Prezidentimizning navbatdagi Murojaatnomasida asosiy eʼtibor taʼlim sifatiga qaratilgani bejiz emas. sababi, bugun mamlakatimizdagi oʻn mingdan ziyod maktabda olti milliondan ortiq oʻgʻil-qiz taʼlim-tarbiya olmoqda. bu kichik raqam emas. zotan, millionlab bolaning kelajagi, millat va davlatning ertangi kuni sohadagi islohotlarning natijasiga bogʻliq. dunyoning taraqqiy etgan davlatlariga xos rivojlanish sirsinoati uzoq yillar taʼlim jabhasiga kiritilgan milliardlab sarmoya va katta eʼtibor hosilasi ekani hech kimga sir emas. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “dunyo tajribasi shuni koʻrsatadiki, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish uchun sarflangan sarmoya jamiyatga oʻn, yuz barobar koʻp foyda keltiradi”.
Albatta, taʼlim jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish oson emas. Soha kompleks va yangicha yondashuvni talab qiladi. Jumladan, bu taʼlim muassasasining moddiy-texnik imkoniyatini oshirishdan tortib, pedagoglar salohiyatini yuksaltirish, ota-onalar hamda keng jamoatchilikning taʼlimga munosabatini tubdan oʻzgartirishgacha boʻlgan jarayonni qamrab oladi.
Maktab taʼlimiga qaratilayotgan bunday eʼtibor va ragʻbat yaqin kelajakda oʻz samarasini berishi tabiiy. Chunki yaxshi sharoitda oʻqib, bilim va tarbiya olayotgan oʻquvchilarning keyinchalik taʼlimni akademik litsey, kasb-hunar maktablari, texnikumlar hamda oliy taʼlim muassasalarida davom ettirishi bu boʻgʻinlarda ham oʻqitish sifati va samaradorligiga ijobiy taʼsir etadi.
Murojaatnomada aytilganidek, maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega boʻlmasdan kirib kelayotgani haqiqat. Shu bois, davlatimiz rahbari 700 dan ortiq kasb-hunar maktabi va texnikum imkoniyatidan samarali foydalanish hamda har bir viloyatda bittadan texnikumda Yevropa kasbiy taʼlim standartlari joriy etish zarurligini eslatdi.
Shu yilning 20-yanvar kuni Prezidentimiz raisligida maktablarda xorijiy tillar va kasb oʻrgatish tizimini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda ham xorijiy tillarni oʻqitish sifatini oshirish va oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish masalalari muhokama qilindi. Davlatimiz rahbarining taʼkidlashicha, Oʻzbekistonda 11 yil maktabda oʻqigan bola chet tilni mukammal bilmaydi. Sharoit va mutaxassislar yetishmasligi sababli yoshlarni kasblarga qiziqtirish muhiti shakllanmagan.
Mazkur yigʻilishda tuman va mahallalarning xususiyatidan kelib chiqib, oʻquvchilarni maktabning oʻzida 64 xil ishchi kasb boʻyicha oʻqitish taklif etildi. Shuningdek, bolalarni axborot texnologiyalari va “kreativ industriya” boʻyicha zamonaviy kasblarga oʻrgatish muhimligiga urgʻu berildi. Kadrlar sifati va raqobatbardoshligi masalasi maktab taʼlimi va oliy taʼlim oʻrtasida oʻziga xos koʻprik vazifasini oʻtovchi kasb-hunar taʼlimi markazlari, akademik litseylar va texnikumlarga ham alohida masʼ uliyat yuklaydi.
Soʻnggi yillarda bu yoʻnalishda ham tegishli qarorlar qabul qilinib, sohaning moddiy-texnik bazasini yaxshilash hamda sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha qator ishlar qilindi. Xususan, taʼlim va amaliyot dasturlari bugungi ishlab chiqarish jarayoni, xizmatlar va iqtisodiyotning ilgʻor sohalariga moslashtirildi.
Prezidentimizning 2021-yil 1-sentyabrdagi “Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari oʻrtasida taʼlim jarayoni hamda tarmoq tashkilotlari bilan ishlab chiqarish amaliyoti uzviyligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, turdosh OTM hamda asosiy yoʻnalishlari boʻyicha tarmoq tashkilotlariga 213 ta texnikum biriktirildi.
Qarorning shu bandiga asosan, Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutiga ham qator texnikum va akademik litseylar biriktirilgan. Qumqoʻrgʻon agrotexnologiyalar texnikumi, Denov Hazarbogʻ agrotexnologiyalar texnikumi, Bandixon agrotexnologiyalar texnikumi hamda Qiziriq akademik litseyi shular jumlasidan. Hozir mazkur taʼlim muassasalari bilan chuqur va tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan.
Institut professor-oʻqituvchilari muntazam ochiq darslar, treninglar va laboratoriya mashgʻulotlari oʻtkazib kelmoqda. Institutning tarmoq markazlari, iqtidorli talabalari ilmiy qoʻshma loyihalar, turli tadbirlar tashkil etyapti. Mazkur texnikumlarni aʼlo baholar bilan tamomlagan bitiruvchilar suhbat asosida institutga oʻqishga qabul qilinmoqda.
Bunday qamrovli saʼy-harakatlarni yanada kengaytiramiz. Chunki taʼlimning barcha boʻgʻinida uzviylikni taʼminlash, taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasida integratsiyani mustahkamlash, ilm-fanda xalqaro tajribalarni qoʻllash va kreativ gʻoyalarni amalga oshirish taʼlim sifatini yaxshilashning muhim omillaridan.