Prezidentimiz oʻtgan yili 20-dekabrdagi Murojaatnomasida “Ushbu davrda toʻplagan tajribamiz bir haqiqatni yaqqol isbotlab bermoqda: taraqqiyotga — faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishiladi”, deya taʼkidladi. Bu davlatimiz rahbarining kecha yoki bugun paydo boʻlgan xulosasi emas. Jamiyatimizning endigi bosqichdagi taraqqiyoti bevosita innovatsion omillarga bogʻliqligini hayotning oʻzi tasdiqlab turibdi. Bu esa, oʻz navbatida, yuqori safarbarlikni, saviyali va sifatli taʼlimni talab qiladigan jarayon. Shu bois, 2023-yilga yurtimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nom berishni taklif qilgani ham bejiz emas.
Murojaatnomada taʼkidlanganidek, “Taʼlim sifatini oshirish — Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻlidir”. Ushbu holatni inobatga olib, davlatimiz rahbari 2022-yil davomida taraqqiyotning ushbu muhim omillariga uzluksiz katta eʼtibor qaratib keldi. Jumladan, oʻtgan yili 6-iyulda Prezidentimizning “2022-2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “2022-2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu hujjatlarda mamlakatimizda innovatsion taraqqiyotni jadallashtirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida innovatsiya va texnologiyalarni keng joriy etish, inson kapitali, ilm-fan va innovatsiya sohalarini rivoj lantirish muhim vazifalar sifatida belgilangan edi. Bu saʼy-harakatlar natijasida yosh olimlar soni 2018-yildagi 6,5 mingdan 2022-yilda 10,8 ming nafarga yetdi, yaʼni bir yarim barobar oʻsdi.
Mamlakatimiz kelajagi, endigi taraqqiyoti bevosita innovatsion omillarga, pirovardida, sifatli taʼlimga bogʻliq boʻlib qolmoqda. Shu tufayli fan, taʼlim sohasida boshlangan islohotlarni jadal davom ettirish, taʼlim dargohlariga borib, oʻqituvchi va murabbiylar bilan koʻproq muloqot qilib, oʻquv-tarbiya ishlari sifatini oshirish boʻyicha qoʻyilgan masalalarni birgalikda hal etish kerakligi taʼkidlandi.
Bu ham oʻz-oʻzidan sodir boʻladigan hodisa emas. Eng avvalo, Prezidentimiz ilgari surgan Uchinchi Renessans poydevorini yaratish uchun iqtidorli yoshlarni tanlab, ularga katta eʼtibor qaratish boʻyicha ishlarni kuchaytirish darkor. Hozirgi kunda Prezident maktablarida oʻqiyotgan yoshlar aynan shu talablarga javob beradi. 2023-yil uchun reja tuzilganda odamlardan tushgan 20 mingga yaqin taklif muhokama qilingan.
Bunda yurtdoshlarimiz maktab, bogʻcha va shifoxonalarni koʻpaytirish, taʼlim va tibbiyot sifatini oshirish, mahallada yoʻl, suv, elektr, transport muammolarini hal qilish, ish oʻrinlarini sonini oshirish, tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratish, adolatni taʼminlash, ovoragarchilik, byurokratiya va korrupsiyani yoʻq qilish masalalarini ilgari surgan. Haqiqatan ham davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, ushbu masalalar aniq, oʻta zarur va oʻrinlidir.
Qanchalik qiyin boʻlmasin, bu muammolar qisqa vaqtda oʻz yechimini topishi shart. Buning uchun oʻzimizdagi bir qator kamchiliklarni tuzatish va muammolarimizni hal qilish chorasini koʻrishimiz, bularni bartaraf etish uchun tegishli “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqib, ularning bajarilishini kechiktirmasligimiz lozim. Bolalarimizni yoshligidan asosan, aqliy mehnat bilan shugʻullanib, innovatsion gʻoyalarni ishlab chiqadigan, ularni hayotga tatbiq qilib, oʻzini ham, jamiyatni ham boyitadigan ishlarni bajarishni oʻrgatishimiz kerak.
Aqliy mehnat bilan shugʻullanadigan bolaning miyasi yaxshi ishlashi lozim. Bunga erishish uchun oila va taʼlim muassasalarida bolalarni parvarishlash, tarbiyalash va oʻqitish jarayonidagi kamchiliklarni bartaraf qilish hayotiy zaruratdir. Bu xatoliklarni tugatmasdan koʻzlangan maqsadga erishib boʻlmaydi. Tadqiqotlarga koʻra, ayni paytda insonlarning, ayniqsa, yoshlarning intellektual qobiliyati talab darajasida rivojlanyapti, deb boʻlmaydi.
Bu koʻrsatkichning pasayishi, odamlar faol umrining qisqaligiga taʼsir qiluvchi bir qancha omillar mavjudligiga amin boʻldik. Birinchidan, mamlakatimizda taʼlim xizmatlari sifatini oshirish uchun oʻquv-tarbiya muassasalari va pedagoglar barchaning eʼtibori markazida boʻlishi kerak. Bunga bir qancha davlatlar tajribasini misol keltirish mumkin.
Jumladan, Singapur davlati juda qisqa vaqtda oʻz “iqtisodiy moʻjiza”sini yaratdi. Bu moʻjizaning muallifi Li Kuan Yudan “Qanday qilib bunga erishdingiz?”, deb soʻralganda u: “Men davlat byudjetini taʼlimga yoʻnaltirdim. Muallimni eng quyi tabaqadan Singapurdagi eng yuqori martabaga koʻtardim. Davlatdagi moʻjizalarni qilganlar muallimlardir. Ular ilm, axloq, mehnat va haqiqatni sevadigan kamtar avlodni yetishtirib berdi. Buning uchun ulardan minnatdormiz”, deb javob bergan.
Xuddi shunday Yaponiya ham taʼlimni rivojlantirish evaziga juda qisqa muddatda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Shu tariqa taʼlim muassasasiga, pedagoglarga eʼtibor mamlakatni shiddat bilan juda yuksak darajaga koʻtardi. Davlatimiz rahbari uqtirganidek, bizda ham mutasaddilar, ziyolilar taʼlim dargohlariga borib, oʻqituvchi va murabbiylar bilan koʻproq muloqot qilishi, oʻquv-tarbiya ishlari sifatini oshirish boʻyicha masalalarni birgalikda hal etishi kerak.
Ikkinchidan, butun eʼtiborni Yangi Oʻzbekiston uchun eng katta investitsiya boʻlgan taʼlimni qoʻllab-quvvatlashga qaratishimiz lozim. Yoshlarga taʼlim berish bilan birga, tarbiyaning ham uygʻunligini taʼminlash muhim ahamiyatga ega. Murojaatnomada taʼkidlanganidek, “Najot — taʼlimda, najot — tarbiyada, najot — bilimda. Chunki barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”.
Taʼlim-tarbiya beradigan pedagoglar faoliyatiga ham alohida eʼtibor qaratish lozim. Farzandlarimizga bilim berayotgan pedagoglar mehnati yillar davomida beqadr boʻldi. Ulardan oʻqitishdan tashqari barcha ishlarda juda koʻp foydalanildi. Taʼbir joiz boʻlsa, muallimlar pedagog sifatida haq-huquqsiz va himoyasiz soha xodimlari edi. Ayniqsa, oladigan oylik maoshiga kun koʻrish ham oʻziga yarasha zahmat talab qilardi. Shu tufayli iqtidorli yoshlar pedagogika boʻyicha oʻqish uchun oliy taʼlim muassasasiga hujjat topshirmas, bu sohada ishlashni aslo xohlamas edi. Natijada eng past ball olgan talabalar pedagogika yoʻnalishida oʻqir edi.
Uchinchidan, endi bunday nomaqbul tadbirlarni butunlay toʻxtatish vaqti kelgani va oʻqituvchilar qadrini oshirish lozimligi borasida tegishli ishlar bajarilmoqda. Mamlakatimizda oʻqituvchilarga vazifasidan tashqari ish yuklaydiganlarni maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortish boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqilgan va tez orada qabul qilinishi kutilmoqda. Bu ham oʻqituvchilar mavqei oshayotganidan dalolat beradi.
Murojaatnomada taʼkidlanganidek, maktablarda taʼlim sifati hamda jamiyatda oʻqituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning ish sharoitini yaxshilash 2023-yildagi eng asosiy vazifalarimizdan biri boʻladi. Oʻqituvchilarning maqomini, ularning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish Konstitutsiyada alohida belgilanishi tahsinga loyiq.
Toʻrtinchidan, bilimlarni oʻrgatish bilan birga, ulardan samarali foydalanmaslik anʼanasiga ham barham berish vaqti keldi. Bogʻchadanoq oʻgʻil-qizlarning qobiliyatiga tashxis qoʻyish, qiziqishini aniqlab, shu yoʻnalishga bosh qarish maqsadga muvofiq. Maktab davridan boshlab oʻquvchilar salohiyatidan samarali foydalanib, innovatsiyalar yaratish, egallagan bilimini aynan shu layoqatga yoʻnaltirishga oʻrgatish kerak. Hozir iqtidori, qiziqishidan qatʼi nazar, bolalar bir xil dastur asosida oʻqitiladi. Buning oʻrniga oʻgʻil-qizlar qobiliyatiga mos soha va yoʻnalishlar boʻyicha oʻqisa, ishlasa, darsga ham, ishga ham zavq-shavq bilan boradi. Samarali aqliy mehnati bilan obroʻ orttiradi.
Beshinchidan, mamlakatimizda Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari boʻlgan oʻquvchilar zoʻr bilimga ega boʻlishi kerak. Buning uchun oʻqituvchi ham bilimdon boʻlishi lozim. Endi oʻqituvchilarni diplomi boʻyicha band qilish emas, bilimi, mahorati va saviyasini inobatga olib ishga olish zarur. Pedagogning mavqeini koʻtarish deganda masʼuliyatini ham oshirish nazarda tutiladi.
Zamon talabiga javob beradigan innovator kadrlarni tayyorlash uchun birinchi galda muallimning oʻzi ham yangilikka intiluvchan boʻlishi kerak. Rivojlangan davlatlar bilan qiyoslasak, mamlakatimizda ham oʻqituvchining qadrini munosib darajaga koʻtarish zarurati paydo boʻlmoqda. Bu ishni qilmasdan turib, Uchinchi Renessans poydevorini qurish, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini taʼminlash, mamlakatimizning raqobatbardoshligini oshirish kabi vazifalarni bajara olmaymiz.
Oltinchidan, oʻqituvchilar ham eʼtiborga munosib, haqiqiy pedagog boʻlishi kerak. Tibbiyot xodimi savodsiz boʻlsa, bemorni davolash oʻrniga yana kasal qiladi. Iqtisodchi savodsiz boʻlsa, korxonalar inqirozga uchraydi. Muallimning savodsizligi esa kelajakda yurtga nafi tegadigan insonning qobiliyatini yoʻqqa chiqaradi. Endigi vazifa, davlatimiz rahbari aytganidek, oʻqituvchining oylik maoshini tegishli darajaga koʻtarish, iqtidorli bolalarni shu soha boʻyicha oʻqitib, muallimlikka tayyorlashdir. Eng yuqori ball olgan yigit-qizlarni birinchi galda oʻqishga qabul qilish tartibini ishlab chiqish maqsadga muvofiq.
Yettinchidan, taʼlim muassasalari nafaqat davlatning, balki hammaning diqqat markazida boʻlishi lozim. Birinchi galda ota-onalar katta eʼtibor qaratishi darkor. Chunki maktabda ularning kelajagi tarbiyalanmoqda. Shuningdek, maktabga faqat moddiy yordam emas, balki maʼnaviy koʻmak, ragʻbat, mehr berib turish ham oʻqituvchiga katta quvvat bagʻishlaydi. Muallimlarning hurmatini joyiga qoʻyishga odatlanishimiz lozim.
Hozir oʻqimagan oʻquvchiga tanbeh bersa, ota-onalar kelib, pedagoglar bilan bahslashayotgan hollar, afsuski, kam emas. Farzandining taqdiriga befarq boʻlmay, taʼlim muassasasi bilan doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi kerak. Agar ota-onalarni oʻqituvchining dars berishi, bilimi qanoatlantirmasa, buni ham ochiq aytib, vaziyatni oʻnglash choralarini koʻrish zarur.
Sakkizinchidan, taʼlim muassasalari bitiruvchilar bilan muntazam aloqani yoʻlga qoʻyishi talab etiladi. Chunki ular nimaga erishgan boʻlsa, avvalo, oʻzi oʻqigan maktabning benazir xizmati tufaylidir.
Aksariyat yigit-qizlar oʻqishni bitirib ketgandan keyin yillar davomida biror marta taʼlim muassasasiga bormaydi, xabar olmaydi. Sobiq oʻquvchi katta tadbirkor yoki boshqa biror kasb sohibi boʻlsa, oʻquvchilar bilan uchrashib, ularga muvaffaqiyat yoʻlini ayt sa, katta tarbiya darsini oʻtgan boʻladi. Oʻquvchilar salmoqli natijaga erishgan kishilarni yuzma-yuz koʻrib, ularning hayotiga guvoh boʻladi. Oʻzlari ham undan oʻrnak olishga intiladi va bunga harakat qiladi.
Toʻqqizinchidan, hozir baʼzi maktablardagi eʼlonlar taxtasida sobiq oʻquvchilarning muvaffaqiyati oʻrnak qilib yozib qoʻyiladi. Ushbu dargohni bitirgan shoirlar badiiy asarlarini, olimlar esa ilmiy risolalarini maktab kutubxonasiga topshirgan. Maktablarda sobiq oʻquvchilar burchagi, baʼzilarida kutubxonaning maxsus boʻlimi tashkil qilingan.
Kimdir oʻzi oʻqigan maktabga taʼlim uchun biror uskuna yoki jihoz sovgʻa qilib, savobga qolmoqda. Albatta, buning moddiy jihatdan tashqari tarbiyaviy ahamiyati ham katta. Sobiq oʻquvchilarning oʻzi oʻqigan maktabiga, yordam qilayotganini koʻrib ulgʻayayotgan oʻgʻil-qizlarda ham xuddi shunday ruhiyat shakllanadi. Bunday kayfiyatni oddiy tarbiya darsida singdirish qiyin. Ming marta eshitgandan koʻra, bir marta koʻrgan yaxshi, deb bejiz aytilmasa kerak. Shunday ekan, hamma oʻzi oʻqigan maktabni bir ziyorat qilib, moddiy va maʼnaviy eʼtibor qaratsa, yanada yuksalishga, jadalroq taraqqiyotga begumon erishamiz.
Taʼlim sifati, pedagogning masʼuliyati Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim omiliga aylanishi uchun hali ancha ish qilish lozim. Oʻquv-tarbiya sohasidagi asosiy vazifalar, ularning yoʻnalishi bevosita yoshlarning zamonaviy kasb-hunar egallashi uchun oʻta zarur. Bunga erishish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishdek muhim tadbirlar Murojaatnomada oʻz aksini topgan.