Temurshunos olim auditoriyasi tashkil etildi

    Tarix bu shunday ilmki, oʻrganganimiz sayin buyuklashib boradi va uni ulugʻlagan insonlarning nomi ham tarixga muhrlanadi.

    Shunday ulugʻ ehtiromga sazovor boʻlgan tarixchilarimizdan biri — taniqli olim, fan arbobi, maʼrifatparvar inson — Hamid Ziyoyevdir. Bu mehribon ustoz, yuksak tajriba va mahorat maktabi egasi umri davomida kuch-gʻayrati, bilimini shu ilmga sarf etdi.

    Boʻlajak tarixchilarga, mazkur yoʻnalishda taʼlim olayotgan talabalarga olimning ibrat maktabini namoyon etish, yosh avlodga fidoiy ziyolilar faoliyatini chuqur oʻrgatish, professorning tarixiy xotirasini abadiylashtirish maqsadida Fargʻona davlat universitetida professor Hamid Ziyoyev auditoriyasi tashkil etildi.

    Shu munosabati bilan olimning farzandi - Oliy Majlis Senati aʼzosi, akademik, “Shuhrat” medali, “Doʻstlik” ordeni sohibi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori – Azamat Ziyo ishtirokida ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda universitet rektori, professor-oʻqituvchilar, tarixchilar, ilmiy tadqiqotchilar, yoshlar, jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

    Aynan shu xonada akademik Azamat Ziyo va talabalar oʻrtasida uchrashuv davom etdi. Bunda kechgan oʻzaro samimiy muloqot, dildan suhbat jarayonlari, yoshlarning qiziquvchan nigohi — Hamid Ziyoyev xotirasi bilan tutashdi. Akademik Azamat Ziyo savollarga batafsil javob berar ekan, yosh tarixchilarga olimning serqirra faoliyatini keng ochib berdi. Suhbat davomida yoshlar senatordan zarur tavsiyalar olish bilan birga, kuchli va matonatli inson farzandi misolida oʻzlari uchun yuqori motivatsiyaga ega boʻldilar.

    Tarix fakultetida tashkil etilgan ushbu auditoriyada Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, tarix fanlari doktori, professor, Markaziy Osiyo tarixi boʻyicha yirik mutaxassis — Hamid Ziyoyevning mehnat faoliyati, hayot yoʻli, ilmiy merosi, zamondoshlari qarashlari, yetishtirgan shogirdlari, doʻstlari haqida keng maʼlumot beruvchi barcha materiallar, fotografiyalar, videolavhalar, elektron manbaalar mavjud.

    Bu maskanda talaba — yoshlar professorning serunum ijodidan bahramand boʻlish barobarida zabardast tarixchining ilmiy qarashlari olamiga kirib boradi.

    Aytish kerakki, Hamid Ziyoyevning koʻp yillik izlanishlarida Markaziy Osiyoning XVI — XX asr boshlarini oʻz ichiga olgan katta tarixiy bosqichini oʻrganish jarayoni asosiy oʻrinni egallaydi. Olim oʻzbek xalqi va mintaqa tarixi boʻyicha yirik asarlarni tayyorlash va nashr ettirish ishiga oʻzining munosib hissasini qoʻshgan. Mohir pedagog yetishtirgan shogirdlar bugun hamdoʻstlik mamlakatlarining barcha nuqtalarida, respublikamizdagi eng nufuzli dargohlarda faoliyat olib bormoqda. Uning tarix oldidagi xizmatlari tahsinga sazovor.

    Yakunda mehmonlar Fargʻona davlat universitetida tarixchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ilmiy maydon uchun hozirlangan sof muhitni alohida eʼtirof etdilar, Tarix fakulteti faoliyati, xususan, Xitoyning Loyan arxeologik tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda ochilgan “Fargʻona — Loyan arxeologik markazi” bilan yaqindan tanishib chiqdilar.