Shuningdek, normativ-huquqiy sohada qonunchilikning shaffofligi, oʻzaro muvofiqligi va samaradorligi, mulk daxlsizligini taʼminlash va bitimlarni sud-huquqiy himoya qilishning takomillashtirilishi borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi.

Bularning hayotdagi samarasini birgina makroiqtisodiy siyosat yoʻnalishida soʻnggi yetti yilda amalga oshirilgan islohotlarda yaqqol koʻrishimiz mumkin. Jumladan, jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan qiyinchiliklarga qaramasdan, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni erkinlashtirishga qaratilgan islohotlar natijasida mamlakat yalpi ichki mahsulotining oʻrtacha yillik oʻsishi 2017–2022-yillarda 5,1 foizni tashkil etdi.

Bu koʻrsatkichning oʻzaro qiyosiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, mazkur davrda jahon iqtisodiyoti oʻrtacha yillik 2,8 foizga, rivojlanayotgan davlatlar 3,6 foizga, Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari esa 4,5 foizga oʻsganini koʻrish mumkin. Shu bilan birga, aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan YAIM hajmi 2018-yildagi 1 ming 597 dollardan 2022-yilda 2 ming 255 dollargacha oshdi.

Ushbu davrda 120 milliard dollarlik asosiy kapitalga investitsiyalar kiritildi, kredit qoʻyilmalar hajmi 3,6, konsolidatsiyalashgan byudjet xarajatlari 4 barobar oshib, inflyatsiya darajasi 2017-yildagi 18,8 foizdan 2022-yilda 12,3 foizgacha pasaydi. 2017-yilda boshlangan “zaxiralar neytralligi” prinsipi qoʻllanilishiga qaramasdan, mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari hajmi 2023-yil 1-yanvar holatiga koʻra, 35,8 milliard dollarni tashkil etib, 2017-yilga nisbatan 1,3 barobar oshdi.

Valyuta bozorini erkinlashtirish samaralari

Qisqa davr ichida muvofiqlashtirilgan makroiqtisodiy siyosat yuritish, risklarni boshqarish va barqarorlikni taʼminlash hamda iqtisodiy siyosatni shakllantirishda ulardan foydalanish mexanizmi joriy qilindi. Jumladan, bank tizimidagi tarkibiy nomutanosibliklarni bartaraf etish yoʻnalishida qoʻyilgan eng muhim qadamlardan biri ichki valyuta bozorining erkinlashtirilishi hamda bu boradagi barcha mavjud muammo va toʻsiqlarning bartaraf etilishi boʻldi. Valyuta bozorining erkinlashtirilishi natijasida parallel bozor (qora bozor) kursiga barham berildi va valyuta kursining barqarorligi taʼminlandi. Bu esa, valyuta operatsiyalarini erkin amalga oshirishda internet va onlayn banking xizmatlaridan foydalanib, uydan chiqmagan holda valyuta xarid qilish imkoniyatini yaratdi.

Taqqoslash uchun keltirib oʻtamiz: 1998–2017-yillarda norasmiy bozorda valyuta almashinuv kursining yillik qadrsizlanishi oʻrtacha 20-30 foiz boʻlgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2017–2022-yillarga kelib 6–7 foizni tashkil etdi. Natijada jismoniy shaxslar tomonidan ayirboshlash shoxobchalari orqali xorijiy valyuta sotish hajmi 2022-yilda 2017-yilga nisbatan 14 barobar oshib, 11,9 milliard dollarga hamda xorijiy valyutani sotib olish hajmi 8,9 milliard dollarga yetdi.

2020-yil 1-yanvardan boshlab pul-kredit siyosati mexanizmlarini bosqichma-bosqich inflyatsion targetlash rejimiga oʻtkazilishi belgilandi va inflyatsiya darajasini 2024-yil yakuni bilan 5 foiz darajaga tushirish maqsadini (target) oʻrnatish tizimi yoʻlga qoʻyildi. 2018-yilda iflyatsiya darajasi 18,8 foizni tashkil etgan boʻlsa, inflyatsiyani targetlash siyosati natijasi oʻlaroq, 2020-yilda isteʼmol narxlari indeksi darajasi 11,1 foizga tushdi. 2023-yil yakuniga kelib 9,5–10 foiz va 2024-yil yakuniga qadar 5 foizlik maqsadli koʻrsatkichga erishish kutilyapti.

Shu bilan birga, fiskal siyosat samaradorligini oshirish maqsadida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, tashqi shoklar va islohotlar natijasida yuzaga keladigan yoʻqotishlarni boshqarishning yetarlicha moslashuvchan shart-sharoitlarini taʼminlaydigan fiskal qoidalar ishlab chiqildi.

Bank tizimi barqarorligini taʼminlash va risklarni boshqarishga asoslangan bank tizimini nazorat qilishning prudensial tizimi yoʻlga qoʻyildi. Xalqaro moliyaviy tashkilotlarni jalb qilgan holda bank tizimini nazorat qilishning Xalqaro Bazel qoʻmitasi talablariga muvofiqlashtirish choralari koʻrildi. Xususan, soʻnggi 7 yil davomida banklarning moliyaviy barqarorligini oshirish boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar, shu jumladan, davlat ulushiga ega banklar kapitaliga 4,8 milliard dollar mablagʻ yoʻnaltirilishi hisobiga ularda yetarli miqdorda makroprudensial buferlar shakllantirildi.

Bank tizimi jami kapitali 2017-yilga nisbatan 8,9 barobar, shu jumladan, ustav kapitali 14,2 barobar oshib, mos ravishda 80 trillion soʻmga va 59 trillion soʻmga yetdi. Aholi va tadbirkorlik subyektlariga xizmat koʻrsatish usullari va mexanizmlarining oʻzgarganligi hamda ularga ishonchning ortishi hisobiga ushbu davrda banklardagi depozitlar umumiy hajmi 3,8 barobar, jumladan, aholi omonatlari 5,6 barobar oshdi.

Qulay biznes muhiti — tadbirkorlik rivojining muhim asosi

Tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash orqali iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish va doimiy ish oʻrinlarini yaratish maqsadida 2017–2022-yillarda tizimli islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, biznes yuritishni yengillashtirish, maʼmuriy toʻsiqlarni olib tashlash, litsenziyalash jarayonini soddalashtirish, tadbirkorlarga moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, xususiy mulk huquqi daxlsizligini taʼminlash boʻyicha tizimli choralar koʻrildi. Mustahkam huquqlar yangilangan Konstitutsiya normalari bilan alohida belgilab qoʻyildi.

Natijada biznesni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun talab etiladigan tartibotlar soni 3 tagacha, sarf qilinadigan vaqt esa 5,5 kundan 3 kungacha qisqardi, shuningdek, roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar 3,2 foizdan (aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromad ulushi) 2,2 foizgacha kamaydi.

Tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirish uchun 37 turdagi litsenziya va 10 turdagi ruxsatnoma bekor qilindi. 16 ta litsenziya va 11 ta ruxsatnoma boshqa hujjatlar bilan birlashtirilishi orqali qisqartirildi. 31 ta litsenziya va ruxsatnoma olish oʻrniga xabardor etish tartibi oʻrnatildi. Elektr taʼminotiga ulanish uchun tartibotlar soni 7 tadan 4 tagacha, xarajatlar esa 3 barobar kamaydi.

Biznes va sogʻlom raqobat muhitini yaxshilashga qaratilgan faol soliq siyosati olib borish uchun soliq maʼmurchiligi soddalashtirilib, soliq yuki qisqartirildi. Jumladan, soliq turlari 13 tadan 9 taga, soliq tekshiruvlari turlari 13 tadan 2 taga qisqartirildi. Soliq hisoboti shakllari, shuningdek, ularning ilovalari 15 tadan 11 taga kamaydi. Aylanmadan davlat maqsadli jamgʻarmalarga jami 3,2 foizli olinadigan majburiy ajratmalar bekor qilindi. Yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi kichik korxonalar uchun 15 foizdan 12 foizgacha, byudjet tashkilotlari va davlat korxonalaridan tashqari yirik korxonalar uchun 25 foizdan 12 foizgacha, foyda soligʻi stavkasi 14 foizdan 12 foizgacha, qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 20 foizdan 12 foizgacha, yuridik shaxslarning mol-mulkiga colinadigan soliq stavkasi 5 foizdan 2 foizgacha, yagona soliq toʻlovi stavkasi 5 foizdan 4 foizga pasaytirildi.

Shu bilan birga, teng raqobat sharoitini yaratish maqsadida 84 turdagi soliq imtiyozlari bekor qilinib, individual imtiyozlar berish amaliyotidan voz kechildi. Mazkur tizim oʻrniga yangisi joriy etilib, soliqlarni toʻlash muddatini oʻzgartirish, kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat berish vakolati xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga oʻtkazildi.

Paxta, bugʻdoy va monopol korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan 27 turdagi yuqori likvidli tovar, xomashyo hamda materiallarni faqat birja savdolari orqali sotish mexanizmi joriy etildi.

2017–2022-yillarda tijorat banklari tomonidan 82 milliard dollar ekvivalentida kreditlar ajratildi. Taqqoslaydigan boʻlsak, 2016-yilda banklar tomonidan 6 milliard dollarlik kreditlar ajratilgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich 16,5 milliard dollarga yetdi.

Davlat xususiy sheriklik asosida energetika, sogʻliqni saqlash va boshqa infratuzilma loyihalariga jami 8 milliard dollardan ortiq mablagʻ jalb qilindi hamda davlat korxonalari transformatsiyasi va xususiylashtirish jarayoni sezilarli tezlashdi.

Pirovardida 2017–2022-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror oʻsish surʼatlari taʼminlandi. Xususan, sanoat mahsulotlari 1,4 barobar, qishloq xoʻjaligi 1,2 barobar, bozor xizmatlari va qurilish ishlari 1,9 barobar oshdi. Sanoat tarmoqlarida diversifikatsiya qilish jarayonini tezlashtirish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish, birinchi navbatda, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash asosida yuqori qoʻshilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bilan bogʻliq strategik vazifalarni hal etishga qaratilgan eʼtibor mana shunday ijobiy samaraga zamin yaratdi. Maxsus iqtisodiy yoki kichik sanoat zonalari, texnopark va klasterlar shaklidagi korxonalarning hududiy birlashmalar tizimi shaklantirildi. Mazkur davrda tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonalar hisobiga ular soni 20 taga, klasterlar soni 506 taga, kichik sanoat zonalari soni 317 taga yetdi. Ular tomonidan yaratilgan mahsulotning sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi erkin iqtisodiy zonalarda 4,9 foizni, klasterda 5,2 foizni hamda kichik sanoat zonalarida 1,2 foizni tashkil etdi. Natijada sanoatning YAIMdagi ulushi 21,1 foizdan 26,7 foizgacha barqaror oʻsishi taʼminlandi.

Bozor tamoyillariga moslashayotgan agrar tarmoq

Qishloq xoʻjaligida resurs tejovchi texnologiyalarni tatbiq etish, tarmoqda mulkchilikning yangi shaklini joriy etish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga qaratilgan tizimli choralar natijasida mahsulot yetishtirish yillik oʻrtacha oʻsish surʼati 2,5 foizni tashkil etdi. 394,3 ming gektar maydon qayta foydalanishga kiritildi, 256,3 ming gektarda suv tejovchi zamonaviy texnologiyalar, 146,8 ming gektarda esa egiluvchan quvurlar joriy etildi.

Suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish maqsadida tomchilatib sugʻorish uskuna va jihozlarini ishlab chiqaruvchi 25 ta korxona tashkil etildi. Mahalliylashtirish darajasi 60 foizga yetkazildi va bir gektar suv tejovchi uskunalar narxi 5 ming dollardan oʻrtacha 2 ming dollargacha pasaydi. Agrar sohada klaster va kooperatsiyalar faoliyati rivojlantirilib, 463 ta agroklaster faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Agrar sohani raqamlashtirish boʻyicha qariyb 559 ming gektar paxta va gʻalla maydoni konturlar kesimida, ekin turlari nomi va boshqa maʼlumotlari raqamli platformaga joylashtirilib, onlayn monitoring qilish imkoni yaratildi. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlarni xususiylashtirishga qaratilgan islohot natijasida esa, 1 ming 814 gektar yer auksion savdolarida realizatsiya qilindi.

Sohada olib borilayotgan islohotlar aholi daromadlarining oshishiga ham xizmat qilyapti. Xususan, soʻnggi 2 yilda bozor xizmatlarining oʻsish surʼati oʻrtacha 15 foizni tashkil etdi.

Asosiy maqsad –iqtisodiy barqarorlik hamda inklyuziv rivojlanishni taʼminlash

Albatta, bitta maqolada islohotlar samarasi haqida batafsil yozish imkonsiz. Boshqa tomondan esa, Prezidentimiz joriy yil 14-iyul kuni oʻz lavozimiga kirishishga bagʻishlangan tantanali marosimda taʼkidlaganidek, “Kechagi natija, kechagi qarash va mezonlar endi tarix. Ular endi bizni qoniqtirmaydi.

Yangi davr uchun yangi gʻoya va tashabbuslar kerak, yangi natijalar kerak. Shundagina u tom maʼnoda yangi davr boʻladi”.

Davlatimiz rahbari joylarda oʻtkazilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda yangi Oʻzbekiston iqtisodiy islohotlariga doir maqsadlarni xalqimiz eʼtiboriga havola qildi. Unga asosan, 2024–2030-yillarda YAIM yillik oʻsish surʼati oʻrtacha 6–7 foiz atrofida boʻlishi va uning hajmini 160 milliard dollarga yetkazish orqali Oʻzbekistonni oʻrta daromadli mamlakatlarning yuqori guruhiga kiritishga qaratilgan islohotlar amalga oshiriladi.

Alohida qayd etib oʻtish joizki, 2020-yilda boshlangan pandemiya hamda bugungi kunda davom etayotgan geosiyosiy tanglikka qaramasdan, Oʻzbekiston iqtisodiyoti mustahkamligi va bardoshliligi bilan rivojlanishda davom etmoqda. Biroq, dunyo iqtisodiyotida bugungi kunda kuzatilayotgan murakkab vaziyat va uning rivojlanishi bilan bogʻliq noaniqliklar, yirik iqtisodiyotlar orasidagi tarqoqlik iqtisodiyotimizni rivojlantirish boʻyicha konseptual yondashuvlarni muntazam qayta koʻrib chiqishni taqozo etmoqda. Shu sababli, kelgusi 7 yilda eng asosiy maqsad, bu– iqtisodiy barqarorlikni hamda inklyuziv rivojlanishni taʼminlash hisoblanadi. Unga erishishda kambagʻallikni qisqartirishdan keyingi bosqich, yaʼni mamlakatimiz aholisining iqtisodiy jihatdan oʻziga toʻqligini mustahkamlash va buning uchun zarur sharoitlar yaratishga asosiy eʼtibor qaratiladi. Ushbu maqsadlarga erishishda quyidagi muhim yoʻnalishlardagi muammolarni hal etish talab etiladi.

Energetika barqarorligi yoʻlida

Jumladan, bu borada birinchi navbatda, aholi va tadbirkorlarimizni barqaror energiya resurslari bilan taʼminlash zarur. 2030-yilga borib iqtisodiyot tarmoqlari va aholining tabiiy gaz yillik isteʼmoli hozirgi 56 milliard metr kubdan 70 milliard metr kubga, elektr energiyasi isteʼmoli esa 70 milliard kilovatt soatdan 138 milliard kilovatt soatga yetadi.

Shuning uchun aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlashni inobatga olgan holda, tarmoqda bozor mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Yaʼni, isteʼmolchilarni barqaror va uzluksiz energiya resurslari bilan taʼminlash, bunda monopol holat vujudga kelishining oldini olish choralari koʻriladi, isteʼmolchilarga tanlash imkoniyati yaratiladi. Energetika resurslari ishlab chiqaruvchilari va isteʼmolchilar oʻrtasida ulgurji bozorini shakllantirish hamda isteʼmolchilarga yetkazib berishda xususiy operatorlar jalb etiladi.

Yangi energiya resurslari ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishini hisobga olib, hududlarda maʼnan eskirgan uzatish va taqsimlash tarmoqlarini yangilash dasturi ishlab chiqiladi. Sohani raqamlashtirish orqali isteʼmolchilarga energiyaning uzluksiz yetkazib berilishi taʼminlanadi.

Keyingi masala bu ichki va tashqi transport aloqalari bilan bogʻliqlikni taʼminlash hisoblanadi.

Agar kelgusi 7 yilda aholimiz 41 million, xorijiy sayyohlar soni esa 16 millionga yetishi hamda iqtisodiyotning 1,6 barobar oʻsishini inobatga olsak, aholi va iqtisodiyotning transport infratuzilmasiga boʻlgan talabini qondirish uchun sohani rivojlantirishga yangicha yondashish zarur boʻladi.

Navbatdagi yana bir muhim masala esa, tanqisligi ortib borayotgan suv resurslaridir. Tahlillarga koʻra, ekologik sharoitning oʻzgarishi natijasida yaqin kelajakda Markaziy Osiyo hududida suv bilan bogʻliq muammolar kuzatilishi prognoz qilinmoqda. Xususan, 2025-yilda yurtimizda jami suv miqdori 2022-yildagi 55,7 milliarddan 54 milliard kub metrga, 2030-yilga borib esa 49,5 milliard kub metrgacha kamayishi hisob-kitob qilingan. Shu bois, qishloq xoʻjaligiga suvni yetkazish va taqsimlash infratuzilmalarini modernizatsiyalash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshiriladi hamda tarmoqqa suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllashda bozor tamoyillari asosida ragʻbatlantirish orqali suvdan foydalanish samaradorligi oshiriladi.

Jumladan, 2030-yil yakuniga qadar 1 million gektar maydonga suv tejamkor texnologiyalar joriy qilinadi, 644 ming gektar yer lazerli tekislanadi. Har bir hududning yer osti suvlarining gidroekologik xaritasini ishlab chiqish va ulardan samarali foydalanish choralari koʻriladi.

Qishloq xoʻjaligida yerga boʻlgan munosabatni oʻzgartirish ham muhim masalalardan biri boʻlib, bu borada yer resurslaridan samarali foydalanish va sohada innovatsiyalarni qoʻllash uchun zarur sharoit yaratiladi. Xususan, qishloq xoʻjaligi yerlari hosildorligini oshirishni ragʻbatlantirish, yerga boʻlgan huquqni yanada mustahkamlashga qaratilgan ishlar davom ettiriladi.

Kelgusi 7 yilda davlat moliyaviy va investitsiyaviy resurslariga tayangan iqtisodiy oʻsish modelidan xususiy investitsiyalarga asoslangan iqtisodiy oʻsish modeliga oʻtishda biznes muhitini yaxshilash va xususiy investitsiyalar oqimini oshirishga qaratilgan choralar davom ettiriladi. Bunda, birinchi navbatda, davlat korxona va banklarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayoni amaliyotga izchil joriy qilinadi. Natijada xususiy sektor uchun bank kreditlaridan foydalanishda imkoniyatlarni kengaytirish hamda banklarning moliyaviy holatini yaxshilashga erishiladi.

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda urbanizatsiya jarayoni inobatga olinib zarur infratuzilma bilan taʼminlanadi, har bir loyihaga shaharsozlikning bosh rejasidan kelib chiqib kompleks yondashiladi. Bunda 2024-yilga qadar aholi punktlari rekonstruksiya, renovatsiya va konservatsiya zonalariga ajratilib, soddalashtirilgan tartibda bosh rejasini ishlab chiqish tizimi joriy etiladi. Kelgusi 7 yilda aholi oʻsishi hisobga olinsa, yiliga oʻrtacha 14 million yoki jami 98 million kvadrat metr uy-joyga talab boʻladi. Mazkur talabni qondirish uchun mavjud eski va avariya holatidagi uylar oʻrnida yangi koʻp qavatli uy-joylar barpo etish, yaʼni renovatsiyani amalga oshirish boʻyicha alohida tartib joriy etiladi.

Kelgusida mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish va resurslardan foydalanish samaradorligini oshirish uchun yashil oʻsishga oʻtishning fundamental asoslari yaratiladi. Tarmoq va hududiy rivojlanish dasturlari, strategiyalar va yirik investitsion loyihalar “yashil” iqtisodiyot, shu jumladan, issiqxona gazi tashlanmalari miqdori, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruvi tamoyillari (ESG) asosida amalga oshirish tartibi joriy etiladi.

Uzoq muddatli “yashil” va kam uglerodli rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlarini inobatga olgan holda, iqtisodiy va fiskal yoʻqotishlarni kamaytirish hamda samaradorlikni oshirish maqsadida kam uglerodli rivojlanish strategiyasi ishlab chiqiladi.

Jahon bozorlariga integratsiyalashuv jarayoni tezlashadi

Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi turmush sharoitini inobatga olgan holda, individual va samarasiz soliq hamda bojxona imtiyozlari butunlay bekor qilinadi. Bunda soliq imtiyozlari samaradorligi soliq bazasi, investitsiyalar hajmining oʻsishi va yangi doimiy ish oʻrinlari yaratilishiga qarab baholanadi. Soliq tizimiga axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish va insofsiz toʻlovchilar bilan ishlashni kuchaytirish boʻyicha ishlar davom ettiriladi.

Muhim yoʻnalishlardan yana biri jahon bozorlariga integratsiyani kuchaytirish hisoblanadi. Shu bois, bojxona tartib-taomillari Jahon savdo tashkiloti talablariga moslashtirilib, milliy qonunchilik va tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish amaliyotini JST qoidalari bilan uygʻunlashtirish tezlashtiriladi.

Sir emas, kredit hajmini oshirish, foizini esa tushirish — tadbirkorlar kutayotgan eng katta masala. Binobarin, chet el banklarini olib kirish, yangi xususiy banklar ochishni ragʻbatlantirish hamda depozitlarni kengaytirish hisobiga kreditlar uchun resurs bazasini keskin oshirishga asosiy maqsad sifatida qaralyapti. Kichik biznes uchun 14 foizdan oshgan kredit foiz xarajatlarini Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi qoplab beradi.

Har bir tumanda kamida 1000 ish oʻrni yaratadigan 2 tadan yangi sanoat zonalari tashkil etiladi. Qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish shartlari 15 tadan 5 taga qisqartiriladi, 107 ta davlat xizmati boʻyicha toʻlovlar miqdori 2 barobar qisqartiriladi, 10 million soʻmdan yuqori soliq sanksiyalari faqat sud tartibida amalga oshiriladi.

Soʻnggi yillarda iqtisodiyotimiz yuqori surʼatlarda oʻsishining asosiy omillaridan biri — sanoat tarmoqlari rivojlanishi boʻldi. Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, 2030-yilgacha mis ishlab chiqarish 3,5 barobar, oltin — 1,5, kumush va uran 3 barobar oshiriladi.

Shuningdek, kelgusi yetti yillik rejaga asosan Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etiladi. 2030-yilga qadar avtomobillar ishlab chiqarish 1 million donaga koʻpaytiriladi, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi hozirgi 50 milliard dollardan 110 milliard dollargacha, eksport hajmi 14 milliard dollardan 30 milliard dollargacha oshiriladi.

Xulosa qilib aytganda, Yangi Oʻzbekiston islohotlari oʻzining samaradorligi bilan insonlar va mamlakatimiz hayotida oʻziga xos ijobiy iz qoldirdi. Davlatimiz rahbari tomonidan taklif etilayotgan yaqin va uzoq istiqbolga moʻljallangan islohotlar esa rivojlanishning yangi toʻlqinini, jadal taraqqiyotimizning yangi davrini boshlab berishi shubhasiz. Demak, Prezidentimiz aytganidek, bu yoʻlda “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak poydevori”dir.

Nodir JUMAYEV,

iqtisodiyot fanlari doktori,

professor