Davlatimiz madhiyasidagi ushbu misralar Uchinchi Renessans poydevorini yaratish sari dadil qadam tashlayotgan yangi Oʻzbekistonning bugungi ijtimoiy-maʼnaviy qiyofasini oʻzida toʻliq aks ettiradi.

Darhaqiqat, yurtimizda erishilayotgan olamshumul yutuqlar, “inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ulugʻvor tamoyilni qaror toptirish yoʻlidagi ulkan islohotlar tufayli “qudrati joʻsh urgan” xalqimiz aqliy va maʼnaviy salohiyatining bugungi amaliy natijalari tom maʼnoda dunyoni hayratga solmoqda. Vatanimiz tarix uchun juda qisqa boʻlgan davrda qoʻlga kiritayotgan zafarlari va koʻzlayotgan marralari bilan olamni “mahliyo aylamoqda”.

Yaqinda BAAning Dubay shahrida oʻtkazilgan, qitʼamizning 35 davlatidan kelgan 1500 dan ziyod sportchi ishtirok etgan V Yoshlar paraosiyo oʻyinlarida yurtdoshlarimiz qoʻlga kiritgan tarixiy gʻalaba ham xalqimizning “ulugʻ qudrati”ni yana bir bor namoyish etdi. Yoshlarimiz Oʻzbekiston paralimpiya harakati tarixida yangi sahifa ochdi — 99 oltin, 57 kumush, 41 bronza medal bilan umumjamoa hisobida Osiyo qitʼasida tengsiz ekanini isbotladi.

Cheksiz faxr beradigan jihat shuki, mazkur turnir davomida Oʻzbekiston madhiyasi qariyb 100-marta yangradi!

Futbol boʻyicha milliy terma jamoamiz tarixda ilk bor jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Talabalarimiz Xalqaro yozgi universiada oʻyinlarida 116 davlat orasida ilk bor kuchli 15 talikka kirdi, Markaziy Osiyoda birinchi boʻldi.

Shaxmatchimiz Javohir Sindorov 19 yoshida jahon kubogi sohibi boʻlganida koʻksimiz togʻdek koʻtarildi!

Vatanimiz farzandlarining bunday buyuk zafarlari bugun chindan ham “ulugʻ xalq qudrati joʻsh urayotgani” va xalqimiz “olamni mahliyo aylayotgani”ning yorqin dalilidir.

Davlatimiz rahbari mustaqilligimizning 34-yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda yoshlarga murojaat qilib, faxru gʻururimizga loyiq oʻgʻil-qizlarimiz timsolida boʻlgʻusi xorazmiylar, beruniylar, ibn sinolarni koʻrishini taʼkidlagan edi.

“Bugungi yoshlarimizning ovozi, gʻoya va tashabbuslari, kuch-gʻayrati barcha soha va tarmoqlarga chuqur kirib bormoqda. Ular xalqimizning necha yillik orzu-armonlarini real haqiqatga aylantirmoqda”, dedi Prezidentimiz.

Hozir dunyodagi eng yetakchi oliygohlarda 2000 dan ziyod talabamiz tahsil olmoqda. Oʻtgan yili yurtimiz yoshlari nufuzli 500 talikdan joy olgan oliygohlarga oʻqishga kirish boʻyicha Markaziy Osiyoda peshqadam boʻldi.

2025-yilda yurtimiz oʻquvchilari tomonidan fan olimpiadalari tarixida yangi natija qayd etildi: 29 ta xalqaro fan olimpiadasida jami 210 ta medal qoʻlga kiritildi. Xususan, oʻquvchilarimiz 40 oltin, 78 kumush, 92 ta bronza medalga ega chiqdi. Bu xalqimiz buyuk salohiyatining namoyishi emasmi?!

Shu oʻrinda qiyoslash uchun raqamlarni keltirib oʻtaylik.

  • 2019-yilda — 30 ta,
  • 2020-yilda — 25 ta, 2021-yilda — 45 ta,
  • 2022-yilda — 41 ta, 2023-yilda — 96 ta,
  • 2024-yilda — 128 ta medal qoʻlga kiritilgan edi.

Yurtimiz oʻquvchi qizlari ilk marta Yevropa qizlar matematika olimpiadalarida qatnashdi hamda 1 kumush, 2 bronza medal sohibi boʻldi. Bu natijalar shunchaki raqamlar emas. Ular ajdodlarimizning uzoq yillik orzu-armonlari, xalqimizning bunyodkor ruhini oʻzida ifodalaydi. Bunday olamshumul yutuqlar yangi Oʻzbekistonda oltin avlod kamolga yetayotgani hamda mamlakatimiz koʻzlayotgan ulkan marralar real va hayotiy zaminga ega ekani haqida butun dunyoga jar solmoqda.

Xalqni uygʻotayotgan oʻzgarishlar

Har bir kunimiz, hayotimizda sodir boʻlayotgan yangilanishlar yangi Oʻzbekiston gʻoyasi amalda qudratli harakatga aylanganini bot-bot isbot etayotir. Qayerga qaramang, tarixiy voqealarga guvoh boʻlasiz. Har bir kunimizda unum, oʻsish bor!

Bu olamda hech bir hodisa yoki natija oʻz-oʻzidan yuzaga chiqmaydi. Har bir yuksalishning ortida tinimsiz mehnat, ulugʻvor gʻoyalar va xayrli tashabbuslar mujassam. Shu maʼnoda, bugun yoshlarimiz qoʻlga kiritayotgan salmoqli zafarlarni keyingi 8-9-yilda mamlakatimizda amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar samarasi desak aslo xato boʻlmaydi. Tizimli va muqarrar tus olgan bu islohotlar millatimizni ruhan uygʻotmoqda, jamiyatimizga bunyodkor gʻoyalarni olib kirmoqda va shu tariqa odamlarni harakatga keltirmoqda. Eng muhimi, uzoqni oʻylab, izchil olib borilayotgan bu saʼy-harakatlar xalqimizning maʼnaviy va aqliy salohiyatini yuzaga chiqaryapti.

Yoshlarimizning xalqaro sport maydonlaridagi shonli yutuqlariga Oʻzbekistonni chinakam sport mamlakatiga aylantirish maqsadida koʻrilayotgan tizimli chora-tadbirlarning amaliy natijasi sifatida qarash lozim. Istiqbolli oʻgʻil-qizlarimizga atab Toshkentda barpo etilgan ulkan Olimpiya shaharchasi, yurtimiz tarixida birinchi marta tashkil etilgan, zamonaviy taʼlim va bilim beradigan Futbol akademiyasi yangi isteʼdodlar va yangi chempionlar uchun ramziy maʼnoda beshik boʻlishi shubhasiz!

“Prezident olimpiadasi” oʻyinlariga asos solinganining oʻzi katta voqea! Mazkur musobaqaning saralash bosqichlariga 100 mingdan ziyod oʻgʻil-qiz jalb qilingani va yakuniy turnirda 3000 ga yaqin sportchi ishtirok etgani Oʻzbekiston sporti noyob tizim boʻlib shakllanganini yaqqol koʻrsatib berdi. Qatʼiy ishonch bilan aytish mumkinki, ilk bor oʻtkazilgan va qizgʻin kurashlarga boy boʻlgan “Prezident olimpiadasi” yoshlarimiz qalbiga olimpiada ruhi, olimpiada gʻoyalarini olib kirdi hamda ularning jahon arenalari sari dadil borishida katta tajriba va mahorat maktabi boʻlib xizmat qiladi.

Taʼlim sohasidagi islohotlar ham juda zalvorli. Soʻnggi sakkiz yilda xususiy sektor bilan birga bogʻchalardagi oʻrinlar 2,5 millionga, qamrov 78 foizga yetkazildi. Yangi maktablar barpo etilgani va mavjudlari kengaytirilgani hisobiga qoʻshimcha 1 million oʻquvchi oʻrni ochildi.

Shu davrda oliy taʼlimdagi qamrov 9 foizdan 42 foizga yetkazilgani tizimda yuz bergan keskin burilishning amaliy mahsulidir. Oliy oʻquv yurtlari talabalarining 53 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani ham alohida eʼtiborga molik. Oliygohlarda taʼlim olayotgan xotin-qizlar ham maʼnan, ham aqlan yetuklikka erishib, kelgusida jamiyatimizdan munosib oʻrin topishi va maʼrifatli ona boʻlib har jihatdan barkamol avlodni tarbiyalashga hissa qoʻshishi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir.

Taʼlimdagi yangilanishlarning dastlabki kurtaklari hayotimizda boʻy koʻrsatmoqda. Maktablarimizda bu yildan boshlab ijobiy natijaga erishildi, yaʼni respublikadagi 3 ta umumtaʼlim muassasasi bitiruvchilari oliy oʻquv yurtlariga kirish boʻyicha 100 foizlik natijaga erishdi. Qorakoʻl tumanidagi maktab-internat, Navoiy shahridagi 1-ixtisoslashgan maktab-internat, Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabining bu yutugʻi taʼlimdagi tub yangilanishlarning mevasi.

Jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, taʼlim tizimini isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlar koʻlami keng va ular mohiyatan milliy gʻurur hamda erkin tafakkurga ega, oʻzini yurt taqdiriga daxldor deb biladigan barkamol shaxslarni tarbiyalashga qaratilgan. Islohotlarning amaliy ­samarasi yoshlarimizning teran tafakkuri, aqliy yetukligi va maʼnaviy kamolotida namoyon boʻlayotgani gʻoyat quvonarli.

Bebaho boylik

Yangi Oʻzbekistonda isteʼdod egalarini ragʻbatlantirish va ularga keng yoʻl ochish yoshlarga oid davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan. Mamlakatimiz taraqqiyotining soʻnggi yillardagi arxitekturasini tahlil qilsangiz, yosh avlod resursini rivojlantirish va yuzaga chiqarish masalasiga har qachongidan ustuvor oʻrin berilayotganiga amin boʻlasiz. Chindan ham yoshlar — yangi Oʻzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi!

Inson qobiliyatini rivojlantirish koʻp jihatdan ijtimoiy muhitga va tarbiyaga bogʻliq. Yurtimizda kamolga yetayotgan har bir iqtidor egasini aniqlash va yutuqlarga ruhlantirish uchun eskirgan, anʼanaviy ­qoliplardan voz kechish, yangicha yondashuv va tizimli islohotlar lozim edi. Jamiyatga yangi gʻoyalar, chaqiriqlar kerak edi.

2019-yilda Prezidentimiz yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha

5 ta muhim tashabbusni ilgari surdi. Oʻtgan qisqa muddatda salmoqli saʼy-harakatlar bajarildi. Shu maqsadda koʻplab dasturlar qabul qilindi.

Yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr kabilarga qiziqishini oshirish boʻyicha 840 ta madaniyat markazi, 219 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi, 10 ming 182 ta umumtaʼlim maktabida 93 ming 385 ta toʻgarak faoliyati yoʻlga qoʻyildi va ularga 12 million 400 ming oʻgʻil-qiz qamrab olindi.

Isteʼdodli yoshlarni barvaqt aniqlash va qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan koʻplab xalqaro va respublika koʻrik-tanlovlarining muntazam oʻtkazib kelinayotgani, yoshlar uchun “Kelajak bunyodkori”, “Mard oʻgʻlon” va Zulfiya nomidagi davlat mukofotlarining taʼsis etilgani ham navqiron avlod vakillari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Misol uchun, madaniyat va sanʼat yoʻnalishida tashkil etilgan loyiha va tanlovlarga jami 3,2 million yosh jalb qilingan.

Mahalladan iqtidorli yoshlarni saralash, isteʼdodini namoyish etishiga sharoit yaratish maqsadida 26 ta tanlov va musobaqadan iborat 5 bosqichli (mahalla — sektor — tuman — viloyat — respublika) “Besh tashabbus olimpiadasi” oʻtkazilib, 13 milliondan ortiq yosh jalb etildi.

Yoshlarning zamonaviy bilimlar va axborot texnologiyalariga qiziqishini oshirish masalasi ham davlatning doimiy eʼtiborida. 2025-yilda “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 325 ming yigit-qiz oʻqitildi. Shuningdek, yoshlar ­startaplarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha venchur sarmoya mablagʻi 1 milliard dollarga yetkazilishi va maktablarda oʻquvchilar uchun “mohirlik va biznes soati” kiritilib, ularning gʻoyasini startapga aylantirishga 100 milliard soʻm grant yoʻnaltirilishi belgilandi.

Yigit-qizlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish maqsadida anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” respublika tanlovi oʻquvchilar orasida ommalashib, katta harakatga aylandi. Bu tanlov 5 milliondan ziyod yoshni qamrab oldi. Shu kungacha mazkur tanlovning 23 gʻolibi Prezident sovgʻasi — avtomashinalar sovrindori boʻldi. Bu harakatning jamiyatdagi ijobiy aks sadosi sifatida kitobga mehr qoʻyib, mutolaani kundalik hayot tarziga aylantirgan, “Yosh kitobxon” tanlovida gʻolib boʻlib, ota-onasiga avtomashina sovgʻa qilish oʻy-xayolida intilayotgan oʻquvchilar safiga har yili minglab yangi iqtidorlar qoʻshilmoqda.

Oʻzbekiston yangi isteʼdod egalarini kashf etish va ragʻbatlantirish masalasida resurs va mablagʻni ayamayapti. Joriy yilda xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblari, ularning ustozlarini taqdirlash uchun davlat byudjetidan jami 12 milliard 424 million soʻmga yaqin mablagʻ ajratilgani buning yorqin isboti. Taqqoslash uchun: 2019-yilda bu maqsadga 780 million soʻm yoʻnaltirilgan edi va bu yilgi mablagʻ qariyb 17,5 barobar koʻp.

Davlat tomonidan ijtimoiy yordamga muhtoj yoshlarga ham tizimli koʻmak berilmoqda. Oʻtgan davrda bu qatlamni qoʻllab-quvvatlashga doir tashkiliy-huquqiy kafolatlar yaratildi. “Yoshlar daftari” tizimi yoʻlga qoʻyilishi natijasida ehtiyojmand va koʻmakka muhtoj hamda ishsiz 591 ming yosh ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash roʻyxatiga kiritildi. Hududlarda tadbirkorlikni kengaytirish hisobiga 76 ming xotin-qiz ish bilan taʼminlandi. Shuningdek, 16 ming xotin-qiz kasb-hunarga oʻrgatildi. Birgina “Hamrohlik dasturi”ga muvofiq, ota-ona mehridan mahrum boʻlgan 11 ming bola taʼlim, kasb-hunar, sport tizimiga qamrab olindi.

Shu raqamlarning oʻziyoq, yurtimizda begona odam ham, begona bola ham yoʻq degan tamoyilning amaliy ifodasini koʻrsatadi.

Jahondagi noyob model

Isteʼdod tugʻma boʻladi, lekin uni tarbiyalash, sayqallash lozim. Buning uchun unga alohida eʼtibor zarur. Eng muhimi, iqtidor egasi bu gʻamxoʻrlikni oʻz hayotida his qilishi kerak. Agar niholga oʻz vaqtida mehr berilmasa, u oʻsishdan toʻxtaydi, qovjiraydi.

Keyingi yillarda Oʻzbekistonda iqtidorli yoshlar bilan ishlashning yagona va samarali tizimiga asos solindi. Shu maqsadda davlatimiz rahbarining 2019-yil 9-sentyabrdagi farmoniga asosan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Yurtimizda ijod maktablari, ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari va Prezident maktablari kabi yangi modeldagi maktablar paydo boʻldi. Bunday taʼlim modeli jahondagi noyob hodisa.

Bu tizim davlatimiz rahbarining ijod ahliga, adabiyotga, yoshlar taqdiriga doimiy gʻamxoʻrligi va iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida olib borilayotgan keng koʻlamli saʼy-harakatining mahsuli desak, aslo xato boʻlmaydi. Yangi Oʻzbekistonning tarixini yaratayotgan oltin avlodning kamolotida bu tizim muhim oʻrin tutmoqda.

Hozir mazkur tizimda 228 ta maktab faoliyat yuritmoqda. Respublika boʻylab 182 ta tuman va shaharda tashkil etilgan ­maktablarga 78 mingga yaqin oʻquvchi qamrab olingan va ularga 9000 pedagog taʼlim-tarbiya berib kelmoqda. Bu yildan tizimda oʻquvchilarni nufuzli oliy taʼlim muassasalariga maqsadli tayyorlashga qaratilgan “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha milliy dastur yoʻlga qoʻyildi.

Iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, oʻqitish va tarbiyalash, yosh isteʼdodlarni yanada qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishda yangicha yondashuvga asoslangan ushbu tizimning muhim oʻrnini, keling, ijod maktablari misolida tahlil qilaylik.

Ijod maktablari badiiy adabiyot va ijodning boshqa turlariga qiziqadigan iqtidorli oʻquvchilarni saralab olish orqali intellektual salohiyati va ijodiy isteʼdodini yanada rivojlantirishga moʻljallangan davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasasidir. Ayni vaqtda hududlarda Abdulla Qodiriy, Isʼhoqxon Ibrat, Ogahiy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Ibroyim Yusupov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf kabi millatimiz oydinlari nomidagi ijod maktablari ishlamoqda. Ularda 1928 nafar oʻquvchi, yaʼni shuncha iqtidor egasi oʻqimoqda.

Ulardagi taʼlim jarayoni Yozuvchilar uyushmasining hududiy boʻlinmalari bilan yaqin hamkorlikda tashkil etiladi. Uyushma aʼzolari muntazam ravishda ijod maktablarida oʻquvchilarning ijodiy isteʼdodini rivojlantirishga qaratilgan mashgʻulotlar oʻtadi.

Shuningdek, 2024-yildan buyon ijod maktablarida tahsil olayotgan oʻquvchilarning anʼanaviy “Zomin” yosh ijodkorlar seminarida ishtirok etishi tajribasi yoʻlga qoʻyilgan. Unda gʻolib boʻlganlarning “Mening birinchi kitobim” loyihasi doirasida birinchi va ikkinchi kitoblari shu kungacha 10 ming adadda chop etilgan. Bundan tashqari, ijod maktablari oʻquvchilarining ijod namunalarini birlashtirgan “Ijod bogʻidan guldasta” toʻplamining

6 ta soni nashr etildi. Joriy yildan ijod maktablari oʻquvchilari ishtirokida jahon adabiyotining durdona asarlarini ­audio shakliga keltirish yoʻlga qoʻyilib, hozir bu kabi audiokitoblar soni 55 tani tashkil etmoqda.

Ijod maktablarida zamonaviy bilim tendensiyalariga ham alohida oʻrin berilmoqda. Xususan, Abdulla Oripov va Isʼhoqxon Ibrat nomidagi ijod maktablarining oʻquv dasturi xalqaro IB talablariga toʻliq moslashtirildi.

Bu maktablarda oʻquvchilarning iqtidori taʼlim davridayoq sayqallanmoqda. Soʻnggi 6-yilda ijod maktablari bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichi 57 foiz oʻsib, bugun 100 foizni tashkil etmoqda. Joriy yilda mahalliy oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi bitiruvchilari oʻrtacha 178,4 ball koʻrsatkich bilan respublikada ikkinchi, Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi 175 ball bilan uchinchi, Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi 174,3 ball bilan toʻrtinchi, Isʼhoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi esa 168,9 ball toʻplab, toʻqqizinchi oʻrinni egallab, yetakchi 10 ta maktab roʻyxatiga kirdi.

Joriy yilda Erkin Vohidov hamda Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktablarini tamomlagan bitiruvchilar dunyo reytingida ilgʻor 200 talikka kiruvchi nufuzli xorijiy oliygohlarga oʻqishga qabul qilindi.

Bugun Oʻzbekiston erishayotgan olamshumul yutuqlar tasodifiy emas. Vatanimizda “ulugʻ xalq qudrati”ni joʻsh urdirib, minglab isteʼdod egalarini maydonga olib chiqayotgan keng koʻlamli, puxta oʻylangan, izchil va aniq manzilli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi Oʻzbekistonning olamni mahliyo aylayotgan ulkan zafarlari Prezidentimizning xalqimizni qachondir yoki ertaga emas, aynan bugun baxtli qilish istagidagi oqilona siyosatining jahoniy aks sadosi desak, xato boʻlmaydi. Bu siyosatning mevasi boʻlib kashf etilgan, chinakamiga qadr topayotgan va saflari tobora kengayib borayotgan isteʼdodli yoshlar — Vatanimizning oltin avlodidir! Gʻururimiz timsoli boʻlgan bu avlodning ovozi jahon sahnalarida tobora balandroq yangramoqda va ular oʻz aqliy salohiyati, maʼnaviy kamoloti bilan yangi Oʻzbekistonning shonli tarixini yaratmoqda.

Shuhrat ORIF,

Oʻzbekiston Yozuvchilar

uyushmasi aʼzosi, shoir