Davr shiddati, globalizatsiya, axborot xurujlarining kuchayishi hozirgi kunda avj olganligi haqiqat. Bunday vaziyatda ochiq, shaffof va oshkora siyosat olib borish davr talabi hisoblanadi. Zero, davlatimiz rahbarining ham talabi shu: har bir fuqaroning murojaati eʼtiborsiz qolmasligi kerak.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboev navoiylik tadbirkor, “Nur-Sulton-Аsad” rahbari Sodiqov Norchaboyning shikoyatini oʼrganish maqsadida Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʼmitasi raisi Bahrom Sharipov hamda "Yaylov xoʼjaligini rivojlantirish" uyushmasi raisi Erkin Hayitov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada mavjud yaylovlardan unumli foydalanish, ipak va junni qayta ishlashni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qaroriga koʼra, respublikada kavrak sanoatida masʼul etib Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish Qoʼmitasi belgilanganligi hamda qarorning 6-bandiga asosan, Qoʼmitaning doimiy egaligidagi yaylovlar hududida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan dorivor oʼsimliklarni, shu jumladan kavrak oʼsimligini yigʼish, ekish va yetishtirish Qoʼmita bilan tuzilgan ijara shartnomalari asosida va unda belgilangan hududlarda amalga oshirishi tushuntirildi.
Tadbirkor bundan bexabar ekanligini va Qoʼmita bilan belgilangan shartlar asosida kelgusida ish yuritishni taklif etdi. Qoʼmita raisi doimo tadbirkorlarni qoʼllab-quvvatlashini, ammo barcha harakatlar qonun doirasida boʼlishi shartligini taʼkidladi.
Maʼlumot uchun: “Nur-Sulton-Аsad” MChJning mansabdor shaxslariga nisbatan 2021 yil 29 noyabrda Oʼzbekiston Respublikasi Ichki Ishlar vazirligi tergov departamenti tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 202-modda 3-qismi ye-bandi bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.