Taraqqiyot mohiyatida hayotdan rozilik hissi bor

    Agar davlatimiz rahbari qatʼiy talab qoʻymaganida, davlat tomonidan kredit, subsidiyalar ajratilmaganida hali ham suv tejovchi texnologiyalarning baʼzi usullari bizning sharoitga mos kelmas ekan deb oʻzimizni ovuntirib yurgan boʻ­lardik.

    Suv — ulugʻ neʼmat, butun olam tirikligi manbai. Prezidentimiz qanchalik qiyin boʻlmasin, xalqimizni suv bilan taʼminlash, dehqonlarimizga zarur sharoitlar yaratish uchun bor imkoniyatlarni ishga solmoqda. Odamlarni rozi qilish, aholining turmush sharoitini yanada yaxshilashga qaratilgan islohotlar bugun oʻz samarasini berayotganini koʻrib, bilib turibmiz. Davlatimiz rahbarining “Dehqon boy boʻlsa, davlat boy boʻladi” degan soʻzlari zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad mujassam.

    Bundan oʻn yil oldin xalqaro ekspertlar bilan muloqotda iqlim oʻzgarishi, yogʻingar­chiliklar va asriy muzliklar kamayishining Markaziy Osiyoga taʼsirini muhokama qil­dik. 2025-yilga kelib, mintaqada suv resurs­lari 5 foizgacha, 2030-yillarda 10 foizgacha kamayishi mumkinligi, aholining suv tan­qisligidan aziyat chekishi haqida tashvishli bashoratlar bildirildi.

    Davlatimiz rahbari suv xoʻjaligi sohasi oldiga, birinchi navbatda, xalqimiz ehtiyoji uchun suvni yetkazib berish, iqlim oʻzgarishi va boshqa taʼsirlar tufayli suvning yetish­mayotgan qismini qoplash vazifasini qoʻygan.

    Koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasi­da 2023-yilda 7, 2024-yilda 8 milliard kub metr suv iqtisod qilindi. 2025-yilda esa ushbu koʻrsatkichni 10 milliard kub metr­ga yetkazish koʻzda tutilgan. Bu yetishmasligi bashorat qilingan oʻsha suv miqdoriga teng, desak xato boʻlmaydi. Yaʼni iqtisod qilish orqali bizga yetmayotgan suv miqdorini qop­layapmiz.

    2030-yilgacha yiliga 15 milliard kub metr suvni iqtisod qilishga erishish maqsad qilingan.

    Nukus shahrida zax suvlari tufayli koʻcha chetlari va yoʻlak boʻylaridagi yerlarni tuz qoplab, gulu rayhon tugul dov-daraxt ham koʻ­karishi qiyin edi. Prezidentimiz tashabbu­si bilan 2017-yilda Nukus shahridan oʻtuvchi “Doʻstlik” kanalini betonlashga kirishildi. “Nukus” kollektorini bosqichma-bosqich qu­rish ishlari boshlandi. Qisqa fursatda na­tija boʻy koʻrsatdi. Kanaldagi suv filtra­siyasi kamayib, sizot suvlari sathi pasaydi. Bugun Nukus koʻchalarini borib koʻrsangiz, gullar yashnab turganiga guvoh boʻlasiz.

    Yoki bir paytlar Guliston shahrida yer osti suvlari meʼyordan oshib ketaverganidan Sirdaryo viloyati markazini Yangiyer shahriga koʻchirish masalasi ham koʻrilgan edi.

    Masalaning yechimiga Shavkat Mirziyoyev­ning oʻzi bosh-qosh boʻldi, zarur mablagʻlar topildi. Guliston shahridan oʻtuvchi kanalni rekonstruksiya qilish va betonlash natija­sida suv filtratsiyasi kamaydi. Vertikal drenaj quduqlari qurildi, irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari amalga oshirilib, sizot suvlari sathi sezilarli darajada pa­saytirildi.

    Bunday misollar juda koʻp. Urganch shah­rida “Shovot” kanalining betonlanishi tu­fayli yoki boʻlmasa deyarli botqoqqa aylanay degan Norin tumanida tik quduqlar qurili­shi natijasida yer osti sizot suvlari sathi bilan bogʻliq muammolar barham topdi.

    Prezidentimizning eʼtibori tufayli suv xoʻjaligi sohasiga ham katta sarmoyalar kiritilyapti. Islom taraqqiyot banki ish­tirokida Xorazm viloyatidagi “Toshsoqa” kanallar tizimi, Jahon banki mablagʻlari hisobidan Fargʻona vodiysi viloyatlaridagi kanallar, Osiyo taraqqiyot banki hamkorli­gida Buxoro viloyatidagi, Islom taraqqiyot banki kreditlari evaziga Curxondaryo viloya­tidagi kanallar betonlanishi natijasida ushbu kanallar hududida yer osti suvlarining sathi oʻrtacha koʻp yillik koʻrsatkichdan 0,3- 0,5 metrga pasaydi, kanallarning foydali ish koeffitsiyenti oshdi.

    Eng asosiysi, sugʻoriladigan yerlarning suv taʼminoti yaxshilandi, suv oʻzi oqib ke­lishi hisobiga minglab kichik nasos stan­siyalar faoliyati toʻxtatildi. Elektr ener­giyasi va ekspluatatsiyaga ketadigan mablagʻlar iqtisod qilindi.

    Prezidentimiz 2023-yil 29-noyabr kuni qishloq xoʻjaligida suv resurslaridan oqi­lona foydalanish va yoʻqotishlarni kamayti­rish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida kanal va ariq­larni betonlash masalasiga alohida urgʻu berdi.

    Hisob-kitoblarga koʻra, betonlanmagan irrigatsiya tarmoqlarida yiliga oʻrtacha 14 milliard kub metr yoki 36 foiz suv isrof boʻlyapti. Shu bois, 2024-yil — suv xoʻjali­gida “Kanallarni betonlash boʻyicha zarbdor yil”, deb eʼlon qilindi. Davlat byudjetidan 676,7 milliard soʻm ajratilib, 555 kilometr kanallar rekonstruksiya qilindi. Klaster, fermer xoʻjaliklari tomonidan 13,5 ming kilometr ichki sugʻorish tarmoqlari beton qoplamaga oʻtkazildi.

    Bular shunchaki aytib oʻtib ketiladigan raqamlar emas. Binobarin, bularning ortida xalq farovonligi, dasturxonlarimiz toʻkin- sochinligi masalasi turibdi.

    Yaqin-yaqingacha tomchilatib sugʻorish tex­nologiyasi Oʻzbekiston sharoitiga toʻgʻri kelmaydi, bizning issiq iqlimga ariqlar­dan anʼanaviy usulda sugʻorish mos degan notoʻgʻri qarash bor edi.

    Oʻzbekistonda 4,3 million gektar su­gʻoriladigan yer maydoni boʻlsa, shuning qariyb 40 foizi oxirgi besh-olti yilda suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olindi.

    Keyingi yillarda suv tejovchi texnolo­giyalarni joriy etganlarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Prezidentimiz­ning 7 ta farmon va qarori qabul qilindi.

    Ilgari suvni tejaydigan sugʻorish texno­logiyalarining uskuna va butlovchi qismlari chet davlatlardan keltirilgan. 2019-yilda mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalar bilan shugʻullanadigan ikki yo uchta korxona bor edi. Hozirga kelib, bunday korxonalar soni 60 tadan oshdi. Ishlab chiqarish mahal­liylashtirilishi hisobiga bir gektar uchun mahsulot tannarxi 20 foizgacha arzonlashishi bilan birga joylarda servis xizmati yoʻlga qoʻyildi. Birgina suv tejovchi texnologiya­larni joriy etish hisobidan 2024-yilda 2,5 milliard kub metr suv iqtisod qilindi.

    Agar davlatimiz rahbari qatʼiy talab qoʻymaganida, davlat tomonidan kredit, subsidiyalar ajratilmaganida hali ham suv tejovchi texnologiyalarning baʼzi usullari bizning sharoitga mos kelmas ekan deb oʻzimizni ovuntirib yurgan boʻ­lardik.

    Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi­ni rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasida mamlakatda sugʻoriladigan maydonlarni suvni te­jaydigan texnologiyalar bilan 100 foiz qamrab olish vazifasi qoʻyilgan. Yana 4-5 yilda ulkan marraning qolgan qismi ham uddalanadi.

    Oʻzbekiston suv tejovchi texnologiya­larni joriy etish va suvni boshqarishda zamonaviy texnologiyalardan foydala­nish imkoniyatlarini kengaytirish bora­sida mintaqa davlatlari orasida tashab­buskor boʻlmoqda. “Markaziy Osiyoda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish va bu sohada mintaqaviy dasturni ishga tu­shirishga chaqiramiz”, dedi Prezidentimiz Samarqand xalqaro iqlim forumidagi nut­qida.

    Aytgancha, yaratilgan sharoitlar evaziga bu yildan ilgʻor fermerlarimiz oʻrtasida yangi harakat paydo boʻldi. Suv tejovchi tex­nologiyalarni ishlatish uchun quyosh paneliga oʻtayotganlar safi kengaymoqda.

    Ochigʻini aytish kerak, suv xoʻjaligi so­hasiga davlat byudjetidan ajratilayotgan mablagʻning 70 foizi 1700 ga yaqin nasos stansiyasi uchun sarflanadigan 7 milliard kilovatt-soat elektr energiyasiga yoʻnalti­riladi. Koʻrilgan chora-tadbirlar natija­sida 2017-yilda 8,3 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi sarflangan boʻlsa, 2024-yilda bu koʻrsatkich 6,5 milliard kilovatt- soatga tushdi.

    Prezidentimiz tomonidan 2024-yil 7-noyabr kuni qishloq xoʻjaligida suv va energiya manbalaridan oqilona foydala­nish hamda yoʻqotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan vi­deoselektor yigʻilishida oxirgi yillarda 1 milliard dollar hisobiga Qarshi, Amu- Buxoro, Amu-Zang kabi yirik nasos stan­siyalari modernizatsiya qilingani, lekin oʻrta va mayda nasoslar eskiligi sababli suv tannarxi oshib ketayotgani taʼkid­langandi. Shu kabi muammolardan kelib chiqib, yigʻilishda galdagi vazifalar bel­gilandi. 2025-yil — suv xoʻjaligida “Na­soslar samaradorligini oshirish yili” deb eʼlon qilindi.

    Prezidentimiz taʼkidlaganidek, suv xoʻ­jaligi sohasida keskin oʻzgarish qilishning birdan-bir yoʻli — raqamlashtirish. Bu or­qali shaffoflik, aniqlik taʼminlanadi, korrupsiyaning oldi olinadi.

    “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi va suv xoʻjaligini rivojlantirish konsepsiyasi­da belgilangan maqsadlardan kelib chiqib, oxirgi toʻrt yilda onlayn rejimda 13 ming 174 ta suv ombori va irrigatsiya tizimining suv oʻlchash postlarida suv resurslarini ku­zatib borish imkonini beruvchi “Aqlli suv”, 10 ming 296 ta meliorativ kuzatuv qudugʻida sizot suvlari koʻrsatkichlari va yerlarning minerallashganlik darajasini nazorat qi­luvchi “DIVER”, 1748 ta nasos stansiyada suv sarfini monitoring qilish qurilmalari oʻr­natildi. 96 ta yirik suv xoʻjaligi obyekti­ning boshqaruvi avtomatlashtirildi.

    Vazirlik huzurida Suv xoʻjaligini ra­qamlashtirish markazi tashkil etildi. “Suv hisobi”, “Nasos stansiyalari” kabi axborot ti­zimlari yaratildi.

    Prezidentimizning 2024-yil 23-sentyabr­dagi “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qa­rori xalqimizga koʻrsatilgan katta gʻamxoʻr­lik namunasi boʻldi. Binobarin, hujjat­da 2024-2025-yillarda eng ogʻir ahvoldagi mingta mahallada tomorqa yerlarini sugʻo­rishni yaxshilash yoki ularda elektr energiyasi barqaror yetkazib berilishini taʼminlash, internet sifatini oshirish, ichki yoʻllarni taʼmirlash va boshqa infratuzilmani yaxshi­lash maqsadlari uchun 3,2 trillion soʻm mab­lagʻ ajratilishi belgilandi.

    Davlatimiz rahbari aholi ertaga yoki uzoq kelajakda emas, bugun yaxshi yashasin degan gʻoya­ni ilgari surmoqda. Bugun tomorqasiga ekin eksin, daromad olsin, boy yashasin, deyapti.

    Shu maqsadda “Kambagʻallikdan faro­vonlik sari” dasturi doirasida 2025-yilda 864 ta obyekt boʻyicha umumiy qiymati 1,1 trillion soʻmlik 1882 kilometr sugʻorish tarmogʻi betonlandi, 185 kilometr lotok tar­mogʻi, 380 kilometr quvur, 818 ta sugʻorish qudugʻi qurildi, 421 ta nasos agregati oʻrna­tildi.

    Suv taʼminotida muammo boʻlgan mahal­lalardagi 467 mingta xonadonning 77,5 ming gektar tomorqa maydonida suv taʼminoti yax­shilandi.

    Bugun suv xoʻjaligi tizimidagi ishlar koʻlami keng. Bularning boshida, eng avvalo, sohani ich-ichidan yaxshi biladigan, bilimi va uzoq yillik tajribasi bilan bizga yoʻl- yoʻriq koʻrsatib kelayotgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev turganini alohida eʼti­rof etamiz.

    Qiyinchiliksiz hayot yoʻq. Yillar oʻtar, suv tanqis boʻlar, davrlar kelar suv yana koʻpayar. Nima boʻlmasin, Oʻzbekiston xalqi xotirjam yashashga haqli. Chunki ularni oʻylaydigan, bu zaminda yashayotgan odamlar uchun qaygʻuradi­gan yurt rahbari, bedor qalbli inson bor. U kishining oldindan koʻra bilgan holda, uzoq­ni koʻzlab amalga oshirayotgan tadbirlari tu­fayli bu oʻlka taraqqiyot iziga tushib olgan, xalqimiz hayoti yildan yilga farovonlashib bormoqda.

    Shavkat HAMROYEV,

    suv xoʻjaligi vaziri