Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot institutining bolalar va oʻsmirlar gigiyenasi laboratoriyasi xodimlari tomonidan poytaxtdagi umumtaʼlim maktablarida mobil telefonlardan koʻp foydalanadigan 11 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan 900 nafar oʻquvchi oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazildi. Natijada ular qanday kasalliklardan aziyat chekishi maʼlum boʻldi.
Tadqiqotning maqsadi zamonaviy raqamli qurilmalar va Internetdan koʻp foydalanish bolalarning kasallanishiga taʼsirini baholashga qaratildi. Statistik maʼlumotlarning tahlili shuni koʻrsatdiki, oʻquvchilar orasida endokrin tizim, ovqatlanish va metabolik kasalliklar bilan bogʻliq shikoyatlarga ega bolalar oʻrtacha 41 foizni tashkil etadi.
Umumiy kasallanishning qiyosiy tahliliga koʻra, raqamli qurilmalardan tez-tez va koʻp foydalanadigan oʻquvchilarida, raqamli qurilmalardan kam yoki umuman foydalanmaydigan oʻquvchilariga nisbatan ruhiy va xatti-harakatlarning buzilishi bilan bogʻliq belgilar koʻproq uchradi. Skrining soʻrovnoma natijalari orqali aniqlandiki tekshirilayotgan bolalar orasida asab tizimi kasalliklarining yuqori darajada tarqalishi kuzatilgan.
Soʻrovnoma natijalariga koʻra bolalar orasida:
- qon aylanish tizimi,
- nafas olish tizimi kasalliklari shovqin va quloq bilan bogʻliq shikoyatlar bor ekanligini aniqlangan.
- Bundan tashqari, raqamli qurilmalardan tez-tez va koʻp foydalanadigan oʻquvchilar
- ovqat hazm qilish tizimidagi muammolardan 1,1 baravar koʻproq shikoyat qilgan.
- Xususan, oʻquvchilarning 31,0 foizi tish ogʻrigʻi va kariyesdan shikoyat qilgan, bu raqamli qurilmalardan kam yoki umuman foydalanmaydigan oʻquvchilariga nisbatan 6,4 foizga koʻpdir.
Raqamli qurilmalardan tez-tez va koʻp foydalanadigan oʻquvchilarda, raqamli qurilmalardan kam yoki umuman foydalanmaydiganlarga nisbatan turli kasalliklarining yuqori darajada tarqalishi kuzatilgan. Bu esa gadjetlar va Internet tarmoqlari bolalar salomatligiga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatishidan darak beradi.
Gadjetlardan foydalanishning salbiy oqibatlari natijasida kelib chiqadigan kasalliklarning oldini olish uchun ota-onalar va bolalar sogʻlom turmush tarzi va gadjetlardan xavfsiz foydalanish boʻyicha profilaktik chora-tadbirlar muntazam olib borilishi lozim.
Bir soʻz bilan aytganda kattalaru kichiklar gadjetlar va Internet tarmoqlaridan haddan ortiq darajada koʻp foydalanish inson salomatligiga taʼsir qilmasdan qolmaydi. Shuning uchun mobil qurilmalardan foydalanishda maʼlum meʼyorga amal qilish foydadan xoli boʻlmaydi.