Tadbirkorlik va biznes akademiyasi ishbilarmon yoshlarni tayyorlaydi

    Biznes akademiyaning O'zbekiston eksportchilari uyushmasi, Jahon savdo tashkiloti hamda “AliBaba” kompaniyasi bilan hamkorligi yo'lga qo'yilgan bo'lib, ular yurtimizda ilk bor tuzilgan eksport xalqasi sifatida ish olib boradi.

    Farg'ona viloyati qishloq xo'jaligi mahsulotlarini etishtirish va eksport qilishda o'ziga xos tajribaga ega. Ayniqsa, meva-sabzavot eksporti bo'yicha mazkur viloyat mamlakatimizda yetakchi o'rinni egallaydi. Oltiariq, Quva va boshqa tumanlarda yetishtirilayotgan sarxil mevayu ming dardga davo sabzavotlarga jahon bozorida ham talab ortib bormoqda.

    Bu boradagi samaradorlikni yanada oshirish, mazkur yo'nalishda eksportchi korxona va tadbirkorlarga ko'mak berish, ularning xalqaro maydonga to'g'ridan-to'g'ri chiqishiga keng yo'l ochish maqsadida O'zbekiston eksportchilari uyushmasi tashabbusi bilan Farg'ona shahrida ilk Tadbirkorlik va biznes akademiyasi tashkil etildi. “Tadbirkorlar uyi”da ish boshlagan Akademiyaning tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan mehmonlar ushbu zamonaviy maskan yosh ishbilarmonlarga eksport borasida zarur ilm berish, raqamli iqtisodiyotning mazmun-mohiyatini o'rgatish hamda o'zbek mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqishni yanada faollashtirishga xizmat qilishini ta'kidladi.

    — Akademiyada savdo huquqi, logistika, marketing, raqamli tijorat, menejment, moliyaviy hisobot, brokerlik kurslari mavjud bo'lib, ularda tadbirkorlikka qiziqishi bo'lgan 16 yoshdan yuqori barcha o'g'il-qizlar tahsil olishi mumkin, — dedi O'zbekiston eksportchilari uyushmasi raisi Muxtorjon Umarov. — Bu erda keng qamrovli kurslar ro'yxati va tanlov imkoniyati mavjud. Yosh va bo'lajak tadbirkorlarning eksport bo'yicha bilim va tushuncha olishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi. O'quv dasturi jahon tajribasi asosida ishlab chiqilib, eng zamonaviy tizim orqali o'rgatiladi.

    Akademiyada darslar haftada 6 kun, ikki smenada 4 soatdan davom etadi. Shinam va zamonaviy dizaynga ega o'quv xonalari planshet, elektron doska, kitoblar, onlayn savdoga mo'ljallangan komp`yuter va boshqa axborot texnologiyalari bilan to'liq ta'minlangan. O'qish davomiyligi uch oy bo'lib, bu vaqtda tinglovchilarga xalqaro savdo tashkilotining maxsus kurslarida tayyorlanib, sertifikatga ega bo'lgan mahalliy va xorijlik o'qituvchilar dars beradi. Bitiruvchilar jahon elektron platformasida tan olingan xalqaro sertifikatga ega bo'ladi. O'qishni tamomlagan yoshlar yirik eksportyor korxonalar buyurtmasi asosida yoki Akademiyaning hamkor tashkilotlari tomonidan munosib ish bilan ta'minlanadi.

    O'zbekistondagi birinchi eksport xalqasi

    Biznes akademiyaning O'zbekiston eksportchilari uyushmasi, Jahon savdo tashkiloti hamda “AliBaba” kompaniyasi bilan hamkorligi yo'lga qo'yilgan bo'lib, ular yurtimizda ilk bor tuzilgan eksport xalqasi sifatida ish olib boradi. Unga ko'ra, Jaxon savdo tashkiloti akademiya tinglovchilarini xalqaro standartlar asosida tayyorlaydi, Biznes akademiya xalqa ishtirokchilarini o'qitadi, “AliBaba” kompaniyasi o'quvchilarga tajriba uchun o'z platformasini ochib beradi, O'zbekiston eksportchilari uyushmasi esa ularni ish bilan ta`minlab, butun eksport xalqasi ishlashini nazorat qiladi.

    — Yuqoridagi xalqaro tashkilotlar bilan imzolangan kelishuvga asosan, Akademiya o'quvchilari ilk kundanoq Xitoyning gigant onlayn tijorat kompaniyasi — “Alibaba”da ish boshlaydi, — dedi Muxtorjon Umarov. — Ular eksportyor kompaniyalarga bog'lab beriladi hamda Uyushma yordamida jahon elektron savdo tizimiga ulanadi. O'quvchilar har bir amalga oshirgan elektron tijoriy ishi uchun 1 foizdan 5 foizgacha xaq olib, sotilayotgan mahsulotidan iqtisodiy manfaatdor bo'ladi. Bu orqali biz ularning bandligini ta'minlanib, daromad manbai topishiga ko'maklashgan bo'lamiz.

    Hozirda Biznes akademiyaning marketing, xodimlar boshqaruvi hamda bug'alteriya kurslariga qabul e'lon qilingan bo'lib, o'qish 20 noyabrdan boshlanishi ko'zda tutilgan. Darslar o'zbek va ingliz tilida, onlayn yoki offlayn ko'rinishda o'tiladi. Kelgusida mazkur Tadbirkorlik va biznes akademiyasi filiallarini barcha viloyatlarda ochish va bu orqali yoshlar ishbilarmonligini rivojlantirish, ularda xalqaro savdo malakasini shakllantirish maqsad qilingan.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri