Tuman hokimi oʻrinbosari Akrom Tursunov bilan suhbatimizda shunga amin boʻldik:
– Avvallari Mirzachoʻl tumanida sanoat boʻlmagan, xalqning yashash sharoiti ogʻir edi. “Obod qishloq” dasturidan keyin sanoat rivojlandi. 2018-yilda tumanimizda 3 tagina kichik sanoat korxonasi boʻlgan boʻlsa, bugun ularning soni 150 dan oshdi.
Keyingi yillarda xorijlik investorlarni jalb qilishga ham alohida eʼtibor qaratyapmiz. Mamlakatimizning boshqa viloyatlaridan yirik sarmoyadorlarni jalb qilishga kirishganmiz. Turkiya, xitoylik investorlar bilan hamkorlikdagi loyihalar amalga oshdi. Avstriya, Irlandiya, Estoniya tadbirkorlari bilan chorvachilik yoʻnalishida ishlar boshlangan, naslli sigirlar, qoʻy-echkilarni olib kelyapmiz.
2020-2022-yillarda 38 ta loyihani ishga tushirish boʻyicha belgilangan dasturimiz bor. Hozirgacha 281 milliard soʻm investitsiya oʻzlashtirilib, shu loyihalarning 28 tasi ishga tushirildi.
Bu bilan toʻxtab qolganimiz yoʻq. Yana 38 ta qoʻshimcha loyiha ishlab chiqdik. Qurilish, toʻqimachilik, metallga qayta ishlov berish, oziq-ovqat ishlab chiqarish, agrologistikani rivojlantirish kabi loyihalarimiz bor. Turizmni rivojlantirishga eʼtibor qaratyapmiz. Aydarkoʻl boʻyida 80 milliard soʻmlik loyiha amalga oshirilyapti.
Ishonasizmi, bundan ikki-uch yil oldin tumanimizda bironta mehmonxona yoʻq edi. Bugungi kunda 2 ta mehmonxona qurildi, aholiga maishiy, avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish shoxobchalari paydo boʻldi.
Bugungi kunda biz ularni rivojlantirish, zamon talablariga moslashtirish harakatidamiz. Tadbirkorlarimizni mamlakatimizda boʻlayotgan yirik koʻrgazmalarga yuborishni yoʻlga qoʻydik.
Asosiy maqsadimiz mahsulotlarimizni eksportga chiqarish, xorijdan katta investitsiya kiritib, tumanimizni obod qilish, aholi turmushi farovonligini taʼminlash.
Yana bir katta maqsadimiz bor: sanoatni rivojlantirib, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlab, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ni yopmoqchimiz. Shuncha islohotlardan keyin bizda hech kim kambagʻal boʻlishi, ishsiz qolishi mumkin emas.