoliyat (harakat) uchun rasmiylashtirilgan litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning amal qilishi oʻz kuchida qoladi va ushbu faoliyat (harakat)ni amalga oshirish uchun vakolatli organni xabardor qilish talab etilmaydi.
Bu bizga nima beradi?
Qator litsenziya va ruxsatnomalarning xabardor qilish tartibiga oʻtkazilishi quyidagi qulayliklarni yaratadi:
Faoliyatni boshlashdagi byurokratik toʻsiqlarning oldi olinadi;
Faoliyatni boshlashdagi vaqt litsenziyalar uchun 30 kungacha, ruxsatnomalar uchun 20 kungacha qisqaradi;
Faoliyatni boshlashdagi boj toʻlovlari 35,2 mlrd soʻmga qisqaradi;
Lombard faoliyatini boshlaganligi uchun ilgari 1,2 mln soʻm toʻlagan boʻlsa, endi xabarnoma yuborish uchun 111,5 ming soʻm (11 baravar kam) toʻlov amalga oshiradi.
Xufyona iqtisodiyotning kamayishiga xizmat qiladi.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, litsenziya va ruxsatnomalar berishdagi ortiqcha byurokratik jarayonlarning qisqartirilishi Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan iqtisodiyotni liberallashtirish va tadbirkorlarning manfaatlarini himoya qilish siyosatining bir misolidir.
Sanjar Chuliyev,
Davlat xizmatlari agentligi Qashqadaryo
viloyat boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari