Keyingi toʻqqiz yilda jamiyatimiz va davlatimiz katta taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi. Mamlakatimiz hayotining barcha sohalari qatori milliy parlament tizimida ham ulkan islohotlar amalga oshirildi.
Bu haqda fikr yuritganda, albatta, oʻtgan toʻqqiz yil ichida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati dunyo parlamentlariga xos barcha ijobiy xususiyatlarni oʻzida qamrab olganini alohida taʼkidlash lozim. Prezidentning parlamentga Murojaatnoma taqdim etish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgani ushbu fikrimizni tasdiqlaydigan yorqin misoldir.
Dunyo tajribasi aksariyat taraqqiy topgan mamlakatlarda davlat rahbarining milliy parlament aʼzolari huzurida eng asosiy dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy masalalar hamda jamiyatni demokratik rivojlantirish boʻyicha Murojaatnoma bilan chiqish amaliyoti mavjud ekanini koʻrsatadi.
Davlatimiz rahbarining parlamentga Murojaatnomasi — dasturiy siyosiy- huquqiy hujjat boʻlib:
birinchidan, Murojaatnomada Prezidentning mamlakatni yaqin istiqbolda rivojlantirishga doir strategik yoʻnalishlar boʻyicha nuqtayi nazari bayon qilinadi;
ikkinchidan, Murojaatnoma siyosiy, iqtisodiy, gʻoyaviy-mafkuraviy qoidalar bilan birga parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatiga taalluqli aniq takliflarni ham oʻzida aks ettiradi;
uchinchidan, Murojaatnoma jahon konstitutsiyaviy amaliyotida hokimiyat vakolatlari boʻlinishi prinsipini taʼminlashga qaratilgan muhim huquqiy institutdir.
Yanada eʼtiborli jihati shundaki, boshqa mamlakatlarda davlat rahbarining asosan parlamentga Murojaatnoma taqdim etish tajribasi kuzatiladi. Yangi Oʻzbekistonda esa 2017-yildan boshlab ana shu yangicha siyosiy-huquqiy amaliyot yanada demokratik yondashuvlar bilan boyitilib, Prezidentning parlamentga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnoma taqdim etish tajribasi amaliyotga tatbiq etildi.
Oʻzbekiston hayotidagi bu ilgʻor siyosiy-huquqiy anʼananing qator ijobiy jihatlari bor. Jumladan, Prezidentimiz Murojaatnomalarini nafaqat parlament aʼzolari, balki keng jamoatchilikka havola qilib kelmoqda.
Bu gal ham Murojaatnoma taqdimotida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolaridan tashqari xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlari deputatlari, sud tizimi rahbarlari, hukumat aʼzolari, davlat tashkilotlari, idora va muassasalar rahbarlari, ilmiy va ishbilarmonlik doiralari namoyandalari, fuqarolik jamiyati faollari, diplomatik korpus hamda xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari — qariyb 10 ming ishtirokchi oflayn va onlayn tarzda ishtirok etdi.
Agar ushbu muhim siyosiy-huquqiy tadbir har gal televideniye va internet kanallari orqali toʻgʻridan toʻgʻri namoyish etilayotganini eʼtiborga olsak, Prezidentimizning Murojaatnomasi butun Oʻzbekiston xalqiga bevosita murojaat sifatida yanada ahamiyatli ekaniga shubha yoʻq.
Ushbu ibratli anʼana yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mustahkamlab qoʻyildi. Prezident Bosh qonunimizga muvofiq, “Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga hamda Oliy Majlisiga mamlakat ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishning eng muhim masalalari yuzasidan murojaat qilish huquqiga ega”.
Davlatimiz rahbari mazkur konstitusiyaviy norma talablariga rioya qilgan holda soʻnggi toʻqqiz yilda parlamentimiz va xalqimizga oltinchi bor Murojaatnoma bilan chiqdi. Bu, oʻz navbatida, Prezidentimiz Konstitutsiyada muhrlangan huquq va erkinliklarimiz kafili sifatida Konstitutsiyaga qatʼiy amal qilish borasida barchamizga oʻrnak va namuna boʻlib kelayotganiga yaqqol dalolatdir.
Binobarin, Prezident Bosh qonunimizda belgilanganidek, “fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining, Oʻzbekiston Respublikasi suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligining kafilidir”.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Prezidenti yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilab qoʻyilgan davlat hokimiyati tizimidagi uch tarmoq — qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini nechogʻliq muvaffaqiyat bilan taʼminlab kelayotgani tahsinga sazovor.
Oʻtgan davrda Oʻzbekistonda huquq va vakolatlari sezilarli darajada kuchaygan, masʼuliyati bir necha karra ortgan yangi xalq vakilligi tizimi shakllantirildi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Bugungi kunda Oliy Majlisimiz eng kuchli parlamentlarga xos boʻlgan barcha nazorat vakolatlariga ega”.
Bunga amaliy bir misol: 2023-yildan buyon tashqi qarz miqdorini parlamentimiz belgilab kelmoqda. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Prezidentining yangi tashabbusi bilan endi davlat kafolati ostida tashqi qarz olish masalasini maʼqullash ham parlament vakolatiga oʻtkazilmoqda.
Oʻzbekiston parlamenti tom maʼnoda “xalq uyi”ga aylanib bormoqda. Deputatlar va senatorlar bilan muhokama qilingan barcha tashabbus va rejalar, sessiyalarda ilgari surilgan gʻoya, maqsad va vazifalar mohiyat eʼtiboriga koʻra, nafaqat qonunlarga kiritilmoqda, ayni chogʻda Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomalarida ham oʻz aksini topmoqda.
Oltinchi Murojaatnomaning asosiy xususiyatlari
Prezident Murojaatnomasi siyosiy va huquqiy jihatdan nihoyatda katta ahamiyatga molik, mohiyatan yondashganda, davlat hokimiyatining barcha tarmoqlariga qaratilgan dasturiy hujjat hisoblanadi. Murojaatnomalar parlamentimiz oʻz faoliyatini yangi Oʻzbekistonga mos ravishda tashkillashtirishi, xalq farovonligini oshirish, jamiyat va davlatni uzoq muddatlarda, jumladan, global iqtisodiy inqiroz davrida ham barqaror rivojlanishini taʼminlash borasidagi vazifalarni bajarishda faol boʻlishini talab etadi.
Shu oʻrinda Prezident Murojaatnomalari, bir yillik davlat dasturidan farqli oʻlaroq, yaqin va uzoq muddatga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlar hamda eng muhim vazifalarni qamrab olishini eʼtirof etish kerak. Xususan, Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga oltinchi Murojaatnomasi jamiyat va davlatni taraqqiy ettirishning yaqin besh yillik strategik hujjatidir.
Ayniqsa, oltinchi Murojaatnoma bu borada orttirilgan milliy tajriba va koʻp yillik xorijiy amaliyotdan tubdan farq qiladi. Yangi Murojaatnoma muayyan xususiyatlariga koʻra gʻoyat tarixiy ahamiyatga ega.
Birinchi xususiyati — Murojaatnomada soʻnggi toʻqqiz yilda jamiyatimiz va davlatimiz bosib oʻtgan katta taraqqiyot yoʻli teran hamda xolis tahlil qilindi.
Ikkinchi xususiyati — 2026-yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yoʻnalishdan iborat istiqbol dasturi taqdim etildi.
Uchinchi xususiyati — “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini qayta koʻrib chiqish tashabbusi ilgari surildi.
Toʻrtinchi xususiyati — 2026-yil yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilindi.
Boshqacha aytganda, keyingi toʻqqiz yildagi yangi Oʻzbekiston tajribasi sifatida davlat rahbarining parlamentga va xalqimizga Murojaatnomasi tom maʼnoda hayotiy dastur, xalqimizga har tomonlama manfaati tegadigan salmoqli siyosiy-huquqiy hujjat ekani yana bir bor is botini topdi.
Oʻzbekiston Prezidentining Murojaatnoma taqdim etish amaliyoti, taʼbir joiz boʻlsa, bu boradagi eng ilgʻor xorijiy tajribalarga nafaqat mos va mutanosib siyosiy- huquqiy tadbir, balki aksar oʻrinlarda hatto namuna boʻladigan yaxshi anʼanaga aylandi deyishga barcha asoslarimiz bor.
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi: tahlil va tashabbus
Soʻnggi toʻqqiz yilda xalqimiz va yurtimiz taraqqiyot pillapoyalari boʻylab izchil yuksaldi. Milliy iqtisodiyot qayta shakllandi, qonun ustuvorligi taʼminlanmoqda. Ijtimoiy, maʼrifiy va huquqiy sohalar muttasil rivojlanmoqda. Asosiysi, shiddatli va qamrovdor islohotlar hayotimizning barcha sohalarida oʻz samaralarini bermoqda.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni oʻrgandik. Buning tasdigʻini tobora yangicha qiyofa kasb etib borayotgan shahar va qishloqlarimizda, zamonaviy korxonalar, savdo-servis maskanlari, maktab, bogʻcha va shifoxonalar, obod koʻcha va mahallalar, transport-logistika tizimi, raqamli xizmatlar misolida yaqqol koʻrish mumkin”.
Haqiqatan, yangi Oʻzbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini tiklashga qatʼiy bel bogʻlaganimizdan buyon qurilish sohasi mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanch tarmoqlaridan biriga aylandi. Eng asosiysi, barcha sohalar qatori qurilish tarmogʻidagi ulkan ishlarimiz ham inson qadrini ulugʻlash, uning hayotiy manfaatlarini taʼminlashga qaratilmoqda.
Vatanimiz boʻylab muhtasham va fusunkor, shinam va har tomonlama qulay uylar, bino va inshootlar qurish borasida aql bovar qilmaydigan tezkorlik bilan gʻoyat ulkan koʻlamlardagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Xalqimizning koʻz oʻngida qad rostlayotgan zamonaviy turar joylar, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish majmualari, muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl va transport tarmoqlari, taʼlim-tarbiya, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport muassasalari, bogʻ va xiyobonlar obod shahar va qishloqlarimiz qiyofasini tubdan oʻzgartirib yubordi.
Ayniqsa, izchil oshib borayotgan investisiyaviy jozibadorlik tufayli poytaxtimizda bunyodkorlik surʼati yanada jadallashdi. Koʻp qavatli uy-joylar, mehmonxonalar, biznes markazlar, madaniyat va sport majmualari shahar imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Yangi Toshkent qurilishi boshlanib, ikkisi zamonaviy megapolisga aylanmoqda. Poytaxtimizda ham avtobus, ham metropoliten yoʻnalishlari izchil kengaytirilmoqda.
Yurtimiz aholisi farovonligi va turmush madaniyatini oshirish maqsadida shahar va tumanlarda — “siti”lar, qishloq joylarda esa “Yangi Oʻzbekiston” massivlari ilgʻor shaharsozlik yechimlari asosida qurilmoqda. Yangicha maskanlardagi inshootlar nafaqat zamonaviy arxitekturasi, balki aholi uchun yaratilgan infratuzilmaning qulayligi bilan ham ajralib turadi. Infratuzilma inshootlariga quyosh panellari va geliokollektorlar oʻrnatilmoqda. Bu, oʻz navbatida, energiya tejamkorligi va uzluksizligi, ekologik xavfsizlikni taʼminlashda muhim omildir.
Keyingi yillarda mamlakatimiz energetika tizimiga 35 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi va 9 ming megavatt yangi quvvatlar ishga tushirildi. Natijada elektr ishlab chiqarish hajmi 2017-yildagi 60 milliard kilovatt-soatdan joriy yilda 85 milliard kilovatt-soatga yetdi. Bunda qariyb 5 ming megavattli quyosh va shamol, 400 megavattli gidroelektr stansiyalar ishga tushirilgani alohida eʼtiborga sazovor. Chunki toza energiya hisobiga tabiiy gaz sarfi sezilarli kamayib, atmosferaga zararli moddalar chiqishining oldi olinmoqda.
2025-yilda iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq qiyinchiliklarga qaramay, agrar sektor rivojida tub burilish yasashga muvaffaq boʻlindi. Paxta, gʻalla va meva-sabzavotchilikda yangi navlar ekish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hisobiga yuqori hosildorlikka erishildi. Mirishkor fermerlarimiz paxtachilikda hosildorlikni oʻrtacha 50-60 sentnerdan, ularning 1,5 ming nafari esa 70 sentnerdan oshirgan boʻlsa, gʻallachilikda 3,5 mingdan ortiq tajribali fermer oʻrtacha 100 sentnerdan hosil olgani, hech shubhasiz, ushbu tarmoqlar rivojida yangi davr boshlanayotganidan dalolat beradi.
Oʻz navbatida, birgina shu yilning oʻzida meva-sabzavot yetkazib berilgan davlatlar soni 18 taga koʻpayib, 83 taga yetgani qishloq xoʻjaligida eksport salohiyati ham ortib borayotganini koʻrsatib turibdi. Eʼtiborlisi, oʻz brendiga asos solib, yurtimiz dovrugʻini dunyoga taratayotgan tadbirkorlar doimo qoʻllab-quvvatlanmoqda, chunki ular qoʻshimcha qiymat yaratib, minglab odamlarni doimiy daromadga ega qilmoqda. Shu maʼnoda, Prezidentimizning: “Tadbirkorni qoʻllab-quvvatlamasdan Yangi Oʻzbekistonni barpo qila olmaymiz”, degan soʻzlari mutlaqo asoslidir.
Milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, mustahkam huquqiy tizim va ochiq jamiyat barpo etish yoʻlidagi keng koʻlamli islohotlar samaralari, bir tomondan, xalqimiz uchun munosib turmush darajasini taʼminlash borasidagi imkoniyatlarimizni yanada mustahkamlayotgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, bu yoʻldagi ulkan yutuqlarimiz dunyo jamoatchiligi tomonidan haqli ravishda eʼtirof etilmoqda.
Prezidentimiz Murojaatnomada “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini qayta koʻrib chiqish tashabbusini ilgari surar ekan, ushbu amaliy taklifni har tomonlama chuqur tahlil va qatʼiy isbot qilib bergani juda muhim. Aslida, davlatimiz rahbari soʻzlari bilan aytganda, bundan ikki yil oldin ushbu strategiyani qabul qilganimizda yalpi ichki mahsulot hajmini 2030-yilgacha 160 milliard dollarga yetkazish belgilab olingandi.
Shu qisqa davrda yurtimizda amalga oshirilgan shiddatli yangilanishlar, bunyodkor xalqimizning yaratuvchanlik mehnati evaziga turli sohalarda koʻplab salmoqli natijalar qoʻlga kiritildi. Mavjud salohiyatimiz, islohotlarimiz, tadbirkorlarimiz faolligi, xorijiy sheriklarimiz bilan hamkorligimiz oʻsib borayotgani hisobiga bu marraga 2026-yilning oʻzida bemalol erisha olishimiz ayon boʻlib turibdi.
Korrupsiyaga qarshi qatʼiy kurash eʼlon qilindi
Prezidentimiz Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashda keskin va qatʼiy pozitsiyani eʼlon qildi. 2026-yil korrupsiyaga qarshi kurashda “favqulodda holat” yili sifatida belgilanadi.
“Takror va takror aytaman: korrupsiya — davlat taraqqiyotiga toʻsiq boʻladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan eng jiddiy tahdid. Korrupsiyaga yoʻl qoʻyish — islohotlarga xiyonatdir”, dedi Prezidentimiz.
Har yili dunyo boʻylab korrupsiya sababli taxminan 2,6 trillion dollar pul oʻgʻirlanadi. Bu butun dunyo yalpi ichki mahsulotining 5 foizidan ortigʻiga tengdir. BMT Taraqqiyot dasturiga koʻra, rivojlanayotgan mamlakatlar korrupsiya oqibatida rasmiy rivojlanish dasturlari orqali olgan yordamdan koʻra oʻn baravar koʻproq pul yoʻqotadi.
Korrupsiyaga qarshi kurash haqida soʻz borganda, shubhasiz, dunyo hamjamiyatining ushbu sohadagi “bosh qonuni” boʻlgan BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi eslanadi. Meksikaning Merida shahrida 2003-yil 9-dekabrda boʻlib oʻtgan konferensiyada imzolash uchun ochiq deb eʼlon qilingan Korrupsiyaga qarshi konvensiyaga bugungi kunga qadar dunyoning 192 ta davlati qoʻshilgan. Oʻz navbatida, xalqaro jamoatchilik tomonidan 2004-yildan boshlab 9-dekabr Jahon korrupsiyaga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda.
BMT konvensiyasi korrupsiyani mahalliy muammodan transmilliy xavfsizlik masalasiga aylantirdi va ishtirokchi davlatlardan faqat jinoyatchilarni jazolashni emas, balki korrupsiyadan xoli boʻlgan adolatli tizim yaratishni talab qilmoqda. Konvensiya ishtirokchisi sifatida soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ham korrupsiyaga qarshi kurash sohasida tub islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda davlat boshqaruvida byurokratiyani qisqartirish, davlat organlari faoliyatini raqamlashtirish orqali korrupsiyaga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish, shuningdek, davlat xizmatlarini soddalashtirish boʻyicha ishlar izchil davom ettirilmoqda. Aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Xususan, 120 turdagi hujjatni talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi. Elektron davlat xizmatlari soni 15 karra ortib, 721 taga yetdi, ulardan foydalanuvchilar esa 11 milliondan oshdi. Ushbu choralarning barchasi yurtimizda maishiy korrupsiya darajasining sezilarli darajada pasayishiga sabab boʻldi.
Korrupsiya darajasini baholash boʻyicha xalqaro tashkilotlarning reyting natijalari ham Oʻzbekistonda bu boradagi islohotlar samaradorligini koʻrsatmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ijobiy ishlar bilan birga ushbu sohada toʻliq foydalanilmayotgan imkoniyatlar va eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan masalalar ham mavjud.
Shu nuqtayi nazardan, Prezidentimiz Murojaatnomasida, jumladan, 2026-yildan eʼtiboran:
— barcha davlat idoralarida komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat uchun masʼul oʻrinbosar lavozimi joriy etilishi;
— Hisob palatasi vakillari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, byudjet mablagʻlari talon-taroj qilinishi va mansab suiisteʼmolchiligiga qarshi taʼsirchan nazorat oʻrnatilishi;
— Prezident Administratsiyasi Komplayens xizmati 1-yanvardan barcha davlat idoralarida ayni tizimni ishga tushirib, har bir holat yuzasidan Prezidentga bevosita axborot kiritib borishi belgilangani juda muhim.
Yanada muhimi, qonun oldida hamma tengdir. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, “Lavozimim bor, menga hech kim tegmaydi”, deganlar qattiq adashadi. Hech bir idora, hech bir tashkilot, hech bir mansabdor nazoratdan chetda qolmaydi. Komplayens xizmatining ishiga toʻsqinlik qilish korrupsiyaga sheriklik sifatida baholanadi.
Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi
Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda jamiyatimiz va davlatimiz “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan insonparvar gʻoyaga amal qilmoqda. Mahalla — jamiyatning yuzi. Mamlakatimizdagi barcha oʻzgarishlar, avvalo, shu yerda oʻz ifodasini topadi. Prezidentimiz tashabbusi bilan shunday tizim yaratildiki, ilgari jiddiy deb hisoblagan koʻplab masalalarga yechim endilikda aynan mahallaning oʻzida topilyapti.
Shu maʼnoda, mamlakatimizda 2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilingani bejiz emas. Zero, davlatimiz rahbari ishonch bilan qayd etganidek, “Mahalla tinch va ahil boʻlsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat boʻladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi”.
Prezidentimiz 2026-yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, taʼlim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini — barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili boʻlishini taʼkidladi. Shu bois, Murojaatnomada 2026-yili amalga oshiriladigan quyidagi eng muhim 6 ta ustuvor yoʻnalishdan iborat dastur taqdim etildi:
— birinchi ustuvor yoʻnalish — mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish;
— ikkinchi ustuvor yoʻnalish — iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish;
— uchinchi ustuvor yoʻnalish — ichki bozorda talabni ragʻbatlantirish;
— toʻrtinchi ustuvor yoʻnalish — kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish;
— beshinchi ustuvor yoʻnalish — ekologik muvozanatni taʼminlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish;
— oltinchi ustuvor yoʻnalish — zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarni davom ettirishdan iborat.
Davlatimiz rahbari kelgusi yilda maʼnaviyat sohasini yanada rivojlantirish, ijtimoiy-madaniy hayotimizdagi muhim sanalarni keng nishonlash masalalariga ham toʻxtaldi. Jumladan, 2026-yilda Vatanimiz mustaqilligining shonli 35 yilligi katta bayram qilinadi. Shuningdek, Sohibqiron Amir Temur, Mir Alisher Navoiy bobolarimizning qutlugʻ tavallud ayyomlarini nishonlaymiz.
Xulosa qilib aytganda, jonajon Vatanimiz bugun yangicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, maʼnaviy munosabatlar asosida yashab, mehnat qilayotgan, mustaqil fikrlaydigan, ozod va erkin insonlar diyoriga aylanmoqda. Prezidentimiz faxru iftixor bilan eʼtirof etganidek, “Biz — bugun 38 milliondan ziyod katta xalqmiz. Mashaqqatli va sharafli mehnatimiz bilan dunyoda hurmat topayotgan, ertangi kunga ishonch bilan dadil borayotgan, matonatli va gʻururi baland millatmiz. Biz oʻzgarishlarni kutib yashamaymiz, aksincha, ularni oʻzimiz, oʻz aql-zakovatimiz va masʼuliyatli mehnatimiz bilan yaratamiz”.
Akmal SAIDOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori