Ta'lim-tarbiya beshikdan boshlanadi

    Keyingi avlod 5 Iyun 2020 2773

    30 iyun` — YOshlar kuni munosabati bilan iyun` “YOshlar oyligi” deb e'lon qilindi.

    Bu oylikning 1 iyun` — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bilan boshlanishida ramziy ma'no bor. YOshlarga oid davlat siyosatini bolalar ta'lim-tarbiyasi, ularni qo'llab-quvvatlash, huquqlarini himoya qilish masalalarisiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Zero, ta'lim-tarbiya beshikdan boshlanadi.

    So'nggi yillarda O'zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilish borasida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, O'zbekistonda ilk bor bolalarning majburiy mehnatiga to'liq barham berishga erishildi. Ushbu natija xalqaro tashkilotlar, xorijiy ekspertlar tomonidan yuksak e'tirof etilib, mamlakatimizning xalqaro hamjamiyat oldidagi mavqei yuksalishiga sabab bo'ldi.

    SHu bilan birga, O'zbekistonda bolalarni sifatli ta'lim bilan ta'minlash, maktabgacha ta'lim tizimi qamrovini oshirishda ham sezilarli o'zgarishlar bor. Mamlakatimizda
    18 yoshgacha bo'lgan 9 milliondan ortiq bola istiqomat qiladi. Bugungi kunda umumiy o'rta ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan bolalar soni
    6 million 200 ming nafardan ortiqni (99,98%) tashkil etsa, maktab o'quvchilari o'rtasida gender tenglik kuzatilishini qayd etish lozim. YUNISEFning tahliliy ma'lumotlariga ko'ra, dunyoda har 5-6 bola ta'lim olish huquqidan bebahra. Ta'lim olish imkoniga ega bo'lmagan bolalar soni bugun jahonda 258 million nafarni tashkil etadi.

    Dunyo bolalarining aksariyati bugungi kunda ta'lim muassasalarida ta'qib (bulling)ga uchrayotgani, bu muammo mamlakatimiz ta'lim dargohlarida ham kuzatilayotgani O'zbekiston yoshlar ittifoqi, Xalq ta'limi vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlarni ham bezovta qilib kelmoqda.

    Bolalar va onalar o'limi ko'rsatkichlari qisqarishi ham tibbiyot, onalik va bolalik muhofazasini ta'minlash masalalariga e'tiborning amaliy natijasidir. Biroq bolalarning salomatligini saqlash, to'g'ri ovqatlanishini tashkil etish, sog'lom turmush tarzini qaror toptirish borasida hali ko'p muammolar o'z echimini kutmoqda.

    Ming afsuski, yon-atrofimizda bolalarga nisbatan jismoniy zo'ravonlik holatlari ham uchrab turibdi.
    YUNISEF ma'lumotlarga ko'ra, dunyoda 25-50 foiz bolalar jismoniy zo'ravonlikka uchraganlari haqida xabar berishgan, har 5 daqiqada dunyoda 1 nafar bola o'ldirilmoqda.

    Bugun O'zbekiston bolalari uchun xavfsiz yashash sharoiti, sifatli ta'lim va tibbiyot xizmatlarini yaratish ishlari tizimli tashkil etib kelinmoqda. O'zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatining ustuvor yo'nalishlaridan biri “Kamalak” bolalar tashkiloti negizida bolalarning iste'dodi va iqtidorini rivojlantirish, g'oya va tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash, muammolarini o'rganish va hal qilish ishlarini tizimli tashkil etish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ta'lim olishga qiziqishini orttirish, kasbga yo'naltirish, liderlik ko'nikmalarini rivojlantirishdan iborat.

    O'zbekiston yoshlar ittifoqi va “Kamalak” bolalar tashkilotining tashabbusi bilan 1 iyun` — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni va “YOshlar oyligi” doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Inson huquqlari bo'yicha vakili o'rinbosari — Bola huquqlari bo'yicha ombudsman Aliya YUnusovaning respublikamizning barcha hududlarida istiqomat qiladigan bolalar bilan ochiq muloqoti “Bolalar press-klubi” formatida tashkil etildi.

    Tadbir davomida bolalarga ­O'zbekiston Prezidentining 2019 yil
    22 apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi hamda 2020 yil 29 maydagi “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorlari bo'yicha batafsil ma'lumotlar sodda tilda tushuntirildi, yoshlar va ota-onalarning savollariga javob qaytarildi. Ana shu jarayonda bolalarimizning o'z huquqlarini bilishga bo'lgan ishtiyoqi oshib borayotgani, ayniqsa, zamonaviy axborot texnologiyalariga bo'lgan qiziqishlari doirasida hali echimini kutayotgan muammolar ko'p ekani ko'zga tashlandi. Farzandlarimiz o'zlari bilan kattalar o'rtasida juda katta devor borligi, bu devorni yo'qotish uchun ularga kattalar o'zaro hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo'lishi lozimligini ta'kidladilar. SHuningdek, bugungi avlodning ona tilimiz, milliy qadriyatlarimiz bilan bog'liq muammolarga ham e'tiborsiz emasliklari bizni quvontirdi.

    Uchrashuv davomida O'zbekiston yoshlar ittifoqi va “Kamalak” bolalar tashkiloti sardorlari va hududiy kengash xodimlari tomonidan maktablarda Bola huquqlari bo'yicha ombudsman faoliyatini yo'lga qo'yish, bunda sardorlar salohiyatidan jamoatchilik asosida faoliyat yuritayotgan vakil sifatida foydalanish, Bolalar ombudsmanining joylarda bolalar bilan uchrashuvlari va tegishli seminar-treninglarni tashkil etish kabi takliflar ilgari surildi.

    YUqoridagi takliflarni amalga oshirish, bulling, maishiy, jismoniy, psixologik zo'ravonlikdan bolalarni himoya qilishda yaqindan hamkorlikni yo'lga qo'yish maqsadida Bola huquqlari bo'yicha ombudsman va O'zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi o'rtasida o'zaro anglashinuv memorandumi imzolanadigan bo'ldi.

    Dilnoza KATTAXONOVA,

    O'zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o'rinbosari,

    “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi