Prezidentimiz yoshlarning oliy ma’lumot olishini qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratib keladi. Oliy ta’limdagi shaffoflikni kuchaytirish, kvotalar sonini sezilarli darajada ko‘paytirish, davlat granti asosida qabullar soni oshirilishi kabi islohotlar shular jumlasidan.
Davlatimiz rahbari talabalarning muammolarini tinglash asnosida ham ularning ko‘plab muammolarini hal qiladigan tizim yaratdi, keng qamrovli imkoniyatlar berdi. Jamiyat rivoji yo‘lidagi shunday qadamlardan biri talabalarning o‘qish davrida ishlashiga ruxsat berilishidir. Bir qarashda oddiydek tuyulgan bu islohot aslida jamiyat uchun ham, kelajagimiz uchun ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Buni, eng avvalo, talabaning iqtisodiy erkinligi bilan bog‘lashimiz mumkin.
Yaqin yillargacha talabalarning asosiy qismi to‘rt yillik oliy ta’lim davomida faqat o‘qish bilan chegaralanib, kundalik sarf-xarajatlari ota-onasi, yaqinlari zimmasiga tushardi. Bu talaba psixologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatish bilan birgalikda, yaqinlari uchun ham qiyinchilik tug‘dirar, qisqacha aytganda, ular oilasiga “yuk” edi go‘yo. Tasavvur qilib ko‘ring: bir emas, ikki-uch farzandini o‘qitayotgan ota-onalar qanchalik qiynalgan!
Bolasining ta’lim olishi uchun yiqqan-terganigacha sotgan, ro‘zg‘oridan qiyib, topganini talaba farzandlariga yuborgan, o‘zlari esa nochor hayot tarziga ko‘nib yashagan qancha oilalarni ko‘rganmiz, eshitganmiz. Oiladagi mana shunday qiyin vaziyatni ko‘rib turgandan keyin talaba ham xayolini jamlab, butun diqqatini o‘qishga qaratishi, albatta, qiyin.
— Oilada to‘rt o‘g‘il edik. Katta akam otamning yoniga kirib, dehqonchilik bilan shug‘ullanardi. Ikki ukam Qarshi davlat universitetida, men poytaxtda o‘qirdim, — deydi Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan Ulug‘bek Shukrulloyev. — Tan olib aytishim kerak, talabalik davrim ruhiy ezilish, o‘zimdan norozilik kayfiyatida kechgan. Biror bayram sabab dam olish e’lon qilinsa, uyga ketishni istamay bir o‘zim qolardim. Sheriklarim buni manmanlik, qishloqni yomon ko‘rish, deb tushunar ekan. Ular buning sababini bilishmas edi-da. Aslida, hatto yo‘lkiram ham otamga yuk bo‘lishidan uyalardim...
Necha bor ishga kirmoqchi bo‘lganman. Biroq, talabaligim bois meni ishga olishmasdi, imkon berilmasdi. Juda alam qilganidan bir necha bor restoranlarda ofitsiant bo‘lib yoki “moyka”da ishlashga chiqqanman. Yarim kechagacha qolib ketganim uchun deyarli har safar ichki ishlar xodimlari ushlab olardi. O‘qishdan haydalishdan qo‘rqib, bunday ishlarga ham qayta chiqmay qo‘ydim.
Talabalarga ishlash uchun ruxsat berilishi haqidagi yangilik, rostini aytaman, meni juda quvontirib yubordi. Shu bilan birga, o‘sha talabalik yillarimni ham qayta yodga soldi. Bu aslida juda katta imkoniyat. Talabaning ham ishlab, ham o‘qishi uning kelajakda jamiyat uchun kerakli shaxs bo‘lib yetishishida muhim ahamiyat kasb etadi, deb o‘ylayman. Har bir yigit-qiz talabaligidannoq o‘z-o‘zini ta’minlay boshlashi ularni boqimandalik, yaqinlariga qaramlik hissidan xalos qilib, mustaqil bo‘lishiga zamin yaratadi. Biz kabi “uydan nima kelarkin?” deb o‘tirishmaydi-da, har holda.
Hozir jiyanlarim poytaxtda o‘qiyapti. Mana shu imkoniyatlar tufayli ular ham o‘qishdan bo‘sh paytida ishlaydi. Meni hayratlantirgani – institutda o‘qiyotgan jiyanim o‘zidan orttirib, yaqinda otasiga 5 million so‘m pul yuboribdi. Bu juda yaxshi-ku!
Talabalar uchun muhim kun
2022 yilning mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim muassasalari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida bundan buyon talabalarning ishlashiga ruxsat berilishi tashabbusini ilgari surgan edi. Bu yangilik yurtimizdagi minglab talabalar hamda ota-onalar tomonidan juda iliq kutib olindi. Mazkur imkoniyat, o‘z navbatida, oliy ta’limdagi yana bir islohottalab masalaga oqilona yechim berdi.
Birinchidan, endi talabalar o‘qish mobaynida o‘z-o‘zini moliyaviy tomondan ham ta’minlay olishi mumkin bo‘ldi. Moliyaviy imkoniyat, deganda faqatgina turar joyi, ovqatlanishiyu kiyim-kechagi emas, o‘z-o‘ziga investitsiya kirita olish imkoniyatini ham tushunishimiz maqsadga muvofiq. Chunki shu vaqtgacha ota-ona tomonidan ta’minlangan talaba o‘qishdan tashqari qo‘shimcha kurslarga qatnashga, o‘zi uchun zarur kitoblarni sotib olishga jur’at qila olmagan. Sababi, sarflangan har bir so‘m to‘g‘ridan-to‘g‘ri oila gardaniga tushardi. Endi esa talaba o‘zi mustaqil ishlashi, orttirgan pulidan kelajagi uchun sarmoya kiritishi mumkin bo‘ldi.
Ikkinchidan, talabaning o‘qish davomida ishlashi katta amaliyot maktabi vazifasini ham bajaradi. Oliygohdagi nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmasdan, olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llash bo‘lajak kadrlarning salohiyati yanada o‘sishiga xizmat qiladi. Shu sababli, talabalarning har biriga individual yondashib, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirishga alohida urg‘u berildi.
Mazkur imkoniyat tufayli ko‘plab oilalarda tinch-totuvlik muhiti qaror topdi. Ilgari farzandim oliy ma’lumotli bo‘lsin, deb ota-onalar bor mashaqqatni yelkasiga olgan. Og‘zaki hisoblab ko‘rilsa, viloyatdan poytaxtga kelib o‘qiyotgan talabaning bir kurs xarajatlari ancha-munchani tashkil qilardi. Kamida 10 million so‘m to‘lov kontrakt, kundalik ehtiyojlari uchun har oy kamida 2–3 million so‘m pul, kiyim-kechagiyu boshqa sarflari bilan qo‘shib hisoblaganda yiliga 45–50 million so‘m atrofida bo‘lardi.
Endi tasavvur qiling, oylik maosh evaziga kun ko‘ruvchi o‘rtamiyona oila uchun shuncha mablag‘ni topish osonmi? Nari borsa 5 million so‘m maoshga ishlagan ota-ona topganini bolasiga yuborsinmi, ro‘zg‘orini tebratsinmi? Iqtisodiy qiyinchiliklar, hech shubhasiz, oila totuvligiga ta’sir qilmasdan qolmaydi.
Bolasini o‘qitish uchun ikki smenada ishlagan otalar, paxta mavsumining boshidan oxirigacha daladan uyga qaytmay paxta tergan onalar haqida eshitganmiz. Prezidentimiz tomonidan yaratilgan ushbu imkoniyatni aynan shunday “qahramon” ota-onalar yanada quvonch bilan qarshi olgan bo‘lsa, ne ajab!
Uchinchidan, ushbu imkoniyat jamiyatda kadrlar salohiyati rivojlanishiga ham ijobiy ta’sir etadi. Oliygohda oladigan bilimlarini ko‘p o‘tmasdan amaliyotda sinab ko‘ruvchi talabada kasbiy rivojlanish ancha yuqori kechishi tadqiqotlarda isbotlangan.
Misol uchun, endi talaba 2-kursda olgan bilimini haqiqiy ish amaliyotida sinab ko‘rishi uchun o‘qishni bitirishini kutishi shart emas. Xotira xususiyatlariga ko‘ra, takrorlanmagan bilimning esdan chiqib ketishi ham juda oson kechar ekan. Kitobda o‘qiganlarini o‘z vaqtida amaliyotda sinab ko‘rish esa bu bilimlarning xotirada muhrlanib qolishiga zamin yaratadi.
Bilimli, har tomonlama yetuk xodimlarga talab tobora ortib borayotgan bugungi zamonaviy jamiyatimizda esa bu har tomonlama to‘g‘ri qaror bo‘ldi, desak adashmaymiz.
Talabalar uchun mehnat yarmarkalari
Prezidentimiz bergan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida respublika bo‘ylab keng tarmoqli chora-tadbirlar ishlab chiqish boshlandi. Mahalliy hokimliklar va tashkilotlar tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari tahlil qilinib, ularga talabalarni qabul qilish imkoniyatlari o‘rganildi. Vakansiyalar bazasi asosida respublikamizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida mahalliy hokimlik va tashkilotlar vakillari ishtirokida mehnat yarmarkalari tashkil etildi. OTMlar rahbariyati bu yarmarkalar orqali ishlashga ehtiyoji bo‘lgan barcha talabalarni qamrab olish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirdi, jumladan, mas’ullar ishtirokida mavzuga bag‘ishlangan axborot soatlari o‘tkazildi.
Shuningdek, faqat talabalar uchun mo‘ljallangan ish izlash platformalari ishlab chiqilgani, unda yangi ish o‘rinlari uzluksiz e’lon qilib borilgani tahsinga sazovor. Qo‘shimcha ravishda bu vakansiyalar bazasi OTMlarning rasmiy sahifalarida ham kundalik joylab borildi.
Bir so‘z bilan aytganda, davlat tashkilotlarining talabalarga munosabatida sezilarli o‘zgarish yuz berdi. Bundan avval “talabani ishga ololmaymiz”, deb eshikni ko‘rsatgan rahbarlar endi ularni samimiy qabul qilib, avval haq to‘lanadigan amaliyotchi, keyin esa doimiy xodim sifatida ishga qabul qila boshladi.
Yana bir quvonarli jihati, talabalarni ish bilan qamrab olish faqat mehnat yarmarkalari bilan cheklanib qolmay, asosiy ish platformasi hisoblanuvchi ish.mehnat.uz saytida ham “Talabalar uchun ish” degan yangi tanlov filtri qo‘shildi. Bu esa saytga kirgan talaba uchun ko‘plab vakansiya orasida o‘ziga mosini topishda qulaylikni bir necha barobar oshirishga xizmat qiladi.
O‘zimni erkin shaxs hisoblay boshladim
Elyor JO‘RAYEV, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi:
– Ota-onam o‘qituvchi bo‘lgani uchun yoshlikdan bizning yaxshi o‘qishimizga jiddiy e’tibor bergan. Bolaligimizdan asosiy vaqtimiz ularning ishxonasi – maktabda o‘tardi.
Kutubxona mening yaxshi ko‘rgan joyim edi. Badiiy kitoblar, gazetalarni 5–6-sinfimdan boshlab o‘qishni boshlaganman. Kitobga do‘st bo‘lgan kishi undan ajrala olmay qolar ekan. Men ham kitoblarning ashaddiy muxlisi bo‘lib qolgandim.
Qiziqishimni ko‘rib tarix o‘qituvchimiz fan olimpiadalariga jalb qildi, ota-onamga “o‘g‘lingizni, albatta, Toshkentda o‘qitinglar, undan olim chiqadi”, derdi. Ustozimning bu gapi maktabni bitirgunimcha men uchun dasturulamal bo‘lib qoldi. Toshkentda o‘qish orzusi butun fikrimni egallab olgan, faqat shuni o‘ylardim. Shunga yarasha maktabda ham eng a’lochi bo‘lishga harakat qildim. Ota-onamning roziligi bilan Toshkentga o‘qishga kirdim.
Lekin haqiqiy hayot, haqiqiy mashaqqat endi boshlanganini poytaxtga kelib tushunib yetganman. Yigit kishi uchun ota-onaga suyanib talaba bo‘lishning o‘zi bo‘lmas ekan. Faqat shirin orzular og‘ushida yashab Toshkentda o‘qishning qiyinchiligi, moddiy ta’minoti haqida o‘ylamaganman. Ishlay desam ish ham, ish topishga yordam beradigan odam ham yo‘q.
Rostini aytaman, oilamni bunchalik qiyinchilikka qo‘yishni istamay bir necha marta o‘qishni tashlash haqida ham o‘yladim. Lekin bunga nimadir to‘sqinlik qilaverdi. Shu zaylda 2-kurs bo‘ldim. Bu orada otam o‘zi minib yurgan mashinasini kontraktimni to‘lash uchun sotishga majbur bo‘ldi. Ana shunday o‘ylovda yurgan kunlarning birida ustozimiz mehnat yarmarkasi o‘tkazilayotgani haqida aytib qoldi. Men ish izlab yurganimni, bu masalada yordam berishini iltimos qildim.
Shunday qilib, fakultetimiz rahbariyati ko‘magi bilan poytaxtdagi muzeylardan biriga mutaxassis bo‘lib ishga joylashdim. Bir oy sinov muddati berildi, keyin esa xodim sifatida ishga olishdi.
Maosh tushgani haqida telefonimga kelgan xabarni qayta-qayta o‘qiganman. Axir umrimda birinchi marta ota-onamdan mustaqil pul topishim edi-da. Men o‘zimni ilk bor moliyaviy mustaqil his qila boshladim. Ilgari barcha rejalarim ota-onamning imkoniyatiga bog‘liq edi, endi o‘zim reja tuzishim mumkin bo‘ldi.
Oldimga qo‘ygan katta maqsadlarimdan bittasi – men uchun mashinasini sotgan otamga yangi mashina sovg‘a qilish. Prezidentimizning men kabi yoshlarga yaratib bergan imkoni tufayli bugun kayfiyatim yaxshi, bilim olishga xohishim kuchli. Kelajakda bilim va salohiyatimni mamlakatimiz ravnaqi uchun yo‘naltiraman.
O‘zimdan orttirib, singlimga ham yordam beryapman
Rushana SA’DULLAYEVA, O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi:
– Davlat tashkilotlariga ishga kirishga bir necha marta urinib ko‘rdim, talabaligimni ro‘kach qilib ishga olishmadi. Shundan so‘ng ingliz tilini bilganim uchun yozma tarjima buyurtmalari bilan shug‘ullana boshladim. Lekin buyurtmalar doim ham bo‘lavermas, xizmat haqi nari borsa xarajatlarimning yarmini qoplar edi.
Bir kuni auditoriyaga dekanimiz kirib, endi talabalar ham davlat tashkilotida ishlasa bo‘lishini, istasak, o‘zimizni sinab ko‘rishimiz mumkinligini aytdi. Bu xabarni eshitib, halovatim yo‘qoldi.
Vakansiyalar ro‘yxatidan izlab-izlab o‘sha paytdagi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmatida bo‘sh ish o‘rni borligini topdim. Ariza yubordim, bir necha kun o‘tgach, suhbatga chaqirishdi. Chet tilini bilganim hamda nutqim ravon bo‘lgani qo‘l kelib, ishga qabul qilindim. Endi tasavvur qiling, oddiygina talaba qizning vazirlikka ishga kirishi ota-onani qanchalik xursand qiladi. Otamga bu haqda aytganimda, ko‘ngli tog‘day ko‘tarilib ketdi.
Onamning aytishicha, otam o‘sha kuni qarindoshlarimizni chaqirib, mehmon qilibdi.
Endi o‘qishni ham, ishni ham birga olib borishga harakat qila boshladim. Boshida sal qiyin bo‘larkan, keyin esa ancha moslasharkansiz.
O‘tgan yili singlim ham poytaxtga o‘qishga kirdi. Ming shukrki, maoshimdan orttirib, unga ham yordam beryapman. Iloji boricha otamga yengil bo‘lishini o‘ylayman.
Ha, yurtimizda ana shunday ham o‘qib, ham ishlayotgan talabalar bugungi kunda ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu ularning mustaqil shaxs bo‘lib kamolga yetishida, yetuk mutaxassis bo‘lib shakllanishida muhim bosqich, desak adashmaymiz. Talabalarga davlat miqyosida bunday g‘amxo‘rlik ko‘rsatilishi esa tahsinga sazovor.
Jonibek ALIJONOV,
jurnalist









