Shu bois tanamizdagi ba’zi organlar o‘zimizga nisbatan tezroq qariydi. Bu jarayon har bir ichki a’zoda turlicha kechishi mumkin. Oqibatda ma’lum yoshga yetgach, yurak, jigar, buyrak, o‘pka, miya singari hayotiy muhim organlar bora-bora o‘z funksiyasini bajarolmay qoladi.
AQSHning Stendford universiteti olimlari inson ichki a’zolarining qarish tezligini aniqlash usulini topdi. Buning uchun 20 yoshdan 90 yoshgacha bo‘lgan 1400 nafar ko‘ngilli tadqiqot jarayoniga jalb qilindi.
Olimlar klinik sinovlar chog‘ida har bir ishtirokchidan qon tahlili namunalarini olib, barcha organlarning biologik yoshini ko‘rsatadigan 850 dan ortiq oqsilni aniqladi.
Yakunida 50 va undan katta yoshdagi odamlarning 18,4 foizida kamida bitta organ odatdagidan sezilarli darajada tezroq qarishi ma’lum bo‘ldi. Bu, kelgusi 15 yil ichida ushbu ichki a’zoda jiddiy kasalliklar rivojlanish xavfi ortadi, deganidir.
60 yoshdan katta aksariyat ishtirokchilarda esa bir vaqtning o‘zida ikki organ tezroq qariyotgani kuzatildi. Bu ularda o‘lim xavfi olti yarim baravar yuqoriligini anglatadi.
Tadqiqotchilar, agar miya tez qarisa, 5 yildan keyin xotira 1,8 marta yomonlashadi, yurakning keksayish jarayoni jadallashsa, yurak yetishmovchiligi ehtimoli 2,5 baravar oshadi, degan xulosaga kelishdi.
Mutaxassislar fikricha, bu yangi diagnostika usuli ichki a’zolarda yuzaga keladigan qator jiddiy kasalliklarning oldini olish imkonini berishi mumkin.