Maʼnaviyat, maʼrifat va tarbiya biz uchun shu qadar muhim ekan, bugun yosh avlodga qanday tarbiya beryapmiz, ularning maʼnaviyatini qanday yuksaltiryapmiz va ulardan nimani kutamiz, degan savollarga aniq javoblarimiz boʻlishi zarur. Xalqning, millatning buyukligi, bugungi globallashgan zamonda yashovchanligi, taraqqiy etishi uning maʼnaviyati, maʼrifati, tarbiyasi va tafakkuri bilan bogʻliq. Buyuk mutafakkirlarimiz asarlarini varaqlasak, bu haqiqatga bot-bot amin boʻlamiz. Ulugʻ pedagog, maʼrifatparvar jadid bobomiz Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir”, degan soʻzlari fikrimiz dalilidir. Yunon faylasufi Arastu masalaga yanayam kengroq baho beradi: “Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi”.
Ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amal
Tarbiya oʻta dolzarb masala. “Ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amal” — bu qoidalarni inson kamolotga yetishining formulasi, deyish mumkin. Imom Buxoriy tarbiyani sodda tarzda bunday taʼriflaydi: “Bolaning tabiati rivojlanishga moyil boʻladi, uni qanday gʻoyalar bilan toʻldirish ota-ona va ustozga bogʻliq”.
Har jihatdan kamol topgan, xulq-atvorida olijanob fazilatlar shakllangan avlodni tarbiyalash barcha jamiyatlarning orzusi. Tarbiyasi ogʻir, maʼnaviy qashshoq yoki undan mahrum boʻlgan insondan biror ezgulik kutish mushkul. U yaxshilik va ezgulik haqida oʻylamaydi. Jamiyatga, hatto oʻz ota-onasi, yaqinlari taqdiriga ham befarq, loqayd qaraydi. Tarbiyali, maʼnaviyatli inson bugungi kun va kelajak haqida fikr yuritadi, istiqboldagi hayot va inson ravnaqi uchun oʻz hissasini qoʻshishga intiladi. Zero, bugun oldimizga qoʻygan “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan buyuk maqsadga erishishda maʼnan yuksak, barkamol yoshlar tayanch boʻladi.
Prezidentimiz raisligida 2020-yil 23-avgustda xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “Tarbiya” fanini joriy etish va oʻqitish tashabbusi ilgari surilgani ham bejiz emas. Shundan soʻng maktablardagi maʼnaviy-tarbiyaviy ishlar yangicha asosda tashkil etilib, “Milliy gʻoya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuygʻusi” kabi fanlar birlashtirildi va yaxlit “Tarbiya” fani joriy etildi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning asriy qadriyatlarimiz asosida yaratgan “Turkiy guliston yoxud axloq” asari sharqona tarbiyaning noyob qoʻllanmasi sifatida bugungi kunda ham oʻzining qadri va ahamiyatini yoʻqotgan emas. Biz “Tarbiya” fanining nazariy asoslarini ishlab chiqishda mana shunday bebaho asarlardan samarali foydalanishimiz zarur”.
Tarixga nazar tashlasak, Amir Temur avlodlari zurriyotlarini ilmli qildi. Ularni yetuk ustozlarga topshirdi. Natijada temuriylardan koʻplab ilm sohiblari yetishib chiqdi. Nasl tengsiz ilm bilan ziynatlandi. Ham dunyoviy, ham diniy ilm peshqadamlari, davlat rahbarlari yetishdi. Ular boylikka emas, asosan, ilm-maʼrifatga eʼtibor qaratdi.
Ochiq aytish kerak, bugun maktablarda berilayotgan taʼlim-tarbiya sifati, barcha oʻqituvchilarning bilimi va mahoratini talab darajasida deb boʻlmaydi. Shu bois, “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurilayotgan Yangi Oʻzbekiston uchun eng katta investitsiya taʼlim-tarbiyani qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilmoqda. Maktablarda oʻqituvchi kasbining nufuzini oshirish, sharoitini yaxshilash Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yilidagi eng asosiy vazifalardan biri etib belgilandi.
Bir bolaga yetti mahalla ota-ona
Forobiyning “Tarbiyada maʼnaviy-axloqiy qoidalar, odob meʼyorlari oʻrganiladi, kasb-hunarga oid malakalar hosil qilinadi”, degan gapiga tayanadigan boʻlsak, oʻgʻil-qizlarimiz uyida, atrofda, koʻcha-koʻyda koʻrganlari asosida tarbiyalanib boradi. Maktab, ustoz-muallimlar taʼlim-tarbiya borasida beqiyos taʼsir kuchiga ega. Ammo bola kunning atigi toʻrtdan bir qismida maktabda — ustozlari nazoratida boʻladi. Qolgan vaqtini uyida, mahallada, koʻcha-koʻyda oʻtkazadi.
Shu bois, “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” tamoyili asosida yoshlar tarbiyasida mahalla ham faollik koʻrsatmoqda. Jahon tajribasida mahalla singari qator funksiya va vazifalarni birlashtirgan oʻzini oʻzi idora qilish instituti mavjud emas. Zero, ushbu tizim bir vaqtning oʻzida sport, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, taʼlim, salomatlik, oilaviy nizolarni bartaraf etish va boshqa qator masʼuliyatli ishlarni bajarib kelmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida yurtimizdagi barcha mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi. Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish ularning eng asosiy vazifalaridan etib belgilangan. Endi yoshlar muammosi faqat oʻqish yoki ish joyidagi mutaxassislar koʻmagida emas, balki uning oʻzini va oilasini yaxshi taniydigan, biladigan muhit — mahallada hal etilmoqda.
“Yoshlarning boʻsh vaqti — yetakchining ish vaqti” gʻoyasi asosida 10,6 million nafar yoshni birlashtira oldik. Mazkur tamoyil orqali mahalla yoshlarining boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishga qaratilgan tadbirlar respublikadagi barcha mahallada koʻchama-koʻcha yoʻlga qoʻyildi. Yoshlar yetakchilari tashkil etayotgan bu tadbirlar oʻgʻil-qizlar uchun shunchaki koʻngilochar mashgʻulot emas, balki tengdoshlarni oʻzaro yaqinlashtirish, muammolarni joyida hal qilish, yangi isteʼdodlarni kashf etish hamda faollar safini kengaytirishga qaratildi. Bu orqali esa hisobotlar uchun oʻtkaziladigan tadbirbozliklardan voz kechilib, mahallalarda yoshlar masalacini bevosita hal etish tizimiga asos solindi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi tanlov va musobaqalarning mahalla bosqichida birinchi mavsumda 6,2 million, ikkinchi mavsumda 7,2 million yosh qatnashdi. Olimpiadada gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 279 ta mahalla va 208 ta tuman (shahar)da 1 tadan, jami 487 ta sport maydonchasi qurilmoqda. Endi har bir mahalla oʻz kutubxonasi, sport maydonchasiga ega boʻladi.
Tinchlik qoʻrgʻoni
Mahalla tinchlik va osoyishtalik poydevori, ahillik va hamjihatlik, maʼrifat va tarbiya qoʻrgʻonidir. Shuning uchun bundan buyon davlat investitsiya dasturlari mahalla darajasiga tushiriladi. Mahalla oʻz muammosini mustaqil hal etishi uchun “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etilib, mol-mulk va yer soliqlarining bir qismi mahallaning oʻzida qoladi. Bundan tashqari, oʻtgan yildan eʼtiboran “Yoshlar balansi” asosida mahallalarning yoshlar bilan ishlash samaradorligi koʻrsatkichini “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarda baholash tizimi yoʻlga qoʻyilib, hududning toifasini belgilashda yoshlarga zarur sharoit va infratuzilma yaratilgani eʼtiborga olinmoqda.
Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, kutubxona, sport maydonchasidan tashqari, yoshlarni kasb-hunarga oʻrgatadigan kichik ustaxonalar, suzish havzalari, sayilgoh koʻchalar, qoʻshiq-raqs maydonchalari kabi foydali va koʻngilochar maskanlar tashkil etilishi ham yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bunda 2023-yildan tuman va shaharlarning sharoiti, salohiyati va imkoniyatidan kelib chiqib, beshta toifaga ajratish amaliyoti ham oʻz samarasini koʻrsatadi. Negaki, endi tadbirkorlik uchun subsidiya, kredit va kompensatsiyalar toifalarga koʻra ajratiladi.
Oilaviy qadriyatlarni qadrlash
Kattalarga hurmat koʻrsatish, oilaviy qadriyatlarni eʼzozlash oʻzbek oilalarida farzand tarbiyalashning birlamchi koʻrinishi sifatida saqlanib qolgan. Bunday nodir urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz tarbiyaning milliy koʻrinishidir. Aytish joizki, bu borada milliy tariximiz eng katta tarbiya vositasi boʻlib xizmat qiladi. Haqqoniy tariximizni oʻrganish, tadqiq etish, yaqin va uzoq oʻtmishdagi ajdodlarimizning haqiqiy qiyofacini yoshlarga koʻrsata olishimiz zarur. Yuksak tarixiy tafakkursiz buyuk kelajak boʻlmaydi.
Darhaqiqat, yoshlar qadimiy va boy tariximizni, ayniqsa, gʻoyat ogʻir sharoitda ilm-maʼrifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va sadoqat gʻoyalarini dadil koʻtarib chiqqan jadid bobolarimiz faoliyatini yanada chuqur oʻrganishi zarur. Ularning ulugʻ maqsadlar yoʻlidagi mardona kurashi va fidoyiligi Yangi Oʻzbekistonni qurishda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat maktabi boʻlib xizmat qiladi.
Bu borada Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan dastlabki xayrli ishlar boshlandi. Maʼrifatparvar jadid bobolarimizning ibratli hayoti va asarlari haqidagi maʼlumotlarni yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilish uchun “Jadidlar” toʻplami tayyorlanib, taʼlim muassasalari va mahallalarga yetkazildi. Allomalarimizning nafaqat ilmiy merosini, balki butun umri davomida ilm izlashdagi oʻziga xos hayot tarzini oʻzimizga oʻrnak qilib olsak, ezgu gʻoyalar yoʻlida tanlagan maqsadimizdan adashmaymiz va yoshlarimizni ham toʻgʻri yoʻlga boshlagan boʻlamiz.
Shu yoʻnalishda mahallalarda har bir oilaning oʻziga xos “oilaviy anʼanalari”ni namuna sifatida koʻrsatish, targʻib qilish uchun koʻrgazma va tanlovlar tashkil etish maqsadga muvofiq. Koʻrgazma loyihasi oilaviy qadriyatlarni saqlash, urf-odatlarni rivojlantirish, taʼlim, bolalar va ota-onalarning ijodiy tarbiyasi hamda boʻsh vaqtini oʻtkazishga qaratilgan boʻlishi mumkin. Albatta, biz tarixiy va milliy urf-odatlarimiz, tarbiya usullarimiz haqida qancha kuyinib gapirmaylik, zamon yangilanmoqda, “zamonaviy tarbiya” degan ibora tilimizga kirdi. Zamonaviy texnologiyalar va yashash tarzi farzandlar tarbiyasiga ham sezilarli taʼsir koʻrsatmoqda.
Tarbiya qizlar fitratida qanday aks etadi?
Bobo-momolarimiz qizlar tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratib, kattaga hurmat, odob, xushfeʼllik, or-nomus, hayo va ibo singari mezonlarni bolalikdanoq ongiga singdirgan. Endi buning oʻzi kifoya qilmaydi. Bugun uyda tarbiya topayotgan qizlarimiz ertaga — zamonaviy asrda jamiyatning ustuni boʻladigan yosh avlodni dunyoga keltiradi, tarbiyalab voyaga yetkazadi. Masalaga shu nuqtayi nazardan yondashsak, toʻgʻri boʻladi. Ana shunda qizlar tarbiyasi nechogʻliq dolzarb masala ekani oydinlashadi.
Shuning uchun davlatimiz qizlar taʼlimiga alohida eʼtibor qaratmoqda. Ehtiyojmand oilalar qizlari uchun ajratilgan grantlar soni ikki barobar koʻpaytirilib, ikki mingtaga yetkazildi. 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab magistraturada toʻlov-shartnoma asosida oʻqiyotgan xotin-qizlarning kontrakt pulini davlat byudjetidan qoplab berish tartibi tasdiqlandi. Nizomga koʻra, davlat OTM, shu jumladan, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Bosh prokuratura akademiyasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Bank-moliya akademiyasining magistratura bosqichida oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlari qaytarish shartisiz qoplanadi. Ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yoʻqotgan talaba qizlarning taʼlim kontrakti mahalliy byudjetdan toʻlanadi.
Shuningdek, 2022–2023 oʻquv yilidan boshlab taʼlim kontraktlarini toʻlash uchun qizlarga ilk marotaba yetti yil muddatga foizsiz kredit berish tartibi yoʻlga qoʻyildi. Buning uchun joriy yilda banklarga bir trillion 800 milliard soʻm, kelgusi besh yilda 8 trillion soʻm ajratiladi. Oʻtgan vaqt davomida shu maqsadlarda 85 188 xotin-qizga 983 613,1 million soʻm foizsiz taʼlim krediti ajratilgan.
Yoshlar ishlari agentligining oʻz oldiga qoʻygan asosiy vazifalaridan biri 30 yoshgacha boʻlgan yosh xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqiy savodxonligini yanada oshirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida faol ishtirokini ragʻbatlantirish uchun korxona-tashkilotlarning saʼy-harakatini birlashtirish, respublikada qabul qilingan qonun hujjatlarini amalda roʻyobga chiqarish boʻyicha targʻibot ishlarini olib borishdir.
Shu maqsadda Oʻzbekistonda yosh xotin-qizlar bilan ishlashning zamonaviy modulini yaratishga moʻljallangan “Qizlar ovozi” platformasi ishlab chiqildi. 5 ta yirik loyihani oʻz ichiga olgan ushbu platforma doirasida barcha hududlarda “Qizlar ovozi” klublari ish boshladi. Oʻtgan yili ilk bor “Qizlar ovozi” respublika forumi hamda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Bugungi kunda 14 ta hududiy, respublika klublarida 11 ming nafardan ortiq qiz faol ishtirok etmoqda.
“Bir nuroniyga oʻn nafar yosh”
Yoshlarni kasb-hunarga oʻqitish, bandligini taʼminlash, sportga jalb etish masalaning bosh yechimidir. Shu maqsadda har bir mahallada “Bir nuroniyga oʻn nafar yosh”, “Nuroniy va yoshlar”, “Uch avlod uchrashuvi” loyihalari amalga oshirilmoqda. Masalan, “Bir nuroniyga oʻn nafar yosh” tamoyili asosida 100 mingdan ziyod uyushmagan — tarbiyasi ogʻir, jinoyatchilikka moyil va ishsiz yosh nuroniylarga biriktirilib, ular tomonidan “Nuroniy va yoshlar”, “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlari oʻtkazildi.
Zamon talabi shuki, maktablarda yoshlarga taʼlim-tarbiya berish bilan birga, ularni kasb-hunarga ham koʻproq qiziqtirish kerak. Chunki maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega boʻlmasdan kirib kelmoqda. Shu bois, 2023-yildan yangi dastur amalga oshirilib, har bir viloyatda bittadan texnikumda Yevropa kasbiy taʼlim standartlari joriy etiladi. Kelgusi besh yilda barcha kollej va texnikumlar ushbu tizim bilan qamrab olinadi.
Bu borada Yoshlar ishlari agentligi tomonidan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. 2022-yilning oʻzida “Yoshlar daftari” koʻmagida 38 136 nafar ishsiz yoshga mehnat qurollari va asbob-uskunalar olib berildi, 8 899 nafar yosh haydovchilik kasbiga, 5 631 nafar oʻgʻil-qiz “Kelajak kasblari” loyihasi doirasida zamonaviy kasb-hunarlarga oʻqitildi, 3 000 dan ziyod yosh ustoz-shogird anʼanasi asosida usta-hunarmandlarga biriktirildi. “Yoshlar — kelajagimiz” davlat dasturi doirasida e-kasb-uz platformasi tashkil etilib, 10 mingdan ortiq yosh zamonaviy kasb-hunarlarga masofaviy oʻqitilganini mamnuniyat bilan taʼkidlash joiz.
Komil tarbiya jaholatga yoʻl bermaydi
Kasb-hunarli kishi oilasiga, jamiyatga naf keltiradi. Bundan, eng avvalo, uning oʻzi maʼnaviy huzur topib, oilasini, Vatanini sevishni, uning kelajagi uchun qaygʻurishni boshlaydi. Tiynatida “yaxshilik”, “sharaf”, “vijdon”, “adolat” singari tushunchalar shakllanib boradi. Demak, biz uyushmagan yoshlarni biror foydali yumushga jalb etishni istar ekanmiz, ularga kasb-hunar oʻrgatishimiz shart.
Yoshlar, ayniqsa, ularning uyushmagan qatlami bilan masʼullar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot oʻrnatishga xizmat qiluvchi “Yoshlar murojaati” elektron platformasi yaratildi.
Butun dunyoda kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlar, afsuski, bizni ham chetlab oʻtmayapti. Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzuvchi yot gʻoyalarga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, maʼrifat oʻrnini jaholat egallashiga yoʻl qoʻymaymiz. Buning uchun ulamo va olimlarimiz bilan birgalikda barchamiz muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatini ochib berish, farzandlarimizni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash boʻyicha oila, mahalla va taʼlim maskanlarida ish olib boramiz.
Ajdodlar merosini unutgan xalq taraqqiyotga erishmaydi
Albatta, tarixiga nazar solmagan, ajdodlarining ilmiy merosini unutgan xalq hech qachon kelajakda taraqqiyotga erishmaydi. Chunki bu asrlar davomida millatni millat qilib shakllantirgan vosita, uning oʻtmishi va ajdodlarining ezgulik yoʻlidagi pand-nasihatlari, boy ilmiy-maʼnaviy merosi hisoblanadi. Shu kunlarda Fransiyadagi mashhur Luvr muzeyida davom etayotgan milliy koʻrgazma ham xalqimizning noyob tarixiy merosi, betakror madaniyati va anʼanalariga xorijda qiziqish qanchalik yuqori ekanini koʻrsatmoqda. Bunday tarixiy va madaniy boyliklarimizni yoshlarimizga va xorijiy sayyohlarga yanada kengroq tanishtirish, muzeylarni zamon talablariga moslashtirish boʻyicha alohida dastur amalga oshiriladi.
Darhaqiqat, yoshlar allomalarimizning ilmiy-maʼnaviy merosiga, tarixiga murojaat qilishi kerak. Ular tarixga murojaat etsa, koʻproq kitob oʻqisa hamda oʻrgangan ilmiga amal qilsa, albatta, bugungi kundagi global muammolar, mafkuraviy xavf-xatarlar bizga tahdid sola olmaydi.
Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida yoshlar taʼlim-tarbiyasi, kasb-hunar egallash, ona tilimiz va xorijiy tillarni oʻrganish, ishsiz yoshlar bandligini taʼminlash masalalariga alohida urgʻu berildi. Albatta, bu vazifalarni amalga oshirish oson boʻlmaydi. Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, bugun Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ulkan marralarni koʻzlaganmiz. Bunday yuksak maqsad yoʻlida maʼnaviyati butun, tarbiyali, tafakkuri teran, yetuk avlod mamlakatning mustahkam tayanchi, uchar qanotlari boʻlishi zarur.
Dilnozaxon KATTAXONOVA,
Yoshlar ishlari agentligi direktori oʻrinbosari,
siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori