Oʻzi nashrning har bir soni mavzular rang-barangligi va keng qamrovi, intellektual teranligi bilan alohida ajralib turadi.
Mazkur son nafaqat adabiy-badiiy, balki siyosiy, madaniy va falsafiy tafakkurni bir maydonda jamlagani bilan ham eʼtiborga molik. Jumladan, “Xalqaro uchrashuvlar – diplomatiya va madaniyat koʻprigi” ruknida davlatimiz rahbarining Yaponiyaga tashrifi doirasidagi muhim uchrashuvlar keng yoritilgan. Xususan, Nara shahri meri bilan muloqot, Sanae Takaichi bilan rasmiy uchrashuv hamda imperator Naruxito bilan oliy darajadagi qabullar ikki davlat oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarning yangi bosqichga koʻtarilayotganini koʻrsatadi. Ushbu material jurnalxonlarga global diplomatiya va milliy manfaatlar uygʻunligini anglash imkonini beradi.
Saida Mirziyoyevaning “Men va Prezident” nomli maqolasi sonning eng samimiy va ichki ruhga boy materiallaridan. Unda muallif Prezident shaxsini nafaqat davlat rahbari, balki inson sifatida ochib berishga intiladi. Oilaviy esdaliklar, shaxsiy kuzatuvlar va ichki kechinmalar orqali obraz yanada jonli va yaqin tasvirlanadi.
Akademik Akmal Saidovning “Lev Tolstoy hikmatnomasi” maqolasi esa buyuk adib ijodining falsafiy qatlamlarini ochib beradi. Muallif Tolstoyning axloqiy qarashlari, insoniylik va maʼnaviyat haqidagi fikrlarini zamonaviy kontekstda talqin qiladi. Bu maqola oʻquvchini chuqur mushohadaga undaydi.
Oʻzbek adabiyotining yetuk vakillaridan biri Xurshid Doʻstmuhammad bilan suhbat ham jurnalxonlarda alohida qiziqish uygʻotadi. Muloqot davomida yozuvchining ijodiy qarashlari, zamonaviy adabiyotga munosabati va shaxsiy tajribasi ochib berilgan. Bu material yosh ijodkorlar uchun ham muhim ilhom manbai boʻla oladi.
Turkiya yozuvchilar uyushmasi Koʻniyo boʻlimi rahbari, shoir Ahmad Qoʻsaogʻlining Samarqand haqidagi maqolasida esa shahar tashqi nigoh orqali tasvirlangan. Muallif Samarqandning tarixiy jozibasi, meʼmoriy obidalari va ruhiy muhitini badiiy ifoda orqali yoritadi. Bu esa oʻquvchiga oʻz shahriga yangicha nazar bilan qarash imkonini beradi.
Falsafiy mulohaza sifatida buyuk adib Frans Kafkaning “Soyalar quyoshni toʻsa olmaydi” nomli falsafiy fikrlar jamlanmasi berilgan. Bu inson hayoti, qoʻrquv, umid va mavjudlik haqidagi teran mulohazalarni qamrab olgan. Kafkaga xos uslubdagi qarashlar jurnalxonlarni ichki dunyosiga yuzlanishga undaydi.
Qisqasi, “Samarqand” jurnalining ushbu soni mazmunan kengligi va gʻoyaviy chuqurligini yana bir bor tasdiqlaydi. Unda siyosat, adabiyot, shaxsiy xotira va falsafa yaxlit konseptual makonda uygʻunlashgan. Shu jihatdan jurnal nafaqat axborot manbai, balki tafakkur va mushohada maktabi sifatida ham qadrlidir.
Akbar NURMATOV,
OʻzJOKU YUNESKO va ixtisoslashgan media
kafedrasi mudiri, filologiya fanlari nomzodi, dotsent