Shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi zamonamizda har bir mamlakat kelajagi, xususan, barcha soha va loyihalar muvaffaqiyati bilimli yoshlarga bogʻliq. Shu bois, davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridan boshlab inson kapitalini rivojlantirish, uzluksiz taʼlim tizimining har bir bosqichida sifat koʻrsatkichini yanada yaxshilash masalasiga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda. Bu saʼy-harakatlar zamirida Uchinchi Renessans poydevorini qurishdek buyuk vazifalar strategik maqsad qilib qoʻyilgan.

2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida toʻrtinchi ustuvor yoʻnalish aynan taʼlim sohasiga qaratilgani mamlakatimizni rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqish, yuqori salohiyatli kadrlar avlodini shakllantirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirishga xizmat qiladi. Shuningdek, 28-yanvar kuni Prezidentimiz raisligida maktab taʼlimini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham sohani isloh qilish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Pedagoglar tayyorlash tizimi tubdan takomillashtiriladi

Yigʻilishda oliy maʼlumotli pedagog kadrlarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish uchun Toshkent shahridagi 5 ta hamda hududlardagi 17 ta oliy taʼlim muassasasining pedagogika fakultetlarini doimiy tarzda maktablarga biriktirish zarurligi taʼkidlandi. Bu jarayonda 1-kursdanoq talabalar dars vaqtining toʻrt kuni oliy taʼlim muassasasida, ikki kuni bevosita maktablarda oʻtishi zarurligi belgilandi.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi: bu tashabbus maktab taʼlimini rivojlantirishda qanday natija beradi? Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga binoan bir yildan ortiq vaqt mobaynida taʼlim tizimi samaradorligi boʻyicha dunyoga namuna boʻlib kelayotgan Finlyandiya tajribasini oʻrganganimizda koʻrdikki, ushbu mamlakatda pedagogikaga ixtisoslashgan universitetlar talabalarining pedagogika maktablarida amaliyot oʻtashi shart qilib qoʻyilgan. Har bir talaba tajribali oʻqituvchiga biriktiriladi va universitet qoshidagi maktabda oʻquvchilarga bilim berish orqali amaliyot oʻtaydi.

Mazkur jarayon talabalarning oʻz kasbiga mehri va qiziqishini oshirish bilan birga, ularga nazariy bilimlarini amaliyotda qoʻllash imkoniyatini ham beradi. Shuningdek, ushbu mamlakat vakillari bilan oʻtgan muloqotlarimiz mobaynida ham erishilayotgan natijalar pedagoglar tayyorlash tizimi bilan bevosita bogʻliq ekani koʻp bor taʼkidlandi. Oʻtgan yilning noyabr oyida Xelsinki universiteti qoshidagi Viki oʻqituvchilar maktabi faoliyati bilan tanishganimizda bunga oʻzimiz ham amin boʻldik.

Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, bizdagi eng katta kamchilik aynan pedagoglar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalarining maktablardan ajralib qolgani bilan bogʻliq. Amaliyotning aksariyat qismi nomiga tashkil etilishi esa oliygohni bitirgan yoshlarning maktab muhitiga moslashuvida turli muammolarni keltirib chiqaradi.

Ayni shu nuqtayi nazardan, oldimizda turgan eng muhim vazifa pedagogikaga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalari va maktablarni bir vujud sifatida birlashtirish hamda sinfxonalarni talabalar uchun haqiqiy mashq maydoniga aylantirishdan iborat. Bunda esa, albatta, ustoz-shogird tizimini samarali tashkil etish maqsadga muvofiq.

Oʻquvchilar imtihonga emas, hayotga tayyorlanadi

Yigʻilishda Prezidentimiz tomonidan maktablardagi taʼlim sifati va mazmuniga ham keskin baho berildi. Xususan, amaldagi taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari faqat nazariy bilim berishga yoʻnaltirilgani, bu esa oʻquvchilarni mantiqiy fikrlash, amaliy koʻnikmalarini hayotiy vaziyatlarda qoʻllash, ayni kundagi tizim oʻquvchilarni hayotga emas, imtihonga tayyorlayotgani taʼkidlandi.

Darhaqiqat, rivojlangan davlatlarda oʻquvchilarni, avvalo, hayotga tayyorlashga, olgan bilimini real vaziyatlarda qoʻllay olishiga alohida eʼtibor qaratiladi. Nufuzli tashkilotlar tomonidan oʻtkaziladigan xalqaro tadqiqotlarda ham aynan ushbu jihat alohida ahamiyatga ega. Oʻzbekiston shu yilning aprel-may oylarida ilk marotaba xalqaro PISA dasturi tadqiqotlarida ishtirok etadi. Ushbu tadqiqotlarda 15 yoshli maktab oʻquvchilarining olgan bilimini real hayotiy vaziyatlarda qoʻllay olishi sinaladi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan tashkil etiladigan ushbu xalqaro tadqiqot dasturi umumiy oʻrta taʼlim tizimiga oid tahliliy va qiyosiy axborotlarni, shuningdek, mamlakatlar taʼlim siyosatiga oid qarorlarni qabul qilishda muhim maʼlumotlarni taqdim etadi. Mazkur tadqiqot natijalari dunyo boʻyicha yirik investorlar uchun mamlakatda mavjud inson kapitali haqidagi qimmatli maʼlumot hisoblanadi. Bugungi kunda taʼlim tizimi rivojlangan davlatlar, xususan, Finlyandiya tajribasini oʻrgangan holda, yangi oʻquv dasturlari tayyorlanib, taʼlim muassasalarida tajriba-sinovdan oʻtkazilmoqda. Mazkur sinov xulosalaridan kelib chiqib, oʻquv dasturlari yanada takomillashtirib boriladi.

Albatta, darsliklarni yangilash, ularni chop etish katta mablagʻ talab qiladi. Davlatimiz rahbari tomonidan bu muhim masalani yetarli darajada moliyalashtirish boʻyicha ham topshiriqlar berilgan. Joriy yilda ushbu yoʻnalishga 605 milliard soʻm ajratilmoqda. Bu raqam avvalgi yillarga qaraganda toʻrt barobar koʻp. Ushbu mablagʻdan samarali foydalanib, shu yilning oʻzida 4 ta sinfning fan darslik lari hamda barcha sinflarning ingliz, rus, nemis tillari hamda IT fanlar boʻyicha oʻquv darslik lari toʻliq yangilanadi.

Hokimlar uchun maktabga eʼtibor qaratish besh yilligi boshlandi

Davlatimiz rahbari barcha darajadagi hokimlarga murojaat qilib, “hokimlarning maktabga eʼtibor qilish besh yilligi” boshlanganini taʼkidladi. Shuningdek, tuman, viloyat va respublika darajasida Maktab taʼlimini isloh qilish kengashlari tuzilishi, Respublika kengashiga shaxsan Prezident rahbarlik qilishi, tuman va viloyat kengashlariga esa hokimlar bosh boʻlishi maʼlum qilindi.

Ushbu tashabbusni ham mamlakatimizda taʼlim sohasini rivojlantirish yoʻlida qoʻyilgan jiddiy qadam sifatida baholashimiz mumkin. Sababi, har bir hududning rivojlanishi hamda innovatsiyalarning amalga oshirilishida ilgʻor fikrlaydigan, bilimli yoshlar juda muhim ahamiyatga ega. Finlyandiya, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlarga xizmat safarimiz davomida ham mahalliy hokimliklar taʼlim boshqaruvida muhim rol oʻynashiga guvoh boʻlganmiz.

Yoshlarning taraqqiyot lokomotivi ekanini hisobga olgan holda, taʼkidlash lozimki, mamlakatimizda ham taʼlim hokimdan boshlab barcha darajadagi rahbarlar hamda keng jamoatchilik eʼtibor markazida boʻlmas ekan, ulkan oʻzgarishlarni amalga oshirish imkoniyati pasayib boraveradi. Zero, eng yuqori nuqtadan boshlangan oʻzgarish eng quyi nuqtada aks-sado berishi barchamiz teng darajada amalga oshiradigan saʼy-harakatlarga bogʻliq. Shuning uchun ham inspeksiya tomonidan aniqlangan kamchilik va muammolarni, avvalo, hokimlarga taqdim etish, ularning eʼtiborini qaratishga harakat qilamiz.

Vaziyatni birgina Sirdaryo viloyati misolida tahlil qiladigan boʻlsak, ikki yil avval Prezidentimiz ushbu viloyatni taʼlimni rivojlantirish boʻyicha namunaviy hududga aylantirish boʻyicha topshiriq bergan edi. Sirdaryo ikki yil avval maktablar reytingida 12-oʻrinda turgan boʻlsa, oʻtgan yili 9-oʻringa koʻtarildi. Bunda mahalliy hokimliklarning eʼtibori va mehnati ham katta boʻldi. Prezidentimiz topshirigʻiga asosan, oʻtgan yili mamlakatimizda ilk marotaba barcha maktablar reytingi eʼlon qilindi.

Reyting mezonlarini belgilashda xalqaro tajriba hamda mahalliy ustuvor masalalarga alohida eʼtibor berilib, barcha maktablar toʻrt yoʻnalishda, sakkizta indikator asosida baholandi. Reytingni aniqlashda hokimliklarning mahalliy byudjetdan maktab taʼlimini rivojlantirish uchun eng koʻp va eng kam mablagʻ ajratgani ham hisobga olindi. Uning natijalariga koʻra, barcha darajadagi hokimlar faoliyatiga baho berildi.

Kamida 10 ta OTM nufuzli xalqaro reytinglarga kiradi

Yigʻilishda davlatimiz rahbari tomonidan milliy oliy taʼlim muassasalarida sifatni oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash orqali yurtimizdagi kamida 10 ta OTMning xalqaro reytinglardan oʻrin olishini taʼminlash vazifasi belgilandi. Soʻnggi toʻrt yil mobaynida ilgʻor xorijiy tajribadan foydalangan holda, mamlakatimizda ham oliy taʼlim muassasalari milliy reytingi eʼlon qilib kelinmoqda.

Mazkur jarayonda asosiy eʼtibor OTMlardagi ilmiy salohiyatning qay darajada oʻsishiga qaratilmoqda. Xususan, 2021-yilda eʼlon qilingan milliy reyting natijalariga koʻra, soʻnggi uch yilda oliy taʼlim muassasalaridagi ilmiy salohiyat oʻrtacha 4,2 foiz oshdi. Fan doktori (DSc) ilmiy darajasi yoki professor unvoniga ega oʻqituvchilar soni 2477 nafarga, fan nomzodi (PhD) ilmiy darajasi yoki dotsent unvoniga ega pedagoglar soni 8710 nafarga yetdi. Dunyoning nufuzli 1000 talik roʻyxatiga kiruvchi OTMlarning PhD yoki DSc ilmiy darajasini olgan professor-oʻqituvchilar soni 450 nafar boʻldi.

Biroq bu natijalar mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalarining xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarni egallashi uchun yetarli emas. Shuning uchun Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston va boshqa davlatlar taj ribasini oʻrgangan holda, milliy oliy taʼlim muassasalarining xalqaro reytingdan oʻrin olishiga koʻmaklashishga qaratilgan “Oliy taʼlimda yuksalish — 2030” loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Nodavlat taʼlim tashkilotlari soni yanada oshiriladi

Dunyo tajribasida taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiladigan eng asosiy omillardan biri taʼlim muassasalari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhiti mavjudligi, ularning har jihatdan mustaqilligi hisoblanadi. Sogʻlom raqobat taʼlim sifati, madaniyatini shakllantiruvchi, oʻzini oʻzi rivojlantirishga muhit yaratuvchi salmoqli kuchdir. Qolaversa, xususiy sektor xalqimizning bu boradagi ehtiyojini ham qondirmoqda.

Bundan tashqari, sinalgan xalqaro standartlar asosida taʼlim berish, ilgʻor oʻquv texnologiyalari va resurslari sohaga aynan nodavlat taʼlim tashkilotlari orqali faol kirib kelmoqda. Shuning uchun ham Prezidentimiz tomonidan Taraqqiyot strategiyasida nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatuvchi tashkilotlarga sharoit va imkoniyatlarni kengaytirish orqali ularning ulushini 2026-yilga 8 foiz, jumladan, 2022-yilda 3 foiz oshirish vazifasi belgilandi.

oʻpgina xorijiy mamlakatlarda boʻlganimizda yoki boshqa davlatlarning taʼlim sohasi vakillari bilan tajriba almashganimizda aynan xususiy sektorning taʼlim sifatini oshirishda muhim rol oʻynayotganini, oʻz navbatida, bu davlatga katta iqtisodiy foyda keltirishiga amin boʻlganmiz. Yigʻilishda taʼkidlanganidek, taʼlimda bir- ikki yilda katta oʻzgarish qilish imkonsiz.

Biroq bugungi islohotlarni kechikmasdan va xato qilmasdan amalga oshirish juda muhim. Shu bois, mutasaddilarga Jahon banki, YUNISEF, Osiyo taraqqiyot banki kabi nufuzli tashkilotlar va moliya institutlari bilan birga ishlab, aniq hisob-kitoblarni qilgan holda yil yakuniga qadar Maktab taʼlimini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.

Shu asosda Maktab taʼlimini rivojlantirish dasturi qabul qilinadi. Berilgan topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish uchun alohida shtab tuzilishi, unga barcha vazirlik va idoralarning mutasaddilari, tajribali va nufuzli pedagoglar, fan va jamoat arboblari kiritilishi belgilandi.

Davlatimiz rahbari maktab taʼlimi sohasidagi islohotlar, bugun muhokama qilingan vazifalar katta masʼuliyat talab etadigan murakkab jarayon ekanini taʼkidladi. Ushbu islohotlar zamirida mamlakatimizning taqdiri va farzandlarimizning kelajagi yotibdi. Bu muhim masalada xato qilishga haqqimiz yoʻq.