Alalxusus, yer – tirik organizm. Nafas oladi, ekin-tikinni, dov-daraxt, gulu chechakni koʻkartirishga quvvat toʻplaydi. Ajdodlarimiz yerni boqsang, yer elni boqadi, deb bejiz aytishmagan.
YERNI QANDAY BOQSAK, YANADA UNUMDOR BOʻLALI?
Dehqonlar lugʻatida “oriqlagan yer”, “semiz yer” singari iboralar mavjud. Yerni muntazam ravishda ekib boriladigan oʻsimliklar oriqlatadi. Ayniqsa, texnika rivojlanib, sugʻorma yerlar hududi mislsiz surʼatda kengayganidan soʻng oriq yerlar muammosi paydo boʻldi. Ota-bobolarimiz qadimgi davrlarda tuproqni mahalliy oʻgʻitlar bilan toʻyintirgan boʻlsa, haddan ziyod oriq yer bunga-da qanoat qilmay qoʻydi.
Shu asnoda ajdodlar amaliga isloh kiritildi – qishloq xoʻjaligi jabhasiga kimyo kirib keldi. Hozirda zamindorlikni kimyo xizmatsiz, sintetik oʻgʻitlarsiz tasavvur etish mushkul.
Qishloq xoʻjaligi rivojlangan davlatlar, xususan, aholisining soni jihatdan dunyoda birinchi oʻrinda turgan Xitoy misolida qaraydigan boʻlsak, mamlakatda kishi jon boshiga 0,07 gektar haydaladigan, 0,05 gektar sugʻoriladigan yer toʻgʻri keladi. Xitoylik dehqonlar bir milliard toʻrt yuz milliondan ziyodroq aholini boqishi barobarida oʻz mahsulotlarini eksprot qilishda ham jahonda yetakchi oʻrinda turadi.
Yana bir misol. Hindistonning janubiy qismida Kerallo shtati bor yoʻgʻi 38 ming kvadrat kilometr maydonga ega. Bu hududda 40 millionga yaqin aholi yerdan unumli foydalanib keladi, buning evaziga farovon yashaydi. Chunki, tuproq tarkibini muntazam boyitib boradi.
Niderlandiya deyilganda, pishloq tayyorlash texnologiyasi, goʻsht, sut, sabzavot yetishtirish agrotexnologiyasi jihatidan dunyoda salmoqli oʻrin tutadigan mamlakat tushuniladi. Aslida hududiy jihatdan moʻjazgina davlatning 17 million 200 mingdan ortiq aholisi boʻlib, kishi jon boshiga 0,04 gektarga yaqin keladigan ekin maydoniga ega. Ammo, shunga qaramay, bu yurtda yerdan ustalik bilan foydalanish, tuproq unumdorligini orttirib borish evaziga har yili kishi boshiga 180 kilogrammdan ziyodroq goʻsht, shuningdek, 1150 litrdan sut yetishtirilmoqda. Yoki 1,038 million gektar ekin maydoni (uning ham 60 foizi dengiz yaqinida oʻzlashtirilgan yerlar)ga ega boʻlsa-da, yiliga 131 milliard dollarlik qishloq xoʻjalik mahsulotlari ishlab chiqaradi.
Mamlakatimizning ham bu boradagi ichki imkoniyatlari juda katta. Oʻzbekistonda jon boshiga 0,25 gektar haydaladigan, 0,15 gektar sugʻoriladigan ekin maydoni toʻgʻri keladi. Birgina sugʻoriladigan yerlar hisobiga Kerallo shtatidagiga nisbatan 2, Xitoydga qaraganda 2,7-marta koʻp mahsulot olish imkoniyatiga egamiz. Undan oqilona foydalanilsa, aholini bemalol oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlab va kiyintiribgina qolmay, balki katta miqdordagi mahsulotlarni eksport qilish imkonini beradi.
SAMARADORLIKNI OSHIRISHNING IMKONIYAT VA IMTIYOZLARI
Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi 40 yilda dunyodagi barcha ekin maydonlarining uchdan bir qismi tuproq eroziyasi tufayli hosildorlikni yoʻqotgan va shu sababli tashlab ketilgan. Har yili yana 20 million gektar qishloq xoʻjaligi yerlari shu qadar tanazzulga uchragan. Dunyo boʻyicha qariyb 2 milliard gektar yer maydoni yaroqsiz ahvolga kelib qolgan.
Oʻzbekistonda ham Orol halokati oqibatida koʻplab ekologik muammolar, shu jumladan, tuproq shoʻrlanishi, unumdorligi pasayishi kabi masalalar yuzaga keldi. Mamlakatimiz hududining 31,4 million gektari tabiiy shoʻrlanishga, qum koʻchkilari, changli boʻron yoki garmsellar taʼsiriga uchragan qurgʻoqchil va yarim qurgʻoqchil maydonlarga aylangan.
Bundan tashqari, yaqin paytga qadar umummilliy boyligimiz – farovon hayotning asosi hisoblangan yer oʻz holiga tashlab qoʻyilgan, qayerda qancha boʻsh maydon borligi, qanday holda turganligi haqida aniq maʼlumotlar yoʻq edi. Yanada aniqrogʻi, yer bilan 30-yil davomida hech kim bevosita shugʻullanmay qoʻygan edi. Natijada oziq-ovqat mahsulotlari, goʻsht, sut, yogʻning taqchilligi sezilib qoldi.
Soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligi yerlarining unumdorligini oshirish, foydalanishdan chiqqan ekin maydonlarini qayta foydalanishga kiritish, lalmi yerlarni oʻzlashtirish ishlariga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. 2020-2021-yillarda 369 ming gektar yer qayta foydalanishga kiritildi. Suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida davlat tomonidan subsidiya ajratish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Shu bilan birga, yangi issiqxonalar tashkil etish, oziq-ovqat mahsulotlari tannarxining barqarorligini taʼminlash borasidagi ishlar ham oʻzining ijobiy natijalarini beryapti. Oʻtgan yili xorijiy mamlakatlar bozorlariga yangi istiqbolli yoʻnalishlar ochilib, qariyb 1,5 million tonna meva-sabzavot mahsulotlari 65 ta davlatga eksport qilindi. Eksport koʻrsatkichlarida oʻtgan yilga nisbatan dukkakli mahsulotlar 122 foizga, uzum mahsulotlari 142 foizga, sabzavotlar 103 foizga hamda yongʻoq mahsulotlari 1,8 barobarga oʻsdi.
Agrar sohaning muhim tarmogʻi – paxtachilikda olib borilayotgan islohotlar natijasida oʻtgan mavsumda avvalgi yilga nisbatan 422 ming tonna koʻp paxta xomashyosi yetishtirildi. Hosildorlik esa oʻrtacha 6,3 sentnerga oshdi. 7,4 million tonnaga yaqin don xirmoni koʻtarilib, koʻplab fermer xoʻjaliklarining hosildorligi 100 sentnerni tashkil etdi.
Oʻzbekiston sharoitida – tarixda ilk bor qishloq xoʻjaligini yerlari yalpi xatlovdan oʻtkazilmoqda. Bugungi kungacha 23 million gektar qishloq xoʻjalik yerlarining elektron xaritalari yaratilib, geoportal faoliyati izchil yoʻlga qoʻyildi. Bu qishloq xoʻjalik yerlariga oziq-ovqat mahsulotlarini joylashtirish va xavfsizligini taʼminlashda, uning balansini, qaysi qishloq xoʻjalik ekinlarini qanday yerlarga, qancha ekin ekib, qancha mahsulot yetishtirishni rejalashtirishda qoʻl kelyapti.
Pirovardida bu har bir fermer va dehqonni tuproqni eʼzozlashga, unga mehr koʻzi bilan munosabat boʻlishga undaydi. Chunki, yaqin istiqbolda mahsulot yetishtirish tannarxini 30-35 foizga qisqartirish, yer unumdorligini oshirish, jumladan 2022–2025-yillarda paxta hosildorligi 50 sentnerga, boshoqli donni 90 sentnerga yetkazish vazifasi turibdi.
Bu maqsadlarga erishish dastaklari xususida gap borar ekan, Prezidentimizning shu yil 25-mart kuni eʼlon qilingan “Paxta maydonlarida tuproq unumdorligini va hosildorlikni oshirish, sugʻorishning yangi texnologiyalarini joriy etishni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan yaratilayotgan imtiyozlar asqotishi turgan gap. Unga muvofiq, 2022-2023-yillarda 13 ta tumanda sinov tariqasida tuproq unumdorligi va paxta hosildorligini oshirish, ilmiy asoslangan almashlab ekishni va sugʻorishning yangi texnologiyalarini joriy etish hamda oʻsimliklar himoyasi boʻyicha xizmatlarni yoʻlga qoʻyish va zamonaviy laboratoriyalarni barpo etish uchun yerdan foydalanuvchi (jumladan, klaster)larga davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan har bir gektar maydonga 1 million soʻmdan subsidiya ajratiladi.
Paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirganlik uchun soliq imtiyozlari tuproq bonitirovkasi tahlili natijalari boʻyicha uning unumdorligi oshgan yerdan foydalanuvchilarga tatbiq etiladi. Bu imtiyozlar 3 yil muddatga amal qiladi.
MINERALIDAN KOʻRA, ORGANIK OʻGʻIT AFZAL
Tuproqda asosiy ozuqa elementlari (S,N,R,K), mikroelementlar (V,Mg,Mn) va boshqalar mavjud boʻlib, ularni har qanday oʻsimlik oʻzlashtira olish darajasiga yetgandagina yaxshi oʻsadi va rivojlanadi. Hozirgi davr talabi va qoʻllanilayotgan dastaklar samaradorligini tahlillari ham dehqonchilik qilib kelinayotgan yerlarni asosan organik oʻgʻitlar hisobidan toʻyintirish uning unumdorligini yaxshilashning asosiy omili ekanini tasdiqlamoqda. Organik oʻgʻitlar tuproq zarralarini jipslashtiradi va donadorligini vujudga keltiradi. Natijada bir vaqtning oʻzida tuproqqa havo va suv kirishi uchun sharoit yaratiladi va samaradorligi ortadi. Buni Oltiariq, Rishton, Quva, Toshloq tumanlarida yuzaga kelgan dehqonchilik tajribasi yaqqol koʻrsatib turibdi.
Shu oʻrinda mineral oʻgʻitlar samaradorligi qanchalik tushib ketayotganligiga doir misollarni eslab oʻtsak. Hozir dehqonchilikda azotning foydali koyeffitsenti atigi 30 – 40 foizini tashkil etadi. Boshqacha aytganda, paxta dalasiga solinayotgan azotli oʻgʻitlarning 60 – 70 foizini gʻoʻza isteʼmol qilmaydi. Ana shu ortiqcha azot atrof muhitga jiddiy xavf tugʻdiradi. Ayniqsa, gʻoʻza va gʻalla ekilgan maydonlardan katta miqdordagi nitrat azoti kollektor suvlariga qoʻshilib, butun mavjudotga ham zarar keltirmoqda.
Turli tuproq va agrotexnika sharoitlarida oʻtkazilgan dala tajribalarining natijalarini umumlashtirish asosida ekinlar uchun azotning oʻrtacha maqbul meʼyorlarini belgilash mumkin. Gektaridan 30-35 sentner paxta hosil olish rejalashtirilgan maydonlarining har gektariga 140-150 kilogramm azot oʻrtacha meʼyor hisoblanadi.
Fosforli oʻgʻitlarni qoʻllashda ham jiddiy eʼtiborni, ilmiy asosni talab etadi. Keyingi 50 yilda gʻoʻza va boshqa ekinlarni vegetatsiya davri davomida fosforni oʻsimlikning biologik ehtiyojiga nisbatan 5 hatto 6 baravar koʻp berib kelingan. Oqibatda tuproqning 1 metr qatlamida – gektariga 2000 kilogrammdan ziyod zaxiradagi fosfor toʻplanib qolgan maydonlar mavjud. Shunday ekan, bu jihatlarni inobatga olib, qishloq xoʻjalik ekin maydonlariga solinadigan oʻgʻit samaradorligini yangidan oʻrganish asosida fosforli oʻgʻitlarni tabaqalashgan usulda qoʻllashni maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Xorijiy mamlakatlarda ekologik jihatdan tuproqning ahvoli tangligini, unumdorligi yoʻqolib borayotganligini 40 – 50 yil oldinroq anglab yetishdi. Sintetik kimyoviy moddalarni tuproq ekologiyasiga salbiy taʼsirini oʻylamasdan qoʻllash oʻta yomon oqibatlarga olib kelishini tushunib, ahvolni tubdan yaxshilash choralari koʻrildi. Koʻplab mamalakatlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda sintetik oʻgʻitlardan, ayniqsa pestitsidlardan toʻla voz kechilib, “biologik dehqonchilik”ni joriy etildi.
Demak, tuproq unumdorligini tiklash va oshirishga faqat organik moddalar orqali erishish mumkin. Uni organik moddalar bilan toʻyintirishning asosiy manbai beda bilan koʻproq almashlab ekish, takroriy ekin sifatida soya, yeryongʻoq, jaydari noʻxat kabi rezavorlarni yetishtirishdir. Ular tuproqda sof holda 100-120 kilogrammgacha azot qoldiradi.
Maʼlumki, dalalardagi begona oʻtlar ekin turlari boʻyicha 11 foizdan 43 foizgacha, zararkunandalar va kasalliklar 13 foizdan 40 foizgacha hosilga ziyon yetkazadi. Ularning koʻpayishiga yoʻl qoʻymaslik uchun kimyoviy va biologik usullar bilan kurash olib borish ham eʼtibor markazida boʻlishi zarur.
Bu tadbirlarni amalga oshirishda hozirgi kunda “Tuproq klinikasi” mobil laboratoriyalari yaqin koʻmakchiga aylanib boryapti. Maxsus avtomobilga joylashtirilgan ixcham asbob-uskunalar yordamida ekin vegetatsiyasining turli bosqichlarida tuproqning meliorativ holati, ozuqa moddalari bilan toʻyingani va boshqa agrokimyoviy koʻrsatkichlarini dalaning oʻzida aniqlanadi. Ayni paytda bajarilgan kimyoviy tahlillar asosida, ekin parvarishining turli bosqichlarida mineral va organik oʻgʻitlarni samarali qoʻllash, sugʻorish muddati va meʼyorlarini aniq belgilash boʻyicha amaliy tavsiyalar beriladi.
Qishloq xoʻjaligi ekinlarini toʻgʻri almashlab ekish dehqonchilikni yuksak madaniyat bilan yuritishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Uning eng asosiy vazifasi, birinchi navbatda, aholining oziq – ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish boʻlsa, ikkinchi tomondan, tuproq unumdorligini saqlash, begona oʻtlar, qishloq xoʻjaligi zararkunandalari va kasalliklariga qarshi samarali kurashish orqali ekinlar hosilini oshirishdan iborat.
MASʼULIYATLI BURCH, KUNDALIK AMAL
Respublikamiz aholisi dasturxonini toʻkin-sochin qilish, farovon hayot kechirishni taʼminlashning asosiy imkoniyatlaridan yana biri tomorqalardagi yerlar unumdorligini oshira borib, bir mavsumda 3-4 marotaba hosil yetishirishga erishishdir. Bu borada muayyan tajriba bor. Oltiariqlik dehqonlar 10-12 sotix maydonga kamida 20 tonna chirigan goʻng, 400-500 kilogramm superfosfat solib, yerni shudgorlaydi. Buning evaziga bir mavsumda 4-martagacha bodring, makkajoʻxori, turp, pushta ustida sabzi hosili olinadi. Rishon tumanidagi Qayragʻoch qishlogʻi mirishkorlari 10-12 sotix yerdan bir mavsumda kamida 4-5 tonnadan bodring, makkajoʻxori, turp, sholgʻom, uy sahni va koʻcha tomondagi ishkomlardan ham kamida 3 tonna uzum, jami 21 tonnagacha oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirmoqda. Quvaliklar 8-10 sotix yerda olma, nok, behi, anor, oʻrik, gul, terak, qoʻyinki barcha mevali-manzarali koʻchatlarini yetishtirishga katta eʼtibor qaratyapti. Bir dona koʻchatni narxi 6 ming soʻmdan kam emas. Bundan tashqari anor mevasini bir tupidan 30-40 kilogram hosil olib, katta daramod koʻrmoqda.
Bitta oilaga berilgan tomorqa yerini shunday taqsimlash kerakki, unda bir yil davomida yetishtirilgan kartoshka, sabzi, piyoz va boshqa mahsulotlar shu oilani taʼminlabgina qolmay, hatto qishga saqlab qoʻyish, ortganini bozorga olib chiqib sotish uchun ham yetsin.
Prezidentimiz raisligida shu yil 15-aprel kuni oziq-ovqat mahsulotlarini koʻpaytirish orqali bozorlarda narx-navo barqarorligini taʼminlash masalasi muhokama etilgan videoselektor yigʻilishida ham aholi ixtiyoridagi 380 ming gektar tomorqadan unumli foydalanish zarurligi taʼkidlandi. Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga tajribali mirishkorlar ishtirokida aholiga bozorbop ekinlar yetishtirishni oʻrgatish va koʻmaklashish boʻyicha topshiriqlar berildi. Bu tajribani 2,5 mingta mahallada joriy etishi vazifasi qoʻyildi Ayni kunda bu boradagi ishlar Fargʻona viloyatida ham olib borilyapti va bunda olim-mutaxassislarning ilmiy hamda amaliy tajriba-tadqiqotlari qoʻl kelyapti.
Qolaversa, tomorqa xonadonlar dasturxonini toʻkin qilish barobarida qoʻshimcha ish joylariga yoʻl ochadi, farzandlarimizni oʻz peshona teri bilan halol yashashga oʻrgatadi.
Yana shunisi mamnuniyatliki, joriy yilda mamlakatimiz boʻyicha ilgari foydalanishdan chiqqan 135 ming gektar yerni qayta tiklandi. Bu ham qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish uchun muhim manba va qoʻshimcha imkoniyat degani. Endilikda ularda oziq-ovqat mahsulotlarini joylashtirish va qancha mablagʻ evaziga unusdorligi taʼminlangan yerlardan samarali foydalanish vazifasi turibdi. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun respublika byudjetidan 170 milliard soʻm ajratiladi.
Tuproq – odamzotning muqaddas makoni. Barcha modda tuproqda unadi, kamol topadi va yana unga qaytadi. U oftobdan zarra, suvdan qatra olib, rizq-roʻzimiz manbaiga aylanadi. Shunday ekan, uni eʼzozlash va oqilona foydalanish zimmamizdagi masʼuliyatli burch, kundalik vazifayu amalimiz boʻlishi zarur.
Odiljon IBROHIMOV,
Fargʻona politexnika instituti professori,
qishloq xoʻjaligi fanlari doktori