Bu savolga ilmiy asoslangan javoblarni olish uchun Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ish haqining taʼlim darajasiga bogʻliq holda ortib borishini oʻrganib chiqdi.

Buning uchun 18 yoshdan katta fuqarolar ishtirokida onlayn soʻrov oʻtkazildi va mamlakatimizning turli hududlaridan 1 ming 152 ta (61 foiz erkaklar, 39 foiz ayollar) javob olindi.

PMTIdan maʼlum qilishlaricha, tahlil jarayonida “Minserning daromadlar tenglamasi qoʻllanildi va baholash Stata dasturiy taʼminotida eng kichik kvadratlar uslubida amalga oshirildi. Tadqiqot natijasida Oʻzbekistonda ish haqidagi ustama fan doktori (yoki DSc) ilmiy unvoni uchun 61 foizdan, PhD yoki fan nomzodi uchun 41 foizdan yuqori ekanligi, shu bilan birga, bakalavr bosqichining imtiyozli diplomiga ega xodimlar mehnat bozorida oddiy diplom sohiblariga qaraganda 8,5 foiz koʻproq maosh olishi aniqlandi.

Soʻrovda ishtirok etganlar orasida iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha kompyuter texnologiyalari sohasida band boʻlganlarning oʻrtacha maoshi eng yuqori ekanligi maʼlum boʻldi. Ular boshqa tarmoqlarda band boʻlganlarga nisbatan 28 foizdan 37 foizgacha koʻproq ish haqi oladi. Iqtisodchilar 24-37 foiz, moliyachilar 29-30 foiz, professional va ilmiy-texnik faoliyat bilan shugʻullanuvchilarning oʻrtacha oyligi 27-38 foiz koʻp ekanligi oydinlashdi.

Baholash natijalariga koʻra, yurtimizda har bir qoʻshimcha taʼlim yili ish haqining oʻrtacha 10 foiz oshishiga imkoniyat yaratadi va bu koʻrsatkich BMTning taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti - YUNESKO ning bahosiga mos keladi.

Institut ekspertlari tadqiqotning keyingi bosqichida zarur bilim, mahorat va yuqori malakaga ega boʻlib, maʼlum bir kasbni egallash uchun qancha miqdorda sarmoya kiritish zarurligini hisoblash imkonini beradigan kalkulyatorni ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.