Takroriy paxta yetishtirish texnologiyasi boʻyicha sinov dalasida gektariga 30 sentnergacha hosil olindi

    Mamlakatimizda har yili bir million gektardan ortiq maydonda gʻalla yetishtiriladi. Odatda hosil yigʻib olingandan keyin uning oʻrniga takroriy ekinlar, yaʼni mosh, loviya, makkajoʻxori, joʻxori, kartoshka, kabi 30 dan ortiq ekinlar ekiladi.

    Ulardan olinayotgan hosil dasturxonimizni toʻkin boʻlishiga, aholi bandligi va farovonligini taʼminlashga, yer va suv resurslaridan samarali foydalanishga katta hissa qoʻshib kelyapti.

    Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari shu yil yozida yangi tajribani sinab koʻrishga kirishdi. Institutning oʻsishni sozlovchi regulyatorlar laboratoriyasi xodimlari tomonidan Toshkent viloyati, Qibray tumanidagi tajriba dalasidagi maydonga takroriy ekin sifatida paxta ekildi.

    — Maʼlumki, mamlakatimizda yuzaga kelgan tajribaga koʻra, ertagi gʻalla va boshqa ekinlar may oyi oxirlari va iyun oyi boshiga kelib yigʻishtirib olinadi, — deydi laborotoriya mudiri, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professsor Shuhrat Abdualimov. — Biz ham bir-biriga tutash boʻlgan besh gektarlik ikki paykalni 1-iyungacha shudgorladik. Yerni ekishga tayyorlashda gektar boshiga 200 kilogramm ammofos fosforli mineral va 115 kilogrammdan kaliy xlorid oʻgʻitlari solindi, diskali mexanizmlar bilan boronalash va molalash ishlari oʻtkazildi. Urugʻlik chigitni ekish oldidan “Oʻzbiogumin” stimulyatori bilan meʼyorida ishlov berildi va 2-3-iyun kunlari chigit ekildi. Buning natijasida nihollarning unib chiqishi 10-15 foiz tezlashdi. va bir hafta ichida tekis sogʻlom koʻchatlar undirib olindi. Chigit ekilgandan keyin OVX purkash moslamasi yordamida “Stomp” gerbitsidi sepilishi tufayli paykallarda begona oʻtlar oʻsishining oldi olindi. Nihollar yaganalash ishlari 12-iyun kuni oʻtkazilib, gʻoʻza vegetatsiyasi davrida 3-marta chopiq qilindi va qator oralariga 4-marta ishlov berildi.

    Laboratoriya olimlarining innovatsion texnologiyani qoʻllashdan pirovard maqsadi takroriy ekilgan gʻoʻzalarni oʻsish va rivojlanishini tezlashtirish orqali yuqori hosil yetishtirishga erishishga qaratilgan edi. Bunda mahalliy va xorijda ishlab chiqarilgan organik asosli stimulyatorlardan foydalanish qoʻl keldi. Yurtimizda ishlab chiqarilgan “Oʻzbiogumin” stimulyatori va turkiyalik hamkorlarlarning preparatlarini gʻoʻzaning 5-6 ta barg chiqargan, yaʼni shonalash va gullash davrlarida qoʻllash usuli ham sinovdan oʻtkazildi.

    — Gʻoʻzaning shonalash davrida “Foral BMO” va “Eckosil” preparatining qoʻllanilishi uning gullash jarayonini tezlashtirgan boʻlsa, gullar sonini oshirish uchun “Geophos” qoʻshib ishlatilishi yaxshi samara berdi, — deydi laborotoriya yetakchi xodimi, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori Fayzulla Abdullayev. — Koʻsaklarning shakllanish va hosil tugish davrida ham ana shu guminli stimulyatorlar, shu jumladan, “Brentax KCA” bilan ishlov berilishi paxta hosildorligini oshirishning yuqori samarador texnologiyasi ekanligini amalda na bir karra koʻrsatdi. Ularni maqbul meʼyor va muddatlarda nainki paxtachilikda, balki boshqa ekinlarning unib chiqishi, oʻsishini jadalashtirish, nihollarni kasalliklardan ishonchli himoya qilishda qoʻllanilishi yaxshi samara beradi

    Qizigʻi shundaki, mazkur stimulyatorlar bilan bir qatorda 100 dan koʻproq birikmalarni gʻoʻzaning oʻzidan olish mumkin. Tarkibida qariyb 20 xil organik kislotalar boʻlgan gʻoʻza barglaridan eng qimmatli hisoblangan limon va olma kislotalarini hosil qilish ham shular sirasiga kiradi. Buning uchun paxtani qayta ishlash zavodlarida xomashyoni tozalash jarayonida chiqitga chiqqan “xazon”lardan foydalaniladi. Gumin asosli stimulyatorlar suvda oson va tez eriydigan murakkab tarkibli oksidlangan amidlardan tashkil topgan va samarador xususiyatga egaligi bilan ajralib turadi.

    Tajriba-sinov dalasidagi gʻoʻzalardagi ochilgan chanoq va koʻsaklarni sanaymiz. Har birida oʻrtacha 12-14 ta, ayrimlarida undan ham koʻproq. Demak, hosildorlik kamida 25-30 sentnerni tashkil etyapti. Ularning aksariyati 18-20-oktyabrga kelib tabiiy ravishda toʻliq ochilgan. Dalalarga oʻzbek paxtachiligining tezpishar turlari sifatida tanilgan yangi yaratilgan S-8295, S-7318, S-7519, S-6580 navlari ekilgan.

    — Takroriy paxta yetishtirish texnologiyasi kamxarajat, agar 20 sentnerdan hosil olinganda ham 20 million soʻm daromad keltiradi, — deydi Shuhrat Abdualimov, — Tola sifati ham yuqori boʻlishi kutilyapti. Kelgusi yildan boshlab, barcha viloyatlar, ayniqsa, janubiy hududlardagi fermer xoʻjaliklari va klasterlar masʼullariga bu tajribamizni sinov-koʻrgazma tariqasida koʻrsatib, ular bilan yangi tajribani joriy etish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqchimiz. Yaqin istiqbolda mamlakatimizda gʻalla va boshqa ekinlardan boʻshagan maydonlarning muayyan qismida mazkur texnologiyani tatbiq etish imkoniyati bor. Bu orqali oʻrta hisobda 800-900 ming tonna qoʻshimcha paxta xomashyosi yetishtirish mumkin.

    Albatta, bu sinov dalasida oʻtkazilgan yangi tajribaning dastlabki xulosalari. Qolaversa, mamlakatimizda toʻqimachilk sanoatining jadal rivojlanishi tufayli paxta xomashyosiga ehtiyoj tobora ortib boryapti. Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarning oʻzida paxtani qayta ishlashga qaratilgan 350 ga yaqin yirik fabrika ishga tushirildi. Besh yil avval yurtimizda yetishtirilgan paxta tolasining atigi 40 foizi qayta ishlangan boʻlsa, bugungi kunda 100 foiz oʻzimizda qayta ishlanmoqda. Tahlillarga koʻra, hozirning oʻzida 300 ming tonna tola yetmayapti. Kelgusi besh yilda bu ehtiyoj yana 600 ming tonnaga oshadi. Shundan 300 ming tonnasi sunʼiy tola boʻlsa, yana kamida 300 ming tonna paxta tolasi zarur.boʻladi.

    Davlatiiz rahbarining shu yil 28-iyun kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishidagi topshirigʻiga binoan, mazkur ehtiyojni ilm va yangi texnologiyalarga asoslangan holda, paxta hosildorligini oshirish boʻyicha yangi tizimni joriy qilish orqali qoplash ishlari boshlab yuborilgan. Nazarimizda, bu jarayonni amalga oshirishda Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan sinovdan oʻtkazilayotgan takroriy paxta yetishtirish kabi yangi tajribalarni qoʻllash ham foydadan xoli boʻlmaydi.

    Abdurauf QORJOVOV,

    iqtisodiy sharhlovchi