Soʻnggi paytlarda mamlakatimizning davlat tashqi qarzi toʻgʻrisidagi mavzu ijtimoiy tarmoqlar va internet nashrlarda faol muhokama etilayotganini ijobiy baholayman. Mazkur holat, avvalo, xalqimizning siyosiy, iqtisodiy va huquqiy tafakkuri oshayotganini, qolaversa, vatanimiz taqdiriga befarq emasligimizni namoyon etadi.
Bugungi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan xalqimizning nafaqat kelajakda, balki bugun ham yaxshi yashashi uchun sharoit yaratish tamoyili asosida barcha jabhalarda keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Albatta, aholining xayot darajasi, turmush sifatini oshirish, salomatligini saqlash, ish bilan taʼminlash, tadbirkorlik bilan shugʻullanish imkoniyatini kengaytirish maqsadida ijtimoiy infratuzilmalarni takomillashtirish, sanoat korxonalarini ishga tushirish uchun katta miqdordagi sarmoya talab etiladi.
2020-yilning yakuni boʻyicha jami davlat tashqi qarzining 17,5 foizi yoki 3,7 milliard dollar davlat byudjetini qoʻllab-quvvatlashga, 12,4 foizi yoki 2,6 milliard dollar energetika sohasiga, 13,7 foizi yoki 2,9 milliard dollar elektr energetikasi sohasiga, 11,5 foizi yoki 2,4 milliard dollar transport va transport infratuzilmasiga, 11,0 foizi yoki 2,3 milliard dollar uy-joy kommunal xoʻjaligi sohalariga yoʻnaltirilgani fikrimizning tasdigʻidir.
Ayni pandemiya sharoitida talab etiladigan katta mablagʻlarni faqatgina soliq, bojxona va boshqa yigʻimlardan tushadigan mablagʻlar hisobiga shakllantirish murakkab. Odatda toʻlov balansi manfiy, davlat byudjeti taqchilligi mavjud boʻlgan, imkoniyatlar cheklangan holatlarda yirik loyihalarni moliyalashtirish va barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash maqsadida tashqi qarzga murojaat qilish juda keng tarqalgan amaliyotdir. Nafaqat rivojlanayotgan, balki eng rivojlangan mamlakatlar ham oʻz iqtisodiyotini yuksaltirishda uchun tashqi qarz omilidan mohirona foydalanadi. Masalan, tashqi qarz summasi YAIMga nisbatan AQSHda 138 %, Yaponiyada 237 %, Fransiyada 99 %ni tashkil etadi. Hatto AQSHda tashqi qarz xalqaro monetar tizim asosini tashkil etuvchi omildir. Shunday ekan, bugungi globallashgan va moliyaviy resurslar cheklangan zamonda tashqi qarz jalb etish va uni samarali boshqarish mamlakatning eng muhim moliyaviy vositalaridan biri hisoblanadi.
Arzon va uzoq muddatli tashqi qarzdan faqatgina bugungi davr xarajatlarini qoplash uchun emas, balki mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini oshirishga imkon beradigan yirik infratuzilma va sanoat korxonalarini barpo etish uchun foydalanish ertangi taraqqiyot uchun mustahkam poydevor yaratadi.
2021-yil 1-yanvar holatiga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan tashqi qarz 21,1 milliard dollarni, YAIMga nisbatan esa 36,5 foizni tashkil etmoqda. Oʻzbekiston davlat qarzining soʻnggi yillardagi oʻsish surʼati barchamizni biroz tashvishga solayotganday. Lekin tashqi qarzga xizmat koʻrsatish xarajatlarining YAIMga nisbatan 1,7 %ni, davlat tashqi qarzining Oʻzbekistonning xalqaro zaxiralariga nisbati 60 %ni tashkil etishi, keyingi yillarda iqtisodiyotimizning real oʻsishi 5-6 % prognoz etilayotganini inobatga olsak, tashqi qarzni qaytarishda hech qanday muammolar tugʻilmasligi ravshan boʻladi.
Tashqi qarzning barcha mamlakatlar uchun umumiy xatarli boʻlgan maksimal koʻrsatkichini belgilashning imkoniyati mavjud emas. Ushbu koʻrsatkich har bir davlatga nisbatan xususiy yondashuvlar asosida mamlakatning eksportidan tushadigan valyuta mablagʻlari miqdori, mamlakatning oltin va boshqa valyutalardagi zaxiralari kabi koʻrsatkichlarni tahlil qilgan holda tavsiyaviy xarakterda ishlab chiqiladi.
Shunday boʻlsa-da, tashqi qarz umumiy miqdorining keskin ortishi yoki undan samarasiz foydalanish salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa bugungi kunda nafaqat iqtisodiyotimizni izdan chiqarishi, shuningdek, kelgusi avlodga ham tizimli muammolarni vujudga keltirishi mumkin. Aynan shu bois, davlat tashqi qarzi bilan bogʻliq nojoʻya oqibatlarning oldini olish maqsadida hukumat tomonidan bir qator muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, qonun hujjatlari bilan davlat qarzi miqdorining yalpi ichki mahsulotga nisbatini 60 foizdan oshirmaslik qatʼiy belgilab qoʻyildi. Davlat qarzini jalb qilish va ishlatishda shaffoflikni taʼminlash maqsadida davlat qarzi hisobidan moliyalashtirilgan va yakunlangan barcha loyihalar majburiy tartibda Hisob palatasi tomonidan auditdan oʻtkaziladi. Qonunchilik palatasi deputatlari va OAV ishtirokida muhokama qilinib, keng ommaga muntazam ravishda eʼlon qilinishi taʼminlanmoqda.
Shu oʻrinda tashqi qarzni kamaytirish omillariga ham toʻxtalib oʻtsak. Buning uchun mamlakatning ichki qarz miqdorini oshirish hamda kapital bozorini rivojlantirish muhim omildir. Bugungi kunda davlatimizning ichki qarzi 2,2 milliard AQSH dollari boʻlib, jami davlat qarzining 9,2 %ini tashkil etadi. Ichki qarz shakllanishi jarayonida moliyaviy mablagʻlarning mamlakat hududidan chiqib ketmasligi hamda mazkur jarayonda davlatning asosiy investori xalq boʻlishi davlatimizga boʻlgan yuksak ishonchni anglatadi.
Xulosa qilib aytganda, tashqi qarzni samarali boshqarish, ichki qarz va kapital bozorlarini uygʻunlikda rivojlantirish orqali aholimizning hayot darajasi va turmush sifati yuqori, eng rivojlangan mamlakatlar qatoridan oʻrin olishiga erishamiz.
Nodir TILOVOLDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati