Erta bahorda paxta ekish va parvarishlash, erta kuzdan to qahraton qish eshik qoqqunicha paxta hosilini yigʻib olish uchun bu yoʻllar uzra odamlar va hosil karvonlari qatnovi tinmasdi. Yogʻin-sochinli kunlarda tuproq yoʻlning oʻydim-chuquriga tushib ketgan, loyga botib qolgan texnikalarni itarib yurgan odamlarni tez-tez uchratish mumkin edi.

Esimda, bir gal shom qorongʻusida paxta terimidan qaytayotgan terimchilar oʻtirgan traktor telejkasi yoʻl chetidagi ariqqa qulay-qulay, deb yonbosh bilan turib qolgandi. Allohning marhamati va traktorchi uddaburonligi tufayli falokatning oldi olingan, telejkada oʻtirgan yoʻlovchilarga jiddiy zarar yetmagandi...

Bugun bu yoʻl boʻylab yurib, tevarak-atrofning ozodaligi, obodligiga havasim keldi. Ravon yoʻl uzra ishga, oʻqishga, yaqinlarini yoʻqlashga shoshilayotgan odamlar koʻzidagi shodlik, dilidagi shukronalik tuygʻusidan qalbim quvonchga toʻldi.

Darhaqiqat, yil sayin yurtimizning har bir goʻshasi kabi qishloqlarimiz ham tobora chiroy ochib, zamonaviy qiyofaga kirmoqda. Buni Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanidagi Mirob qishlogʻida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari misolida ham koʻrish mumkin. Shu oʻrinda bu yoʻllar qatiga yashiringan tariximizning sinoatlari haqida bir lavhani keltirib oʻtishni joiz topdik.

Mirob qishlogʻining qoq oʻrtasidan oʻtuvchi ravon yoʻl koʻhna va bepoyon vohada yastanib yotgan Zamonbobo qirlariga borib tutashadi. Tarixiy manbalardan maʼlumki, bu hudud insoniyatning qadimiy yashash makonlaridan biri boʻlgan. Oʻtgan asrlarda olimlarimiz olib borgan arxeologik tadqiqotlari jarayonida jez davri urugʻ jamoasi madaniyatiga oid nodir tarixiy ashyolar, qadimiy insoniyatning izlarini topgan. Bu yoʻllar ana shunday koʻhna va qadimiy tariximizning necha-necha kechmishlariyu voqeliklariga guvoh.

“Obod qishloq” dasturi samarasi

Ana shunday olis moziy va zamonaviylik uygʻunlashgan qishloqlarimizni obodonlashtirish, infratuzilmasini yaxshilash, aholi turmush farovonligini oshirish maqsadida yurtimizda keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2021-yil 2-apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu jabhadagi ishlarda muhim dasturilamal boʻldi.

Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Qorakoʻl tumanining “Mirob” mahalla fuqarolar yigʻini hududida ham ijtimoiy soha infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 9 milliard 965 million soʻmlik qurilish va taʼmirlash ishlari olib borilishi koʻzda tutilgan. Hozirgacha bu borada qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, qishloqdan oʻtuvchi markaziy yoʻl asfalt qilinib, chetiga piyodalar yoʻlagi barpo etildi. Yoʻl boʻyida savdo, ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish infratuzilmalari faoliyat yuritmoqda. Yoʻlning oʻng tomonida zamonaviy mahalla binosi, chapda oilaviy shifokorlik punkti qad rostlab turibdi.

Hozirgi kungacha mirobliklarga xizmat qilgan bino 1989-yil qurilgan va eski loyiha asosida ambulatoriya sifatida faoliyat yuritayotgan edi. Yangi oilaviy shifokorlik punktini barpo etishga 640 million soʻm mablagʻ sarflandi. Bugun yangi shifo maskani hududdagi 569 oilaga tibbiy xizmat koʻrsatadi. Oilaviy shifokorlik punktida 1 nafar shifokor, 6 nafar patronaj hamshira aholi xizmatida.

Qishloqda yangi maktab va bogʻcha ham barpo etildi. Shuningdek, Qorakoʻl tumanining barcha hududlari qatorida mirobliklar ham bugungi kunda markazlashgan ichimlik suv tarmogʻi bahramand boʻlmoqda.

Qishloqqa tadbirkorlikning yangi turlari kirib bormoqda

Mirobliklar azaldan tomorqa va qoramolchilik bilan shugʻullangan, shu ishning hadisini olgan. Bugungi kunda qishloqda tadbirkorlik faoliyati turlari kengayib bormoqda. “Obod qishloq” dasturi doirasida imtiyoz asosida 85 xonadonga 1 sotixlik issiqxona qurib berildi. Oilalarga sudsidiya asosida chorva mollari tarqatildi.

Ana shunday tadbirkorlardan biri Gulchehra Jumayeva uch farzandning onasi. Hovlisida 20 sotixdan koʻproq tomorqasi bor. Boquvchisidan ayrilgan bu ayolning oilaviy sharoiti eʼtiborga olinib, “Ayollar daftari”ga kiritildi va imtiyozli kredit ajratildi. Buning evaziga tikuv mashinalari sotib olib, uyida kichik tikuv sexi tashkil etdi. Oila aʼzolaridan tashqari qishloq qizlaridan ikki nafarini ish bilan taʼminladi. Bu faoliyat bilan cheklanmay, imtiyozli kredit evaziga chorva boqishni ham yoʻlga qoʻydi. Ishbilarmonlik sirlarini qisqa muddatda puxta egallagan Gulchehra endilikda issiqxona tashkil etib, bozorda talab yuqori boʻlgan mahsulotlar yetishtirish niyatida.

Gulchehraning turmush oʻrtogʻi vafot etganida farzandlari ancha yosh edi. Oʻshanda ham u boqimanda boʻlib, davlatning yordamiga koʻz tikib oʻtirishni istamay, tadbirkorlik qilish, kredit olish yoʻllarini izlagan. Ammo garovga tikadigan narsasi yoʻqligi tufayli bank kredit bermagandi.

— Bu voqealarga ham oʻn yillar boʻldi. Oʻsha kunlarni, oilamizdagi qiyinchiliklarni bugun eslagim ham kelmaydi, — deydi Gulchehra Jumayeva. — Mana, bugun davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar tufayli tadbirkorga aylandim. Orzularim cheksiz — tikuvchilik faoliyatimni yanada rivojlantirib, katta korxona tashkil etmoqchiman. Issiqxonadan ham unumli foydalanish yoʻllarini izlayapman. Bugun yurtimizda tadbirkor boʻlaman, degan inson uchun sharoitlar shu qadar koʻpki, undan toʻgʻri foydalangan odam oʻz oilasi rivojiga ham, jamiyat rivojiga ham katta ulush qoʻshadi. Men ana shunday insonlar safida boʻlishni niyat qilganman.

Bugungi kunda 2 mingdan koʻproq aholi istiqomat qiladigan Mirob mahallasida koʻpchilik tomorqa va oilaviy tadbirkorlikni daromad manbai, deb biladi. Shu bois, aholining tomorqadan samarali foydalanishini tashkil etishga katta eʼtibor qaratilmoqda. “Obod qishloq” dasturi doirasida erta bahordan boshlab ekin yerlarini tartibga keltirishga kirishildi va koʻklamgi ekish ishlari qizgʻin davom etmoqda.

Mirobda boʻlsangiz, koʻpchilik daromadning yana bir omili haqida ham gapiradi. Bu issiqxona bilan bogʻliq. “Obod qishloq” dasturida belgilangan loyihaga koʻra, hududda odamlarning ehtiyoji asosida koʻpgina xonadonlarda sabzavot mahsulotlari yetishtiriladigan 1 sotixli issiqxonalar qurildi. Bu imkoniyat tufayli ilgari ishsiz boʻlgan aholi oʻzini oʻzi band qilgan tadbirkorga aylanmoqda.

“Yashil yillik”ka mening hissam

Shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida “Yashil yillik” tadbiri doirasida koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari davom etyapti. Miroblik fermerlar va aholi ham bu jarayonda faol qatnashmoqda.

Bugungi kunda hududda beshta fermer, bitta oʻrmon xoʻjaligi faoliyat yuritadi. Obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari fermer xoʻjaliklari hududida, aholi xonadonlarida, yoʻl boʻylari, ariq va zovurlar atrofida ham uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.

— “Yashil yillik” tadbirida ushbu fermer xoʻjaliklari bilan bir qatorda, aholi xonadonlaridagi tomorqalarga ham mevali va manzarali koʻchatlar ekilyapti, — deydi “Mirob” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Oʻlmas Bagandikov. — Har bir xonadonga 30 tupgacha koʻchat ekishni rejalashtirganmiz. Buning uchun 4,5 ming tup tok, 11 ming tupdan koʻproq mevali, manzaralari daraxt koʻchatlari aholi va fermerlarga yetkazib berildi. Ekilgan nihollarni parvarishlash, unib-oʻsib ketishini taʼminlash choralari ham koʻrilmoqda. Shu maqsadda qishloqdan oʻtgan 4,5 kilomertlik asosiy va 16 kilomertdan ortiq ichki ariqlar hashar yoʻli bilan tozalandi. Ushbu umummilliy tadbirga aholini va yoshlarni keng jalb etish maqsadida mahalla faollari va yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan “Yashil yillik”ka mening hissam” loyihasi amalga oshirilyapti.

Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar shukuhi chekka qishloqlardan biri boʻlgan mirobliklar hayotida ham ana shunday muhim oʻzgarishlarda aks etmoqda. Ularni oʻz koʻzi bilan koʻrishni, orzulari ushalayotgan odamlarning quvonchiga sherik boʻlishni istaganlarni qishloq ahli “Bir kelib keting, qishlogʻimizga!”, deya chorlaydi.

Bahor XIDIROVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri