Turizm va sport vazirligida oʻtgan uchrashuvda Aziz Abduhakimov mehmonlarni mamlakatning sayyohlik salohiyati, sohani rivojlantirish borasida Hukumat tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar, turistik infratuzilmaga investitsiya kiritish imkoniyatlari haqida maʼlumot berdi.
Mehmonlar pandemiya davrida Oʻzbekistonda turizm biznesini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrilgan choralar, soha ishtirokchilari uchun keng koʻlamli imtiyozlar va kredit-moliyaviy vositalar mamlakatimizda turizm sohasining jadal tiklanishiga turtki bergani ularning alohida diqqatini tortganini taʼkidladi.
Tatariston delegatsiyasi, shuningdek, sayyohlar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan “Uzbekistan. Safetravel GUARANTEED” sanitariya-epidemiologiya xavfsizlik tizimi chora-tadbirlari bilan tanishdi. Mehmonlar Oʻzbekistonning turistik politsiyasini tuzish, uni texnik jihozlash va ularning bajaradigan ishlariga alohida qiziqish bildirdi.
S. Ivanovning fikriga koʻra, Oʻzbekiston sayyohlar tashrif buyuradigan eng xavfsiz mamlakatlardan biri boʻlib, mamlakatning boy sayyohlik salohiyati, koʻplab meʼmoriy yodgorliklari, milliy taomlari, turizm turlari va xizmatlar xilma-xilligi uni dunyoning turistik markazlaridan biriga aylantiradi.
“Soʻnggi bir necha yilda, yaʼni pandemiyaga qadar Oʻzbekiston turistik oqimini juda tez surʼatlarda oshirishga muvaffaq boʻldi va biz uchun bunday tajribani oʻrganish qiziq. Shu bilan birga, turizm qishloqlari, ovullari va mahallalarini yaratish tizimi bizda katta qiziqish uygʻotdi. Bundan tashqari, Oʻzbekistonning turizm politsiyasi faoliyati bilan bogʻliq tajribasini oʻrganishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻydik”, — deydi S.Ivanov.
Tomonlar, shuningdek, Oʻzbekistonda turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimi, jumladan Samarqanddagi “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universiteti faoliyati va turizm sohasidagi xalqaro taʼlim yoʻnalishidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Muzokaralar natijasida Oʻzbekiston va Tatariston oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish, oʻzaro sayyohlar oqimini koʻpaytirishga doir amaliy choralar koʻrish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Shundan soʻng Tatariston Respublikasi Vakolatxonasining Toshkent shahridagi binosida Tataristonning sayyohlik salohiyati taqdimoti va S.Ivanovning Oʻzbekiston sayyohlik biznesi vakillari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston va Tatariston turizm sektori oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tatariston Respublikasi delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi davom etmoqda. Ayni damda mehmonlar Buxoro viloyatining diqqatga sazovor joylari bilan tanishishmoqda, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.